KO‘ZLAR RAVSHANLIGI – OLAM NURAFSHONLIGI

Keksalarimiz duoga qo‘l ochganida “to‘rt muchang sog‘ bo‘lsin”, deya ezgu tilak bildirishadi. Bu bejiz emas, albatta! Zero, “to‘rt mucha”ning sog‘ligi tugal sog‘liqni anglatadi. Agar inson sog‘lom bo‘lsagina uning baxti bekam bo‘ladi.

Tanamizdagi har bir a’zo o‘zining vazifasini bajaradi.

Ular orasida bizni dunyo go‘zalliklaridan bahramand qiluvchi gavhari shamchirog‘imiz –ko‘zlarimiz alohida o‘rin tutadi.

Biz ba’zida ko‘zimizdagi mavjud kasalliklar haqida yetarlicha bilimga ega emasligimiz sabab, uni xavf ostiga qo‘yamiz. Ana shunday holatlardan yiroq bo‘lish maqsadida bugun ko‘z kasalliklari haqida suhbatlashamiz.

Ko‘zlarda qirq yoshdan so‘ng o‘zgarishlar yuz beradi. Biz bunga e’tiborsiz bo‘lmasligimiz lozim. Chunki, bunga qandli diabet, yurak va qon tomiri sklerozi yoki genetik o‘zgarishlar tufayli inson a’zolarining erta qarishi sabab bo‘lishi mumkin. Bunday davrda birorta kishi ko‘zida bo‘ladigan o‘zgarishlardan holi emas. Jumladan, miopiya, katarakta, kon’yuktivit, g‘ilaylik kabi ko‘z kasalliklarining oldini olish uchun ko‘z shifokori ko‘rigidan har olti oyda o‘tib turish kerak. Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi shifokori, oliy toifali shifokor Surayyo Saydig‘aniyeva bolalarda g‘ilaylik xastaligining kelib chiqish sabablari va uning profilaktikasi hamda davolash usullari haqida bizga so‘zlab berdi:

– Ko‘zning g‘ilayligi xastaligiga boshidan lat yeyish, bosh miya xastaliklari, og‘ir kechgan homiladorlikdan keyingi holat, sochning ko‘zga tushib turishi, noto‘g‘ri taqilgan ko‘zoynak sabab bo‘lishi mumkin. Homiladorlikning birinchi oylarida ko‘z mushaklarining noto‘g‘ri rivojlanishi, psixologik kasalliklar yoki bosh jarohatlanishi bolalarda g‘ilaylik kasalligini keltirib chiqarishi mumkin. Nimadandir qattiq qo‘rqish sababli ushbu kasallikning kelib chiqish holatlari hayotda ko‘plab uchraydi. Ko‘z qiri bilan qiya qarash, qizamiq, qizilcha, gripp, difteriya (bo‘g‘ma) kabi infeksion kasalliklar yaxshi davolanmasa ham g‘ilaylikka sabab bo‘lishi mumkin. Uzoqni yoki yaqinni ko‘rolmaslik, astigmatizm, anizometropiya kabi tug‘ma ko‘z kasalliklari sababli ham g‘ilaylik kelib chiqishi ehtimoli bor.

KASALLIKNING OLDINI OLISH

Chaqaloqlarning belanchagi yoniga yorqin rangdagi o‘yinchoqlarni osadigan bo‘lsangiz, albatta uning e’tiborini tortadi va u o‘yinchoqqa uzoq vaqt tikilib qaraydi. Shuning uchun o‘yinchoqni karavotdan 50 sm. uzoqlikda ilish to‘g‘ri bo‘ladi. Agar farzandingizda g‘ilaylik xastaligi aniqlansa, o‘yinchoqlarni karavotning ikki tomoniga osib qo‘ying. Shunda u ha deb to‘g‘riga qarayvermaydi. Mayda o‘yinchoqlarga ham yaqindan tikilish shu kasallikka sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kattaroq hajmdagi o‘yinchoq sotib oling va uni farzandingizga yaqinlashtirmasdan uzoqroqdan qarating.

Yana o‘qing:  Ehtiyotsizlik xastalikka yo‘l ochadi

2 yoshdan 4 yoshgacha bo‘lgan bolalar rasm daftariga yoki kitobga juda yaqin masofadan tikilib chizayotgan, kitob o‘qiyotgan yoki televizor tomosha qilayotgan bo‘lsa, uzoq masofada o‘tirishlarini uqtirish, hattoki, bir muddat televizor tomosha qilishni ta’qiqlab qo‘yish kerak bo‘ladi. Bu yoshdagi bolalarning ko‘rish qobiliyati to‘g‘ri rivojlanishi uchun naqsh ishlash san’ati (mozaika), kaleydoskop, stol ustida futbol, xokkey va badminton o‘yinlari foydali hisoblanadi.

Bolalar A, Ye, S vitaminlariga boy taomlarni ko‘proq iste’mol qilishlariga e’tibor berish kerak. Sabzi sharbatiga lavlagi va bodring sharbatini qo‘shib ichish tavsiya etiladi.

Kattalar uchun qora qarag‘at mevasi yoki bargi (200 gr suvga 5 gr quritilgan bargi) qaynatmasini bir kunda bir necha marta choy o‘rnida ichish tavsiya etiladi.

FITOTOMCHILAR BILAN DAVOLASH

Shivit ko‘katidan ko‘z uchun tomchi dori tayyorlash mumkin. 10 gr shivit kukuniga 200 gr qaynagan suv quyib qo‘yiladi. Tayyor bo‘lgan qaynatmadan bir kunda 2-3 marta ko‘zga 1-2 tomchi tomizish tavsiya etiladi. Undan ko‘z uchun bug‘li vanna sifatida ham foydalanish mumkin.

Ko‘zga asal nihoyatda foydali. Asalli tomchi uchun bir osh qoshiq qaynagan suvga bir choy qoshiq asalning to‘rtdan bir qismi qo‘shib tayyorlanadi. Bir kunda ikki marta 1-2 tomchidan ko‘zga tomiziladi.

KO‘Z GIMNASTIKASI

Eslab qoling, g‘ilaylik kasalligida shifobaxsh giyohlar bilan xalq tabobati usulida davolash shifokor tavsiyasiga qo‘shimcha davo hisoblanadi. Shu jumladan, ko‘z gimnastikasi bilan davolash ham. Ya’ni, quyidagi mashqlarni bajarib yurish bemorlar uchun foydadan holi bo‘lmaydi.

1-mashq. Oftobga teskari turgan holatda, bir tomonga og‘gan ko‘zni ochiq qoldirib, to‘g‘riga qaragan ko‘zni qo‘l bilan berkitiladi. Boshni og‘gan ko‘z tomonga oftob nuri tushirmasdan buriladi. Ushbu harakatlarni kamida 10 marta takrorlash tavsiya etiladi.

2-mashq. Boshingizni orqaga tashlagan holatda burningiz uchiga bir oz vaqt qarab turing. Agar bu mashqni yosh bola bajarayotgan bo‘lsa, “tasavvur qil burningni uchida chivin turibdi”, deb bolangizni qiziqtiring.

3-mashq. Qo‘llaringizni oldinga uzating, keyin ko‘rsatgich barmog‘ingizni galma-galdan burningiz uchiga tekkazing. Nigohingizni qo‘llaringizga qarating. Mazkur mashqni tez-tez va uzoq vaqt takrorlang, toki ko‘zingiz charchab ko‘z yoshi chiqquncha.

Yana o‘qing:  ENTSEFALOPATIYa yoki bosh miyadagi nuqsonlarning sabablari

4-mashq. Qo‘lingizga ko‘rsatgich tayoqchaga o‘xshagan buyumni olib uni oldingizga joylashtiring. Shu buyum yordamida har tomonga betartib harakatlar qilib, ko‘zingizni buyum uchiga qarating.

5-mashq. Kaftingiz bilan ko‘zlaringizni mahkam yoping. Yorug‘lik tushmaganligini tekshirib ko‘ring. Qorong‘ilikda ko‘zingizni ochib turli buyum va narsalar shaklini tasavvuringizda chizing. Masalan: apelsin, gul, ilon, kvadrat va boshqalar.

Yuqorida qayd etilgan muolajalarni 1,5-2 yil muddatda ta’siri sezilmasa, unda jarrohlik yo‘li bilan davolash amalga oshiriladi. Ammo, jarrohlik operatsiyasidan keyin ham ushbu gimnastikani qo‘llash lozim. Gimnastika mashg‘ulotlari ko‘z faoliyatini me’yordagi holatga keltiradi.

G‘ilaylikni operatsiyasiz maxsus ko‘zoynak taqish bilan ham tuzatish mumkin. Faqat shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilish lozim.

M.XO‘JAMURODOVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: