Sog‘lom fikrlash sog‘lom hayot asosidir
O‘zbekiston Valeologlar Assotsiatsiyasi raisi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti “Valeologiya” kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Irgashev bilan qilgan suhbatimiz valeologiya sohasi istiqbollari xususida bo‘ldi.
– Shuhrat Boisovich, respublikamizda valeologiya maktabiga asos solgan yirik olim sifatida bu soha haqida kengroq ma’lumot bersangiz.
– Valeologiya – tibbiyotda yangi yo‘nalishdagi fan hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2006 yilning noyabrida tibbiyot ixtisosliklari reestriga kiritildi. Valeologiya faol va sog‘lom hayot kechirishni o‘rgatuvchi, ilmiy jihatdan isbotlangan va o‘ta zarur fan. Shifokorlar aholi o‘rtasida tibbiy madaniyat va o‘z salomatligiga mas’uliyatni shakllantiruvchi mutaxassis sifatida valeologiya fanini o‘rganishlari shart.
Valeologiya lotincha “valeo” – “salomatlik”. “logos” – “ta’lim, ilm-fan” degan ma’noni anglatadi. Valeologlarning asosiy maqsadi inson organizmining salomatligini asrash, avaylash va boshqarishdan iborat. Muhimi, aholining sog‘lom turmush tarzini yaxshilashga hissa qo‘shishdir.
Valeologiya sohasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Avvalo, sog‘lom insonning salomatligini asrash va muhofaza qilish. Ma’lumki, tana tuzilishi anatomik jihatdan o‘xshash bo‘lsa-da, ammo, har bir odam – o‘zga bir olam. Xastalikka chalinish hammada har xil kechadi. Buni e’tiborga olgan holda har bir insonning mijozi, jismoniy va ruhiy holati, fe’l-atvori, yashash va ishlash sharoiti, nimaga qiziqishi, sog‘lig‘i chuqur o‘rganilib, unga individual, ya’ni alohida maslahatlar hamda tavsiyalar berish lozim.
Sog‘lom odamning imkoniyatlarini o‘rganish juda muhim. Deylik, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning biri har jihatdan sog‘lom bo‘lsa, ba’zilari zaifroq bo‘ladi. Bu esa inson hayotida o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shuning uchun ularning salomatlik holatiga qarab kerakli tavsiyalar beriladi. Bu jarayonni “salomatlik darajasi” deb ataymiz. Ayni paytda kafedramiz mutaxassislari shu masalada Markaziy poliklinikalarning birida innovatsion grant asosida ish olib borishmoqda. Valeologlar matematik olimlar bilan hamkorlikda izlanish olib borishmoqda. Ular olib borilgan ishlar natijalarini kompyuter bazasiga kiritib, salomatlik indeksini aniqlash borasida dastur tayyorlashayapti. Bu dasturga har bir odamning ma’lumotlari joylashtiriladi. Demak, u salomatlik indeksi asosida individual sog‘lomlashtirish dasturiga ega bo‘ladi. Endi bu insonga salomatligini saqlash va kasallikning oldini olish yuzasidan maslahatlar beriladi
– Sog‘lom turmush tarzi dasturi insonning ichki imkoniyatlarini yanada kuchaytirishi va uning umrini uzaytirishda ham o‘z samarasini berar ekan-da?
– Albatta. Sog‘lom turmush tarzi to‘rtta alohida dasturdan iborat.
Birinchisi – oqilona ovqatlanish. Har bir kishi kuniga besh mahal, o‘z vaqtida va to‘g‘ri ovqatlanishi shart. Jismoniy harakat hamda kasbiy mehnatni hisobga olgan holda kaloriyali taomlar iste’mol qilishi kerak. Ovqatlanish me’yoriga qat’iy rioya qilish lozim. Agar, qancha kaloriya sarf bo‘lsa va shuncha kaloriya bilan uning o‘rni to‘ldirilmasa, ya’ni, ovqatlanish me’yori buzilsa, odam yo kuchsizlanadi, yoki semirib ketishi mumkin. O‘z vaqtida vitaminlarga va minerallarga boy sifatli taomlar bilan ovqatlangan kishining kayfiyati chog‘, bardam bo‘lib yuradi. Bu uning hayot tarzi, oilasi va kasb-koriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ikkinchisi – jismoniy harakat. Har bir kishi o‘zi uchun jismoniy harakat dasturiga ega bo‘lishi kerak. Organizm holatiga qarab, kimgadir har kuni piyoda yurish, kimgadir suzish tavsiya qilinadi.
Uchinchisi – psixoemotsional salomatlik. Bunda har bir sog‘lom kishi uchun individual antistress dasturdan foydalaniladi. Dasturga asosan har bir odamning his-tuyg‘ulari qattiq nazorat qilinadi. Uning nimadan hayajonlanishi yoki qanday ishlarni bajarsa kamroq stress (ruhiy zo‘riqish) olishi aniqlanadi va bularni e’tiborga olgan holda unga foydali tavsiyalar beriladi.
To‘rtinchisi – reproduktiv va seksual salomatlik. Bu dasturga asosan ayollar homilador bo‘lishidan oldin har tomonlama tekshiriladi. Ularning har birining sog‘ligi e’tiborga olinadi. Farzand ko‘rish fursati, umri mobaynida nechta farzand ko‘rishi mumkinligi haqida tavsiyalar beriladi. Shuni unutmaslik kerakki, oilada er-xotin munosabati, ularning kayfiyati, sog‘ligi – jinsiy hayotning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishiga ham bog‘liq. Bu nozik masala bo‘lgani bois, oilaviy sharoit, mentalitetimiz, axloqiy me’yorlar va boshqa shu kabi muhim jihatlar e’tiborga olinadi.
Bir so‘z bilan aytganda, valeologiya – turli fanlar, masalan biologiya, gigiyena, fiziologiya, psixologiya, ekologiya, falsafa, iqtisodiyot, sport va jismoniy tarbiya fanlari yutuqlarini o‘zida mujassam etgan.
– Shu sababli ham valeologlar safi kengayib borayotgani bejiz emas ekan – da?
– Biz valeologlar savobli ishni amalga oshirish niyatida faoliyat olib boramiz. Biror bir odamni kasallikka chalinishini kutmaymiz. Har bir insonni uzoq yashab, butun umr sog‘lom va baquvvat bo‘lishining tarafdorimiz. Shuning uchun sog‘lom turmush tarzini yaxshilash borasida aholiga keng va samarali tavsiyalar beramiz.
O‘zbekiston Valeologlar Assotsiatsiyasining asosiy maqsadlaridan biri aholini sog‘lomlashtirishda faqatgina tibbiyot xodimlarini emas, balki, odamlar salomatligiga, el-yurt farovonligiga fidoyi bo‘ladigan barcha kishilarni jalb etishdir. Shuning uchun ham uyushma a’zolarining safi kengayib borayapti.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti “Valeologiya” kafedrasi hamda O‘zbekiston Valeologlar Assotsiatsiyasi xodimlari sog‘lom turmush tarzini hayotga tatbiq etishni o‘z burchi deb biladi. Zero, har bir insonning ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom bo‘lishi, nafaqat o‘zining, oila a’zolarining, balki, jamiyatimizning, elu yurtimizning ham ulkan baxtidir!
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Nigora JUMAYEVA suhbatlashdi