Sil kasalligidan muhofazalashda – qonunchilik

Respublika tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimizda sog‘liqni saqlashning milliy modeli vujudga keldi. Bu o‘z navbatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining oshishiga va aholi salomatligi ko‘rsatkichlari hamda turmushining yaxshilanishiga imkon bermoqda. Shu ma’noda, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga doir chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi tufayli aholi salomatligini saqlashning mustahkam normativ-huquqiy asosi shakllandi. Tibbiy xizmat ko‘rsatishning yaxlit tashkiliy tuzilmasi yaratildi. Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Silning oldini olish va uni davolashga doir qonun hujjatlarining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Ushbu qonun loyihasining mazmun-mohiyati va unga kiritilayotgan o‘zgarishlardan xabardor bo‘lish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Olim O‘sarov bilan suhbatlashdik.

 

– Ma’lumki, bugungi kunda sil kasalligiga qarshi kurashish butun dunyoda tibbiy-ijtimoiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Sizningcha, ushbu qonun loyihasi mavjud muammolarni bartaraf etish va kasallikning oldini olishda qanday ahamiyat kasb etadi?

– Albatta, ushbu xastalikka qarshi kurashish bugun keng jamoatchilikning oldida turgan dolzarb vazifaga aylanmoqda. Xususan, 2001 yil 11 mayda “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi ushbu kasallikning oldini olish va davolash kabi munosabatlarni tartibga solishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 5 martdagi 62-sonli “2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligini kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan joylarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi chora-tadbirlar, ijtimoiy ahamiyatga ega turli loyihalar bemorlar salomatligini yaxshilash va kasallikni o‘z vaqtida aniqlash, oldini olish imkoniyatini oshirmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, 2009 yilda sil kasalligiga chalingan 9,4 million nafar kishi aniqlangan bo‘lsa, shundan 1,6 million nafari olamdan o‘tgan. Ayni paytda mamlakatimizda sil bo‘yicha epidemiologik ko‘rsatkichlar Markaziy Osiyo va MDH davlatlaridagiga nisbatan 1,5 marta kam bo‘lishiga qaramay, silga qarshi kurashish xizmatlari bilan bog‘liq ayrim muammolar hamon uchrab turibdi. Ularni o‘z vaqtida hal etish Fuqarolik-protsessual kodeksi hamda “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni talab etmoqda. Albatta, mazkur qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bemorlar va tibbiyot xodimlarining huquqiy muhofaza qilinishini kuchaytirish hamda xavfli kasallik bilan kurashishda xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishni qamrab oladi.

Yana o‘qing:  XABARLAR, YANGILIKLAR, VOQEALAR

E’tirof etish kerak, hozirgi vaqtda sog‘liqni saqlash muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, sohaga yuqori malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash va ular mehnatini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha butunlay yangicha tizim tashkil etildi. Bu ishlarning amaldagi ifodasini 2011 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar yuzasidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish va unda sifat o‘zgarishlarini ta’minlashga doir parlament eshituvi misolida ham ko‘rish mumkin. “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashning ahvoli, muammolar va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi O‘zbekiston Republikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining hisobotidan kelib chiqib qabul qilingan Qonunchilik palatasi Qarorida hukumat oldiga sil kasalligidan muhofaza qilish yo‘nalishidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan ko‘pgina vazifalar qo‘yilgan edi. Bu o‘z navbatida aholi sog‘ligini mustahkamlash yo‘lidagi qonun hujjatlari mustahkamlanishiga turtki bo‘ldi, desam xato bo‘lmaydi.

– Bilishimizcha, ushbu qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksi hamda “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu kabi zaruratning yuzaga kelishida qanday omillar sabab bo‘lmoqda?

– Birinchidan, qonun qabul qilingandan buyon o‘tgan 10 yil davomida sil kasalligining epidemiologiyasi va klinik ko‘rinishlarida keskin o‘zgarishlar namoyon bo‘ldi. Sil tayoqchasining unga qarshi dorilarga nisbatan turg‘unligi jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bunday bemorlarni davolash samaradorligi ham past. Aytish joizki, silning turg‘un turlari va bu kasallikning OITS bilan birga kechish ehtimoli sezilmoqda.

Ikkinchidan, mazkur kasallik birinchi marta aniqlangan bemorlar orasida o‘zboshimchalik bilan davolanishni to‘xtatib qo‘yganlar 12 foizga yetgan. Agar ularda majburiy davolash tartibi o‘tkazilmasa, jamiyat hayotiga katta zarar keltiradigan epidemiologik xavfni yuzaga keltirishlari mumkin.

Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatdiki, aksariyat davlatlarda sil bo‘yicha sanitariya-epidemiologik rejimni buzgan yoki atayin davolanishdan bosh tortuvchilar sud qaroriga asosan maxsus muassasalarga joylashtiriladi.

Uchinchidan, amaldagi qonunda silga qarshi muassasada majburiy davolanadigan bemorlarning huquqlarini tartibga soluvchi normalar o‘z aksini topmagan. Yuqoridagi sabablar o‘rganib chiqilib, Fuqarolik-protsessual kodeksi “Silga qarshi muassasaning ixtisoslashtirilgan bo‘limiga majburiy tartibda yotqizish” nomli 332-bob bilan to‘ldirilmoqda, unda silga qarshi muassasaning ixtisoslashtirilgan bo‘limiga majburiy tartibda yotqizish yoki davolanish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etish tartibi, arizani ko‘rib chiqish kabi masalalarni hal etish nazarda tutilgan. Shuningdek, “Aholini sildan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun yangi mazmundagi 91-va 92-moddalar, ya’ni silning yuqumli shakllari bilan kasallangan bemorlarni majburiy davolash tartiblari va muddatlari bilan to‘ldirilmoqda.

Yana o‘qing:  Maktabgacha ta’lim tizimiga yangicha boshqaruv tamoyillarini kiritish kerakmi?

Ishonamizki, kelajakda qonun loyihasining qabul qilinishi sil kasalligi bo‘yicha epidemiologik holatning yaxshilanishi hamda unga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Namoz TOLIPOV suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: