Anjir – ming dardga davo
Anjir tutdoshlar oilasiga mansub subtropik meva bo‘lib, uning tarkibida 20-24 foiz qand, 0,5-4,2 foiz pektin moddalari, 3-7,4 foiz kletchatka, 0,1foizgacha organik kislotalar, karotin, kalsiy, temir, fosfor kabi mikro va makroelementlar va boshqa moddalar mavjud.
Tarkibidagi kaliy, natriy va oqsil bo‘yicha u yong‘oq va o‘rik bilan raqobatlasha oladi. To‘yintirish darajasi esa go‘shtnikidan aslo kam emas.
Mazkur meva daraxti 150-200 yilgacha yashaydi. Uning bir tupidan 50kg gacha hosil olish mumkin. Anjir bargidan uzum va mevalarni quritishda ishqor sifatida, “suti” esa teri kasalliklari (so‘gal, temiratki), chayon va ari chaqqanda davo maqsadida ishlatiladi.
Qadim-qadimdan anjir tabobatda keng qo‘llanilgan. Uning mevasi qaynoq suv yoki sutda damlab iste’mol qilinsa, yo‘tal, tomoq og‘rig‘ini davolashda yaxshi samara beradi. Mag‘zi esa tana haroratini tushiruvchi va terni haydash xususiyatiga ega. Qora anjir bod kasalida yordam beradi. U echki suti bilan birgalikda qaynatib iste’mol qilinsa, organizmni zararli moddalardan tozalaydi hamda immun tizimini mustahkamlaydi. Bu tansiq meva o‘pka sili, mushaklarning holsizlanishi kabi xastaliklarda ham eng yaxshi davo hisoblanadi.
Ushbu mevada olmaga nisbatan temir moddasi bisyor. Shu sabab kamqonlik bilan og‘rigan bemorlarga anjir iste’mol qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, yurakning tez urishi, bronxial astma(ziqqinafas), ko‘krak og‘rig‘i, o‘pka pardasi yallig‘lanishi(plevrit)da nihoyatda foydali. Quritilgan anjir ich surish xususiyatiga ega. Uning sharbati esa bolalar uchun quvvat bag‘ishlovchi darmondori sanaladi. Mazkur sharbat ishtahani ochib, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi. Bundan tashqari, revmatizm (bod), teri kasalliklari, buyrak va qovuqda toshlar paydo bo‘lganida, jigar hajmi kattalashib, og‘riq berganida anjir sharbatini ichish yaxshi samara beradi.
Anjir moddasining fermenti fitsin fibrinin (qon ivishida hosil bo‘ladigan oqsil modda)ni eritish xossasiga ega. Shu sabab qon tomirlarda tromb hosil bo‘lishiga moyil hamda tromfoblebit kasalligi bilan og‘rigan bemorlarga doimiy ravishda iste’mol qilish tavsiya etiladi. Anjir yurak kasalligiga ham davo. Unda yurak faoliyatini yaxshilaydigan kaliy tuzi mavjud.
Uning bargidan psoberan nomli dorivor vosita tayyorlanadi. Bu malham teridagi oq dog‘lar (vitiligo) hamda boshqa teri kasalliklarini davolashda qo‘llaniladi. Bargidan olinadigan furalen dori vositasi terining zamburug‘li xastaliklari, soch to‘kilishi va oq dog‘larda foyda beradi.
Anjir o‘zida bir qancha ijobiy xususiyatlarni jamlagan bo‘lsa-da, mazkur mevani hammaga ham tavsiya qilib bo‘lmaydi. Xususan, semizlikka moyil insonlar, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar anjirni ko‘p iste’mol qilmaganlari ma’qul. Chunki, uning tarkibida ko‘p miqdorda qand moddasi mavjud. Shuningdek, anjirda ko‘p miqdorda oksalat kislotasi borligi sabab podagra, buyrak-tosh kasalliklarida ham mazkur mevani iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Tarkibida shovul kislotasi sabab me’da-ichak xastaliklari bilan og‘rigan bemorlar ham bu mevani me’yorda tanovul qilganlari ma’qul.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi