Xorijlik shifokorlar yurtimiz hududlarida sog‘lomlashtirish aksiyasida ishtirok etdi
Yurtimizda aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Zero, sog‘lom oila – sog‘lom bola demak. Sog‘lom bola esa millat kelajagi, mamlakat ertasidir. Mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, izchil islohotlar ona va bola salomatligini muhofaza qilish bilan birga, barkamol avlodni voyaga yetkazishda ham muhim omil bo‘lmoqda.
E’tiborlisi, ushbu ezgu ishlarga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Mazkur fond jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, ruhan tetik farzandlarni tarbiyalash, onalik va bolalikni muhofaza qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, oilalarda sog‘lom avlodning tug‘ilishi va tarbiyalanishi uchun yoshlarda yuksak mas’uliyat hissini shakllantirish yo‘lida keng qamrovli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Fond milliy va xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda qator insonparvarlik dasturlari, jumladan, o‘zbekistonlik bolalarni dunyoning eng ilg‘or klinikalarida davolash bo‘yicha loyihalarni hayotga keng tatbiq etib kelmoqda.
Kuni kecha Farg‘ona viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “Farzand tabassumi – oila quvonchi” deb nomlangan xayriya aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston va Turkiya shifokorlari Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida yashovchi yuz sohasidagi tug‘ma va kuyishdan keyingi asoratlar, yuqori lab va qattiq tanglayning tug‘ma nuqsoni bo‘lgan 300 dan ziyod bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ko‘rik natijalariga ko‘ra, 100 dan ziyod bola jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirilishi rejalashtirildi.
– Farzandim Yulduzxonda tana kuyishi asorati bor, – deydi marg‘ilonlik Rasuljon Majidov. – Bugun o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda shifokorlar unga aniq tashxis qo‘yib, jarrohlik amaliyoti bilan sog‘lomlashtirish mumkinligini aytishdi. Bunday g‘amxo‘rlik uchun hukumatimizdan minnatdormiz.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, o‘tgan yili turkiyalik shifokorlar ishtirokida 381 nafar o‘g‘il-qiz chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 109 nafar bemor bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Xuddi shunday aksiya Navoiy viloyatida ham bo‘lib o‘tdi. Unda Janubiy Koreyaning Inxa universiteti gospitali shifokorlari aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Janubiy Koreyaning Inxa universiteti gospitali mutaxassislari hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan tibbiy ko‘riklar aholi salomatligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda. Ikki kun davom etgan tibbiy tekshiruvlarda fondning viloyat hududiy filiali mutaxassislari xorijlik hamkasblari bilan tajriba almashish barobarida, turli xastaliklarni aniqlash, tashxis qo‘yish, davolash va tavsiyalar berishga alohida e’tibor qaratdi.
Inxa universiteti gospitali shifokorlari tashxisi asosida joriy yilda Karmana tumanida yashovchi Mohiniso Sattorova Koreya Respublikasida davolanib qaytdi. 2 nafar bemorga esa Germaniya davlatida davolanish uchun yo‘llanma berildi.
– O‘zbekistonda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat tomonidan aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashga doimiy e’tibor qaratilayotgani tahsinga loyiq, – deydi Janubiy koreyalik shifokor Shin Yong Bak. – Inson salomatligi yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar albatta o‘zining yuksak samaralarini beradi.
Tibbiy ko‘rik davomida aniqlangan kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarga qarshi kurashish yuzasidan aholiga zarur tavsiyalar berildi.
Navro‘z NORBOBOYEV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri