Sara qizlar – oqilayu orasta qizlar
Bugun har jabhada tashabbuskor, ilg‘or, iqtidorli qizlarni rag‘batlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
2011 yilda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan respublikamizdagi ta’lim muassasalari qoshida “Orasta qizlar” to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyatda xotin-qizlar rolini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishdan iboratdir. Shuningdek, to‘garak nafaqat tibbiy, balki g‘oyaviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini ham olib boradi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturiga ko‘ra “Orasta qizlar” to‘garaklari ishini jonlantirish, mahalla qizlarining huquqiy, tibbiy bilimini oshirish, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, kasb-hunarga o‘rgatish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Orasta qizlar” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari o‘rtasida “12 yillik majburiy ta’lim – mening saodatim” shiori ostida “Mahallaning eng orasta qizlari” Respublika anjumani muntazam tashkil etilmoqda. Bu esa yurtimizda qizlar tarbiyasiga alohida e’tibor berilayotganining amaliy tasdig‘idir.
Kuni kecha poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da anjuman doirasida bo‘lib o‘tgan “Mahallaning eng orasta qizlari” ko‘rik-tanlovi ham ayni shu maqsadga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Aytish mumkinki, ushbu bellashuv respublikamizning barcha viloyat va tumanlaridan kelgan bilimdon va eng faol qizlarni o‘z atrofida birlashtirdi.
Tanlovning hududiy bosqichlarida umumta’lim maktablarining 8-9 sinf o‘quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 1-3 bosqichlarida tahsil olayotgan 250 mingdan ortiq qizlar qatnashib, respublika bosqichida ular orasidan saralab olingan 193 nafari 14 ta jamoaga bo‘lingan holda o‘zaro bellashdi.
Tanlov qatnashchilarining chiqishlari 14 ta nominatsiya bo‘yicha baholanib, yakunda har bir ishtirokchi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi, Respublika o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, qizlarga “Orasta qizlar” to‘garagi faoliyatini kuchaytirishda o‘z hududlarida targ‘ibot ishlarini olib borish vazifasi yuklatilgan sertifikatlar topshirildi.
– Dunyoda yuz berayotgan murakkab jarayonlar tufayli millionlab qizlar ta’lim olishdan mahrum bo‘layotgan bir paytda yurtimizda yoshlarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bizning baxtimizdir. Shuning uchun ham chetdan kirib kelayotgan yot g‘oyalarga qarshi kurashib, buyuk ajdodlarga munosib farzand bo‘lishimiz lozim. Zero, biz yoshlar ertaning umidi, kelajakning egalari sifatida go‘zal va muqaddas mamlakatimizning tinchligi va obodligini mustahkamlashga mas’ulmiz, – deydi “Namangan gullari” jamoasi a’zosi Madina Maniyazova.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxonova so‘zga chiqdi.
O‘g‘iloy NE’MATOVA