TA’LIM AMALIYOTDA YUKSALADI
Yurtimiz ko‘chalarini to‘ldirib qatnayotgan avtomobillar ko‘zimizni quvontiradi. Biri-biridan chiroyli avtomashinalarni ko‘rib havas qilamiz. Avtoulovni faqatgina boshqarish emas, balki uni texnik jihatdan ta’mirlay bilish ham foydadan holi bo‘lmaydi. Samarqand viloyatidagi Jomboy kasb-hunar kollejida ana shunday mutaxassislar tayyorlanadi.
Mazkur bilim maskanida transportlarda tashish va boshqarishni tashkil etish texnigi, tikuv va tikuv-trikotaj buyumlarini ishlab chiqarish texnologi, hisobchi, kompyuter va kompyuter tarmoqlarini ta’mirlash va sozlash bo‘yicha texnik, avtomobil elektr va elektron jihozlari diagnostikasi texnigi, avtomobillarni yig‘ish va sinash bo‘yicha texnik-mexanik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha texnik-mexanik kabi 7 ta mutaxassislik bo‘yicha 1000 nafardan ziyod yosh mutaxassislar bilim oladi. Ularga 78 nafar pedagog-xodim zamonaviy pedagogik-texnologiyalar asosida bilim berib kelmoqda.
2011-2012 o‘quv yilida mazkur kollejni 333 nafar bitiruvchi tamomlab, shulardan 303 nafari ish bilan ta’minlandi. Ularning aksariyati Jomboy tumanidagi “JV MAN Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ish faoliyatini olib borishmoqda. Qolgan 30 nafari esa respublikamiz oliy o‘quv yurtlarida tahsilni davom ettirmoqda.
Bilim maskanida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida kollejning tarbiyaviy ish rejasi tuzilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilar o‘rtasida axloqiy, ma’naviy dunyoqarashni shakllantirish, komil inson, barkamol shaxsni voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan. O‘quvchilarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida ko‘plab fan, kasb-hunar va sport to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda.
2012 yilda o‘tkazilgan “Kitoblar festivali”dan keyin kollejning Axborot- resurs markazi 347 dona badiiy-ommabop adabiyotlar bilan boyitildi.
JISMONIY TARBIYa – SALOMATLIK DARSI
E’tiborlisi shundaki, bilim maskanida tashkil etilgan sport to‘garaklariga mahalla yoshlari ham jalb etilgan. Bu albatta yoshlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash bilan birga sportning rivojlanishiga ham xizmat qilmoqda.
Sport barchani tani sihatlik, sog‘lom fikrlash, ma’naviy barkamollikka yetaklovchi omillardan biri ekanini to‘g‘ri anglagan kollej jamoasi ana shunday ezgu ishlarni amalga oshirib kelishmoqda. “Obod turmush yili”da ham yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularning chuqur bilimga ega bo‘lishlari, o‘zlari tanlagan kasbni astoydil egallashlari yo‘lida pedagoglar jamoasi samarali ish olib bormoqdalar.
Yoshlarning vatanparvar, ota-onasi, yaqinlariga sadoqatli inson bo‘lib voyaga yetishlarida oilaning, qolaversa, ular ta’lim olayotgan o‘quv maskani jamoasining ham o‘ziga xos o‘rni bor. Negaki, ular ko‘p vaqtini ta’lim maskanida o‘tkazishadi. Ba’zan o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ko‘cha-ko‘yda bekor yurgan bolalarni uchratamiz. Ular bo‘sh vaqtida biror bir hunar yoki chet tillarini o‘rganish, sport bilan shug‘ullanish o‘rniga turli salbiy illatlarga “oshno” tutinganining guvohiga aylanamiz.
Ana shularni hisobga olgan holda kollej pedagogik jamoasida voyaga yetmagan yoshlarni giyohvandlik, chekish, OIV va OITSning zararidan ogohlantirish, diniy aqidaparastlik va turli oqimlar ta’siridan himoya qilish maqsadida darslardan tashqari tashkil etilgan fan va sport to‘garaklariga jami 500 nafardan ziyod o‘quvchi jalb etilgan. O‘quv maskanida Jomboy tuman prokuraturasi, tuman hokimligi qoshidagi Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi, tuman IIB xodimlari, uchastka nozirlari bilan hamkorlikda darslarga muntazam qatnashmayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlar o‘tkazib, tushuntirish ishlarini amalga oshirib kelmoqdalar.
2013 – “Obod turmush yili”da bilim maskani pedagog jamoasi bu boradagi ishlarni yanada kengaytirib, yoshlarni ma’nan va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari yo‘lida o‘z bilimlarini ayamaydilar.
Faxriddin NURMUHAMMEDOV,
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
Samarqand viloyati