EZGULIKKA KAMARBASTAMIZ
Davlatimiz tomonidan xalqimiz salomatligi va aholi o‘rtasida ijtimoiy masalalarga oid ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish borasida keng ko‘lamdagi vazifalarni bajarishda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining ham alohida o‘rni bor. Jamg‘armaning Toshkent viloyati mintaqaviy filiali va uning 13 ta tayanch maskanlari o‘z rejalari asosida hukumatimiz tomonidan qo‘yilayotgan vazifalarni ado etish yuzasidan bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyat olib borayotir.
Mazkur faoliyatni yuritish uchun jamg‘arma xodimlari bevosita aholi istiqomat qilayotgan joylarga, shu jumladan chekka hududlardagi qishloqlarga, mahallalarga, shuningdek, bolalar va o‘smirlarni ko‘rikdan o‘tkazish uchun maktablar, litsey va kollejlarga, “Mehribonlik” uylariga, “Saxovat” uylariga borib, tibbiy-tekshiruv o‘tkazdilar. Bunda jamg‘arma qoshida faoliyat yuritayotgan tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi alohida o‘rin tutadi. Uning terapevt, pediatr, ginekolog va ultratovush tekshiruvi shifokorlari, tibbiy-ijtimoiy xodim va laborantlardan iborat jamoasi rejalashtirilgan hududlarga borib, bevosita aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularga mutaxassis maslahatlarini berdilar. Aniqlangan kasalliklar, tug‘ma nuqsonlar haqida tumandagi tibbiyot tashkilotlarini boxabar qilish bilan birga, bemorlarga bepul dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari tarqatildi.
Onalik va bolalikni muhofaza etish doirasida bolalar va fertil yoshidagi ayollarda temir moddasi, foli kislotasi, yod tanqisligining oldini olish maqsadida “Feosol” preparati, tarkibida foli kislotasi bo‘lgan “Folik” preparati qalqonsimon bez kattalashuvi va kamqonlik bilan kasallanganlarga tarqatildi.
Muruvvat va xayriya yordamlari dasturi doirasida tibbiy-ijtimoiy patronaj xodimlari Toshkent viloyati, tuman va shaharlarining chekka hududlariga tashrif buyurishib, bu yerlarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, “Mehribonlik” uylari bolalariga, o‘z xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolariga jamg‘arma tomonidan dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari, sanitariya-gigiyena vositalari xayriya yordami sifatida ulashildi.
Shuningdek, viloyatdagi tibbiy muassasalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga, Toshkent viloyati Endokrinologiya dispanseriga, Viloyat silga qarshi kurash dispanseriga dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari, steril qo‘lqoplar, Bekobod tuman tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limiga, Toshkent viloyati Narkologiya dispanseriga hamda 1-sonli Bolalar sil kasalliklari sihatgohiga tibbiyot anjomlari xayriya sifatida berildi.
Ma’lumki, yosh avlodni ma’nan va jismonan yetuk qilib tarbiyalash ustuvor vazifalardan sanaladi. Shularni nazarda tutgan holda jamg‘armamiz xodimlari ham tuman va shahar umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi salomatlik burchagi” ko‘rik-tanlovida 14-15-sonli “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Kamalak jilosi” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida, “Maftunkor ranglar olami”, “Yer kurrasida tinchlik” mavzusida rasmlar ko‘rik-tanlovida faol qatnashgan ishtirokchi va g‘oliblar rag‘batlantirilib, esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandilar.
Mamlakatimiz, xalqimiz kelajagi yoshlar qo‘lida. Demakki, yurtimiz taraqqiyoti ularni ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liq. Shunday ekan, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining olib borayotgan xayrli ishlari ham shu ulug‘ maqsad sari yo‘naltirilgan va jamoamiz xodimlari bu boradagi sa’y-harakatlarni aslo susaytirmaydilar.
R. ABDURAZZOQOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Toshkent viloyati mintaqaviy filiali mutaxassisi