Olma – uning foydasidan bebahra qolma
Olmaning foydali xususiyatlari ko‘pchilikka ma’lum. Yer yuzida eng ko‘p tarqalgan meva turlaridan biri ham aynan olmadir.
Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo mamlakatlari bo‘yicha ushbu mevaning 20 mingdan ortiq navlari mavjud. Ular bir-biridan rangi, shakli, hajmi, mazasi, tarkibi va to‘yintirish darajasi bilan farqlanadi.
100 gramm meva tarkibida 0,4 gr. oqsil, shuncha miqdorda yog‘, 10 gr. uglevod mavjud. Bu ko‘rsatkichlar taxminiy bo‘lib, ular olmaning turi va tusiga qarab farqlanishi mumkin.
Bu mevada foydali klechatkalar, pektin, A, S, V1, V2, V9, RR vitaminlari, kalsiy, kaliy, fosfor, natriy singari moddalar uchraydi. Mikroelementlardan temir, yod, marganets, mis, rux, ftor, kobalt, molibden mavjud.
Yashil olma boshqalariga qaraganda nordonroq bo‘lib, tarkibida shakar moddasi oz miqdorda uchraydi. Shu sabab uning to‘yimlilik darajasi juda past. Ammo, unda qizil olmaga nisbatan temir moddasi ko‘p. Qolaversa, yashil tusdagi olma allergiya chaqirmaydi. Uni diabet bilan og‘rigan bemorlar iste’mol qilishi tavsiya etiladi.
100 gramm qizil olma 45-50 kilokaloriyaga ega. Undan jem, murabbo, mevali salatlar va shirin desert tayyorlash mumkin. Me’da shirasida kislotalik darajasi ortishi bilan aziyat chekuvchi bemorlarga aynan shu turdagi olma tavsiya etiladi. Allergiyaga moyilligi bor insonlar bu rangdagi olmadan iste’mol qilmaganlari ma’qul.
Bu meva tarkibidagi temir moddasi kattalar, bolalar, ayniqsa, homilador ayollar uchun juda foydali sanaladi. Shuningdek, zararli mehnat bilan shug‘ullanuvchi insonlar uchun ham uni ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Chunki, tarkibidagi pektin moddasi toksik (zaharli) moddalarga qarshi maxsus vositadir.
Olmada yod miqdori boshqa mevalarga qaraganda anchayin yuqori. Masalan, apelsin va bananga nisbatan unda yod moddasi 7-10 barobar yuqori. Shu sababli qalqonsimon bez faoliyatini yaxshilash maqsadida ham uni iste’mol qilish ayni muddao.
Qolaversa, u qondagi xolesterin miqdorini tushishiga ko‘maklashadi. Bundan tashqari mazkur meva tarkibida bakteriyalarga qarshi kurashuvchi hamda yallig‘lanishga qarshi moddalar mavjud bo‘lib, me’da-ichak faoliyati muammolari, yo‘g‘on ichakning yallig‘lanishi, dizenteriya (ich ketishi)da tavsiya etiladi. Olmadan tayyorlangan sharbat asablarni tinchlantiruvchi va ruhiy zo‘riqishga qarshi vosita sanaladi. U organizmda moddalar almashinuvini me’yorlashtiradi. O‘t pufagining surunkali yallig‘lanishida ham tavsiya etiladi. Sababi mazkur meva safro haydovchi va peshob haydovchi xususiyatga ega.
Bundan tashqari olma tarkibidagi kaliy yurak tizimi faoliyatini yaxshi ishlashida o‘zining munosib o‘rniga ega. Kalsiy, fosfor va temir moddasi esa qondagi gemoglabinni normallashtiradi. Yana mazkur mevada organizmdagi xiltlarni tozalash xususiyati ham mavjud. U parhez tutayotgan insonlar uchun ajoyib yegulik sanaladi.
Ammo ba’zi insonlarda me’da faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar sabab, ularga olma yeyish tavsiya etilmaydi.
Xurshida HUSENOVA