Tibbiyot yutuqlari va inson salomatligi

Poytaxtimizda surunkali bosh miya qon aylanishi buzilishi bilan bog‘liq kasalliklar diagnostikasi va ularni davolashning samarali texnologiyalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent tibbiyot akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Italiya, Polsha, Avstriya, Janubiy Koreyaning soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, keyingi yillarda aholi orasida surunkali bosh miya qon aylanishi buzilishi tufayli kelib chiqadigan insult xastaligi ko‘payib bormoqda. Bu muammoni bartaraf etish uchun profilaktika va diagnostika tadbirlari ko‘lamini kengaytirish, ilm-fanni yanada rivojlantirish zarur.

Mamlakatimizda jahon tibbiyotining zamonaviy yo‘nalishlaridan biri – angionevrologiya sohasi izchil rivojlanmoqda. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyat bo‘limlari, Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazida bunday xastalikka chalingan bemorlarga o‘z vaqtida malakali yordam ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ikkinchi klinikasining angionevrologiya bo‘limi ham ana shu yo‘nalishda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatayotgan yetakchi tibbiyot muassasalaridan biri sanaladi. Zamonaviy diagnostika va davolash vositalari bilan jihozlangan mazkur bo‘limda har yili qariyb yetti ming nafar fuqaroga konsultativ va mingdan ziyod bemorga davolash yordami ko‘rsatiladi. Jumladan, to‘rt yuzdan ko‘proq bemor yuqori texnologiyalar vositasida, kam invaziv usulda operatsiya qilinadi. Tibbiyot amaliyotiga zamonaviy kompyuter tomografiyasi, angiografiyasi kabi usullarning kirib kelgani kasalliklarni erta aniqlash va davolash sifatini yaxshilashga xizmat qilayotir.

Shu bilan birga inson salomatligiga jiddiy tahdid tug‘diradigan va nogironlikka olib keladigan bunday og‘ir xastaliklar kelib chiqishining oldini olish maqsadida profilaktika va diagnostika chora-tadbirlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Umumiy amaliyot shifokorlari, nevrologlar, kardiologlar, qon-tomir tizimi kasalliklarini davolovchi jarrohlar bu borada izchil ish olib bormoqda.

Anjumanda angionevrologiya yo‘nalishida ilm-fan erishayotgan yutuqlar, bu borada jahon tibbiyotida qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalar, aholining tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirish, bosh miya xastaliklarini barvaqt aniqlash, oldini olish va o‘z vaqtida davolash borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Ilm-fan va jahon tibbiyotining ushbu sohadagi yutuqlari yuzasidan o‘zaro tajriba almashildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A. Alimov ishtirok etdi.

S. OCHILOV

Yana o‘qing:  Kitob – hayot ko‘zgusi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: