Ishonchnomada muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa…
– Ishonchnoma qancha muddatga beriladi? Ishonchnoma berilgan shaxs istagan vaqtda undan voz kechishi mumkinmi? Ishonchnoma qanday hollarda bekor qilinadi?
Abdulatif YUNUSOV,
Shayxontohur tumani
– O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolik kodeksi”da belgilanganidek, ishonchnoma ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida o‘z kuchini saqlaydi.
Berilgan kuni ko‘rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.
Notarius tomonidan tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida harakatlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan, amal qilish muddati ko‘rsatilmagan ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilingunicha o‘z kuchini saqlaydi.
Ishonchnomaning amal qilishi quyidagi hollarda bekor bo‘ladi:
1) ishonchnoma muddatining tamom bo‘lishi;
2) ishonchnoma bergan shaxsning uni bekor qilishi;
3) ishonchnoma berilgan shaxsning bosh tortishi;
4) nomidan ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to‘xtatilishi;
5) nomiga ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to‘xtatilishi;
6) ishonchnoma bergan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi;
7) ishonchnoma olgan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi.
Ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxs esa – undan voz kechishi mumkin. Bu huquqdan voz kechish haqidagi bitim haqiqiy emas.
Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lganidan keyin ishonchnoma olgan shaxs yoki uning merosxo‘rlari (huquqiy vorislari) darhol ishonchnomani qaytarib berishlari shart.
Savollarga Toshkent shahar, Shayxontohur tumani 2-davlat notarial idorasi notariusi Kamola JO‘RABOYEVA javob berdi.