Islom Karimov hamisha xalqimiz yuragida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosida mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan marosim davom etdi. 5 sentyabr kuni vazirlik va idoralar, korxona va tashkilotlar, mahallalar, ta’lim muassasalari jamoalari, jamoatchilik vakillarining qadami uzilmadi.
Bu yerga keluvchilar Senat binosiga o‘rnatilgan Prezidentimizning portreti oldida bosh egib, poyiga gullar qo‘ydi. Turnaqator bo‘lib tizilgan odamlar yuz-ko‘zida, nigohida o‘z rahnamosiga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat, yuksak hurmat-ehtirom bilan birga og‘ir yo‘qotish tufayli chuqur qayg‘u va achchiq ko‘z yoshlar…
– Prezidentimiz Islom Karimov xalqimizni nafaqat mustaqillikka olib chiqdi, balki uni mustahkamlash yo‘lida butun borlig‘ini baxshida qildi, – deydi poytaxtimizning Olmazor tumani Qoraqamish dahasida istiqomat qiluvchi Abdumo‘min Karimov. – Yoshim to‘qsonga yaqinlashdi, lekin bunday xalqparvar, dono va dovyurak rahbarni ko‘rmaganman. Sobiq tuzum davrida vayron bo‘lgan qadamjolar Yurtboshimiz rahnamoligida qayta tiklandi. Dinu diyonatimiz o‘zimizga qaytdi. Bunday savobli ishlari bilan Islom Karimov hayotligidayoq o‘ziga boqiy haykal o‘rnatgandi. U kishini nafaqat biz, balki necha asrlar davomida avlodlarimiz ham yuksak ehtirom bilan xotirasida saqlaydi.
– Mustaqillik tufayli xalqimiz o‘zligini topdi, dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi, – deydi Shayxontohur tumani Ko‘kcha darvoza mahallasida yashovchi Bonu Rahimova. – Bugun bayrog‘imiz xalqaro maydonda, jahon arenalarida hilpiraganda ko‘ksimiz g‘ururga to‘ladi. Bularning barida dono davlat rahbarimiz Islom Karimovning xizmatlari beqiyos. Hozir yuraklarimizda shunday cheksiz qayg‘u borki, bularni so‘z bilan ifoda etish qiyin.
– Prezidentimiz Islom Karimov xalqimizning har bir vakilini chin yurakdan yaxshi ko‘rardi, – deydi yunusobodlik Lyudmila Protsenko. – Buni his qilganmiz, biz ham uni doim yaxshi ko‘rganmiz, qadrlaganmiz. Ayniqsa, millatlararo totuvlik muhitini yaratgani, bu masalaga yuksak darajada doim e’tibor qaratgani mamlakatimizda tinchlik, osudalik, hamjihatlikni mustahkamladi. Yuzdan ziyod millatni bir bayroq ostiga birlashtirdi, bir maqsad sari boshladi. Bu borada Islom Karimov boshlab bergan xayrli an’analarni davom ettirish, ularning “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” degan da’vatini avlodlardan-avlodlarga yetkazish bizning burchimiz.
– Prezidentimiz O‘zbekistonni dunyoda tenglar ichra teng qilish bilan birga, bu tabarruk zaminda istiqomat qilayotgan barcha elu elatlarni birdek qadrladi, e’zozladi, – deydi Qoraqalpog‘iston xalq artisti Kengesboy Serjanov. – Xususan, qoraqalpoq xalqiga e’tibori bo‘lakcha edi. Og‘ir global ekologik muammolar girdobida qolgan bu tuproq istiqlol tufayli e’tibor topdi, gullab-yashnadi. U yerda tug‘ilib o‘sgan iste’dodlar jahon sahnalariga, sport arenalariga chiqdi. Bu yo‘lda qilingan xayrli ishlari hech qachon unutilmaydi, asrlar osha yashaydi.
– Yurtboshimiz har bir o‘g‘il-qizga otalarcha mehr-e’tibor ko‘rsatgani, ularga dunyoda tengi yo‘q shart-sharoitlarni yaratib bergani tarix zarvaraqlariga mangu muhrlanadi, – deydi Uchtepa tumanidagi 251-maktabning tarix o‘qituvchisi Muhayyo Pirmatova. – Chunki mustaqilligimizning yigirma besh yili davomida bu yo‘lda qo‘yilgan mustahkam poydevor yillar o‘tgani sari o‘z samarasini beraveradi. Farzandlarimiz xalqaro fan olimpiadalari, olimpiada o‘yinlarida o‘nlab medallarni qo‘lga kiritmoqda, bu muvaffaqiyatlarimizning salmog‘i bundan keyin yanada oshib boraveradi. Xalqimizning nafaqat bugungi, balki kelajakda erishajak g‘alabalari ham Islom Karimov nomi bilan bog‘liq bo‘ladi.
– Prezidentimiz bizga doim aziz farzandlarim, deb murojaat qilganlari qalbimizdan chuqur joy olgan, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Orifjon Asqarov. – Biz buyuk Yurtboshimizga o‘xshashga, u kishining ishonchini oqlashga harakat qilganmiz. Bizning kelajagimiz yo‘lida doim kuyingan, barcha sharoitni muhayyo etgan Prezidentimiz boshlagan ishlarning munosib davomchilari bo‘lishga intilamiz.
– O‘zbekistonda istiqlol tufayli tadbirkorlik rivojlanishi, xorijiy investitsiyalarga keng yo‘l ochilishi Prezident Islom Karimov nomi bilan bog‘liq, – deydi Germaniyaning “Siemens” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Iskandar Bo‘ronov. – Mamlakatimizda qaror topgan tinchlik, osoyishtalik, qulay ishbilarmonlik muhiti xorijlik hamkorlarni jalb etib kelmoqda. Kompaniyamiz hozirgi kunda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi va boshqa yirik korxonalar bilan samarali texnologik hamkorlikni amalga oshirmoqda. Bu buyuk inson boshlagan xayrli ishlar yanada samaradorlik bilan davom etishiga ishonamiz.
– O‘zbekistonning dunyo davlatlari ichida o‘z o‘rniga ega bo‘lishida Prezident Islom Karimovning o‘rni va roli beqiyos, – deydi Janubiy Koreyaning “Neworold” kompaniyasi raisi Li Sung Hi. – Bugun O‘zbekiston har jihatdan taraqqiy etmoqda. Muhtasham binolar, obod ko‘chalar, xalqning farovon turmushi shundan dalolat beradi. Islom Karimovning vafoti O‘zbekiston xalqi uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. Chunki xalq o‘z Prezidentini sevardi, hurmat qilardi. Bugungi marosimlar, odamlar yuzidagi mahzunlik buni ko‘rsatib turibdi. Biz ham dardingizga sherikmiz.
Norgul ABDURAIMOVA,
O‘zA muxbiri