Muallim o‘quvchilarga har jabhada o‘rnak bo‘lmog‘i lozim
Har gal o‘quvchilarimni poytaxtimizdagi maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablariga amaliyotga olib borar ekanman, ularga ta’lim-tarbiya jarayonida ustoz va murabbiyning o‘rni naqadar mas’uliyatli ekanini, har bir inson kamolotga erishishi, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishida ular eng yaqin ko‘makchi bo‘lishini uqtiraman. Bobokalonimiz Alisher Navoiy:
Haq yo‘lida kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila.
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin ming ganj ila.
deya ta’kidlaganidek, hamisha ustozga ta’zimda, ularga e’zoz va hurmatda bo‘lish odobini singdiraman. Qolaversa, farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’nan kamol toptirish, ularni kelajakda mustaqil fikrlaydigan yetuk shaxslar etib voyaga yetkazishda tarbiyachining chuqur bilimga ega bo‘lishi, avvalo, o‘zi va yon-atrofdagi voqea-xodisalarga nisbatan hushyor turishi, bolalarni sevishi, har bir jajji o‘g‘il-qizning ruhiy olamiga kira olishi kerakligini ta’kidlayman. Quvonarlisi, bugun yurtimizda tarbiyachilarning bilim olishlari va malakalarini oshirishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, o‘quv amaliyotlari “Ustoz-shogird” an’analariga muvofiq, o‘z vaqtida, tajribali o‘qituvchilar, pedagog-tarbiyachilar tomonidan tashkil etiladi.
Shunday ekan shirintoy bolajonlarimiz har kuni “bog‘cha, maktabga boraman” deb turib olsin. Shirinso‘z, bolajonlar o‘z tarbiyachilari, ustozlarining ko‘rsatayotgan e’tiborlaridan ko‘zlari quvonchga to‘lsin. Buning uchun esa millat kelajagini tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifaga sidqidildan yondashsak bo‘lgani.
Dilfuza NIZOMOVA,
Toshkent pedagogika kolleji o‘qituvchisi