FIBREL TUTQANOQ
yosh bolalarda tana harorati yuqori bo‘lsa fibrel talvasa xuruji sodir bo‘ladi
Quyida nevropatolog Jamshid Saidov bilan bo‘lgan suhbatimiz davomida biz aynan yosh bolalarda uchraydigan yuqori harorat natijasida yuz beradigan fibrel tutqanoq xuruji, uning sabablari va asoratlari hamda davolash jarayoni haqida so‘z yuritamiz.
Qadimdan epilepsiyani xalq orasida “shaytonlash” yoki tutqanoq deb atashgan. Epilepsiya asab tizimining keng tarqalgan kasalliklaridan biri bo‘lib, yiliga 100 ming aholidan 50-70 tasida uchraydi.
Epilepsiya bir necha guruhlarga bo‘linadi. U kattalarga nisbatan bolalarda ko‘proq uchraydi. Chunki, bolaning miyasi hali to‘la rivojlanib ulgurmagan va har qanday ta’sirga, masalan, isitma ko‘tarilishiga nisbatan ham epileptik xuruj qilishi mumkin. Aynan bolaning shamollash yoki boshqa sabablarga ko‘ra ko‘tarilgan tana harorati natijasida yuz bergan epilepsiyaning bu turi tibbiyotda febril tutqanoq xuruji deb ataladi.
– Fibrel tutqanoq xurujining sodir bo‘lishiga nimalar sabab bo‘ladi?
– Fibrel tutqanoq xuruji ko‘pincha besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Bunga sabab shu yoshgacha bo‘lgan bolalarda gemotoensefalik baryer (bosh miya bilan qon tomirlar o‘rtasidagi to‘siq) yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Bunda bolalar gripp yoki shamollaganda issig‘i chiqib ketishi natijasida talvasa xuruji yuz beradi. Fibrel talvasa xuruji kasalligini davolasa bo‘ladi. Agar o‘z vaqtida e’tibor berilmasa epilepsiyaga aylanib ketishi mumkin. Bolalarda bunday holatning kuzatilishiga sabab bo‘ladigan omillarni ko‘p narsadan aniqlash mumkin. Xastalikni keltirib chiqaradigan asosiy sabablardan bolaning boshidan qattiq shikastlanishi yoki tug‘ruq jarayoni og‘ir o‘tgan bo‘lsa, bola miya ichki bosimi oshishi bilan tug‘ilsa, immun tizimi faoliyati past bo‘lsa, qonda kalsiyning miqdori tushib ketsa, tutqanoq xurujini yuzaga keltiradi. Lekin aynan shunday bolalarda bu kasallik kuzatiladi deyish ham noto‘g‘ri. Chunki, ayrim sog‘ bolalarda ham agar tana harorati 40 darajadan oshib ketsa, ularda ham tutqanoq xuruji sodir bo‘ladi. Chunki, ular hali nimjon va kuchsiz bo‘lishadi.
– Bolalarda fibrel tutqanoq xurujiga sabab bo‘ladigan omillar bolaning tashqi ko‘rinishida ko‘zga tashlanadimi?
– Albatta, miya ichki bosimi oshishi bilan tug‘ilgan bolaning boshi doim issiq bo‘ladi. Shu sabab u boshini yerga, muzdek joyga qo‘ygisi keladi. Sal kattaroq bolalar boshining og‘rishidan shikoyat qiladi. Kechqurunlari ko‘p yig‘laydi, injiq bo‘ladi.
– Tutqanoq xuruji boshlangan bolaga birinchi tibbiy yordam qanday ko‘rsatiladi?
– Bolaning talvasa vaqtida og‘zidan ko‘pik chiqadi. Birinchi bo‘lib uning og‘zini tozalash zarur. Shundan so‘ng bola yonbosh qilib yotqiziladi. Bu uni bo‘g‘ilib qolishdan asraydi. Til ildizini bosib turish uchun temir qoshiq yoki silliq va qattiqroq, sinmaydigan biron bir dastak zarur bo‘ladi. Xuruj payti til nafas yo‘lini to‘sib qo‘ymasligi kerak. Bemorning og‘ziga tutqanoq xuruji payti aslo qo‘lni tiqish kerak emas. Chunki, bunday vaqtda jag‘ning chaynov mushaklari shu qadar tortishadiki, bemor qo‘lni uzib olishi ham mumkin. Bundan tashqari bu gigiyena qoidalariga ham zid. Va albatta, “Tez yordam”ni chaqirish maqsadga muvofiq.
– Tashxis qo‘yish va davolash jarayoni qanday kechadi?
– Birinchi navbatda buning sababi aniqlanadi. Bemorning tana harorati ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan omillarni aniqlash zarur. Masalan: pediatr, lor, immunolog, gelmintolog bemorni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishi shart. Bundan tashqari umumiy qon tahlillari tekshiriladi. So‘ngra bemor klinik tekshiruvdan o‘tkaziladi. 1. Qondagi kal’siy miqdorini tekshirish kerak 2. Bosh miyani EEG (elektroensefalografiya) tekshiruvidan o‘tkazish shart. Agar bolaning ahvoli yomon bo‘lsa, shunga qarab shifokor tavsiyasi bilan MRT, kompyuter tomografiyasi qilinadi. Bu tibbiy tekshiruvlar avvalo miyada rostdan ham xuruj o‘choqlari bor yoki yo‘qligini aniqlaydi. Qolaversa, kasallikning turlarini farqlashda va davo usullarini qo‘llashda yaqindan yordam beradi. Bola barcha tekshiruvlardan o‘tgandan so‘ng unga tashxis qo‘yamiz va shunga ko‘ra kerakli dori vositalarini qo‘llashga ruxsat beramiz. Davolash kasallikning turiga qarab bosqichma-bosqich olib boriladi. Bemor olti oy, uch oyda qayta tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Tutqanoq xurujiga qarshi dori vositasini ham to kasallik o‘choqlari yo‘q bo‘lib ketmaguncha doimiy ichib boriladi va qachonki nevropatolog ushbu dori vositalarini ichishni man qilsagina to‘xtatish lozim bo‘ladi.
– Bemor gelmintolog ko‘rigidan ham o‘tish kerak deb aytib o‘tdingiz. Buning sababi nima?
– Gijjalarning qopchali gijja turi mavjud bo‘lib, bu gijjaning tanasi tushib ketsa ham boshi ichakka yopishib qoladi va o‘zidan zahar ishlab chiqara boshlaydi. Bu esa markaziy asab tizimining zaharlanishiga olib keladi. Shuning oqibatida ham tutqanoq xuruji sodir bo‘lishi mumkin.
– Kasallik avj olib ketsa, qanday asoratlarga olib keladi. Bolada qanday ruhiy va jismoniy o‘zgarishlar yuz beradi?
– Miya po‘stlog‘ida joylashgan tutqanoq xurujining o‘choqlari ko‘paya boshlaydi va u doimiy tutqanoq o‘chog‘iga aylanadi. O‘choq oldin miya po‘stlog‘ida joylashgan bo‘lsa, keyin esa miya qobig‘iga o‘tib ketadi. Bu esa epilepsiyani yuzaga keltiradi. Keyin uni davolash qiyin kechadi.
Talvasadan keyingi holatda bolada ruhiy o‘zgarishlar yuz beradi. Bemor bola har tomonlama aqliy va jismoniy rivojlanishdan orqada qoladi.
Mayna HASANOVA suhbatlashdi.