DUNYONING BIRINCHI RAQAMLI FORTEPIANOCHISI

Yurtimiz tom ma`noda iste`dodlar makoni. Bugun butun dunyo iste`dodli yosh musiqachi Behzod Abduraimov misolida bunga yana bir bora amin bo‘lmoqda.

Behzod Abduraimov 2009-yil 18-28 aprel kunlari Londondagi Qirollik saroyi festivallar zalida o‘tkazilgan pianinochilarning VII xalqaro tanlovida g‘olib bo‘lib, o‘z iqtidori bilan barchani lol qoldirdi. Dunyoning 16 mamlakatidan 100dan ziyod ko‘zga ko‘ringan fortepyano ustalari ishtirok etgan mazkur tanlovda Behzod mutaxassislar e`tirofi va e`tiboriga sazovor bo‘ldi. Uning chiqishini tomosha qilgan angliyalik yozuvchi, jurnalist Maykl Rimmer u haqda shunday degan edi:

– Behzod favqulodda iste`dodli. Uning kelajagi porloq. Musiqachining Londondagi ulkan yutug‘i mehnatsevarligi va tirishqoqligidandir. Behzodda maqsadga erishishning ikki muhim jihat mujassam: bu – intizom va qat`iyat.

Tanlovda Behzod dasturning birinchi bo‘limidagi ijrosidayoq tomoshabinlarni lol qoldirdi. Ko‘pchilik uning tanlovda g‘olib bo‘lish imkoniyati yuqori ekanligini e`tirof etdi. Yaqin kelajakka nazar tashlagan londonlik klassik musiqa muxlislari o‘zbekistonlik pianinochilarning yana ko‘pdan-ko‘p g‘alabalari shohidi bo‘lishga umid bildirishmoqda.

Yosh musiqachimiz Yaponiya, Italiya (2001, 2003), Xitoy (2002), AQSH (2006) va yana ko‘plab dunyoning riojlangan davlatlarida o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lib o‘ziga nisbatan bildirilgan ishonch va e`tiroflarning bejizga emasligini isbotlamoqda.

V. Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi talabasi bo‘lgan Behzod Abduraimov litsey o‘quvchilari o‘rtasida birinchi bo‘lib Prezident stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabadir. Bundan tashqari 2005-yilda “Kelajak ovozi”, 2008- yilda pianinochilarning xalqaro “Korpus Krist” va “Lennoks” tanlovlarida mutlaq g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Mukofot va e`tibordan ruhlangan qahramonimiz shundan so‘ng yosh iste`dod sohiblari uchun eng katta mukofotlardan biri bo‘lgan “Nihol” Davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi. Ketma-ket muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritib kelayotgan Behzod ustozi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Tamara Popovich bilan maslahatlashib chet elning nufuzli musiqa maktablariga imtihon topshiradi.

– Esimda o‘sha paytlarda Tamara opa mening oldimga kelib men Behzodga o‘zimdagi bor narsani o‘rgatib bo‘ldim. Endigi tahsilni u Nyu-York yoki Londonda davom ettirishi kerak degandi, – deydi Behzodning onasi Gulsun Abdullayeva. – Imtihonning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan Behzodni Yevropaning qator rivojlangan davlatlari musiqa maktablari o‘zlarida o‘qish uchun taklif qila boshlashdi. Ammo biz maslahatlashib AQSHning Kanzas shahridagi Park xalqaro musiqa universitetini tanladik.

Яна ўқинг:  ДУНЁ РАНГЛАР ОҒУШИДА

Ayni paytda ushbu musiqa universitetida tahsil olayotgan iste`dodli musiqachi o‘zining intiluvchanligi bilan ustozlari va tengdoshlarining mehrini qozongan.

Shu kungacha Behzod Abduraimov jahonning ko‘plab mamlakatlarida o‘zining konsert dasturlarini namoyish etdi. Singapurning eng katta saroylaridan biri hisoblangan “Esplanada”da Singapur simfonik orkestri bilan birgalikda tashkil etilgan navbatdagi konsert dasturidan so‘ng uning kelajakda buyuk musiqachi bo‘lib yetishishiga ko‘pchilik yana bir karra amin bo‘ldi.

Vladimir ASHKENAZI, Sidney simfonik orkestri dirijyori (Avstraliya): – Men ko‘plab xalqaro tanlovlar g‘oliblari bilan musiqa chalganman. Lekin hech qachon Behzod ijrosi darajasidagidek qoniqish hosil qilmaganman. Kelajakda ham Behzodni hozirgidek kamtarin bo‘lib qolishini istayman. Men Behzod kamolga yetgan mamlakat O‘zbekistonga va uni tarbiyalagan ustozlariga minnatdorchilik bildiraman.

Muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan yosh iste`dod sohibi haqida bugun Yevropaning qator OAV nashrlari tinmay gapirib kelishmoqda. Quyida Behzod haqidagi ba`zi bir fikrlarga e`tiboringizni qaratmoqchiman.

“The West Australian”, (Avstraliya):

– Behzod bor-yo‘g‘i 22 yoshga kirdi. Ammo u o‘tgan davr mobaynida ko‘plab ko‘zga ko‘rinadigan yutuqlarga erishdi. Unga haqiqiy bahoni tomoshabinlar berishdi. Konsert tugaganidan keyin qarsaklar ancha vaqtgacha tinmadi.

“The Kansas City Star”, (AQSH):

– Behzod shubhasiz musiqa san`atining cho‘qqisiga chiqib bormoqda. Uning o‘z ishiga hissiyot bilan yondashishi kishida zavq uyg‘otadi.

“Ottawa Citizen”, (Kanada):

– Behzodning chiqishi juda ham ajoyib bo‘ldi! Unda hech kimga o‘xshamagan musiqiy texnika bor. Va bularning hammasini zamirida katta mehnat yotganini ta`kidlash zarur. Bir fikrga e`tiboringizni qaratmoqchiman: bu hali boshlanishi!

“The Independent”, (Buyuk Britaniya):

– O‘zbekistonlik bu yigitning san`atkorlik mahorati yuksak darajada. Bu esa o‘zini tinglayotgan odamlarning diqqatini faqat musiqaga qaratishga undaydi. Hamma u haqda “ikkinchi Xorovits bo‘la oladimi?” deb gapiryapti. Unda buning uchun zarur bo‘lgan hamma jihatlar mavjud.

– Tomoshabinlar ancha paytgacha bu 22 yoshli o‘zbek yigitini eslab qolishiga ishonaman. U sahnaga chiqqanida o‘ziga ishonishi yaqqol ko‘rinib turadi. Fortepyano chalish jarayonida o‘zining yengil texnikasini namoyish etadi.

Behzod singari istiqlolimiz iste`dodlarini ko‘rib Prezidentimizning so‘zlari yodimga tushadi: “Bular – mustaqillik farzandlari, mening nabiralarimdir. Biz ekkan istiqlol nihollari bugun azim daraxtlarga aylandi. Ular ko‘zni quvontirib, mana shunday ajoyib hosil bera boshladi. Bularning tolei, baxtu iqboli hali oldinda. Ona O‘zbekistonimiz kabi farzandlarimizning ham kelajagi buyukdir”.

Яна ўқинг:  Liboslar ko`rki

Farhod TOLIPOV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: