“Kamolot-tur” yoshlar velomarafoni
Andijonda o‘tkazilgan “Kamolot-tur” IX yoshlar velomarafonining viloyat bosqichida uch yosh toifasi bo‘yicha 220 nafar havaskor sportchi ishtirok etdi.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda yosh avlodning jismonan sog‘lom va har jihatdan barkamol bo‘lib ulg‘ayishi, iqtidor va salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgan velomarafon yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Musobaqada 9-14 yoshli ishtirokchilar o‘rtasida Muzaffar Sobirjonov, 15-17 yoshlilar o‘rtasida Muhammadaziz Turg‘unboyev, 18-30 yoshlilar o‘rtasida Temur Obidov g‘olib chiqib, mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, “Eng faxriy poygachi”, “Eng yosh poygachi”, “Velopoygachilar oilasi”, “Eng mahoratli texnik poygachi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, ular tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
T.ORTIQOVA