Farzandimni to‘rt muchasi salomat dunyoga keltirdim
Ayol zoti uchun bu hayotda eng katta baxt ona degan yuksak nomga, ulug‘ maqomga sazovor bo‘lishdir. Jajji go‘dagingni bag‘ringga bosganingda, uning jannati rayhon isidan go‘yo qalbingga quvonch sizib kirgandek bo‘ladi.
Bundan bir necha oy avval UTT tekshiruvidan so‘ng ilk bor ona bo‘lishim haqidagi xushxabarni eshitganimda, sevinchdan boshim osmonga yetdi. Shifokor o‘shanda o‘zim va tug‘ilajak farzandim salomatligi uchun sog‘lom turmush-tarziga rioya qilib yashashim zarurligini uqtirdi. Shundan so‘ng, doimo oila shifokorining nazoratida bo‘lib, uning ko‘rsatmlariga amal qilishga intildim.
Lekin, homiladorlik jarayoni menda juda qiyin kechdi. Ayniqsa, homiladorlikning beshinchi oyida sog‘ligim yomonlashdi.
Shukurki, yurtimizda mendek onalar baxtiga qo‘li yengil shifokorlar, kasbiga fidoyi hamshiralar bor ekan. Ularning beminnat xizmatlari tufayli menga go‘dagimni sog‘-salomat bag‘rimga bosish nasib etdi. Bunday yuksak baxtga erishishimda, ayniqsa, Andijon viloyat Perinatal markazi 1-doyalik bo‘limi mudiri, professor Sarviniso Ismoilovaning sa’y-harakatlari beqiyos bo‘ldi. Aynan shu insonning to‘g‘ri maslahatlari, o‘z o‘rnida qilgan muolajalari bois, farzandimni to‘rt muchasi salomat dunyoga keltirdim.
Shu fursatdan foydalanib, Sarviniso opa hamda Andijon viloyat Perinatal markazining barcha tibbiyot xodimlariga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Sizlarga Yaratgandan savobli, shu bilan birga, sharafli faoliyatingizda kuch-quvvat tilayman.
Qo‘lingiz aslo dard ko‘rmasin, aziz shifokorlar!
Gulbahor ERGASHEVA,
Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani