Ta’lim maskanlarida o‘quv yili “Xotira darslari” bilan boshlandi
Yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasini yod etishga bag‘ishlangan “Xotira darslari” bilan boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Vatan ravnaqi, millat farovonligi uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan, elim deb, yurtim deb, yonib yashagan inson edi. Yurtimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, istiqbolli loyihalar, xususan, ta’lim tizimiga qaratilgan yuksak e’tibor zamirida ham Islom Karimovning tashabbuskorligi, fidoyiligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Ulug‘ Yurtboshimizning yuksak xizmatlari, bunyodkor g‘oyalari, olib borgan oqilona siyosati natijasida xalqimiz o‘z ona tiliga, erkiga, bir so‘z bilan aytganda, o‘zligiga ega bo‘ldi.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 59-IDUMda ham mustaqillikka tamal toshini qo‘ygan, yurtga erk va hurlik nasimini olib kirgan Islom Karimov xotirasi yod etildi. Dastlab so‘zga chiqqan ta’lim maskani rahbari Faxriddin Sayfiyev Prezidentimizning yurtimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirgan barcha sa’y-harakatlarini e’tirof etib, yosh avlodni bu buyuk shaxsga munosib bo‘lishi lozimligi xususida to‘xtaldi. Barcha ota-onalar, o‘qituvchilar va ta’lim dargohiga ilk bor qadam qo‘ygan jajji o‘quvchilarning ko‘z oldida Vatanimiz fidoiysining siymosi yana bir bor gavdalandi. Ilk ta’lim saboqlari ham aynan muhtaram Yurtboshimizning el farovonligi yo‘lida qilgan xizmatlariga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Bizning ishonchimiz va tayanchimiz bo‘lmish yoshlarimizga yanada keng yo‘l ochib berish, farzandlarimizni zamonaviy bilim va tajribaga, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan, ma’naviy yuksak komil insonlar etib tarbiyalash, ularning jamiyatimizda mustahkam va munosib joy olishi yo‘lida zarur shart-sharoitlarni yaratib berish barchamiz uchun ham qarz, ham farz” deya ta’kidlagan edi. O‘tgan yillar davomida yurtimizda bevosita u kishining tashabbuslari bilan zamonaviy ta’lim tizimini shakllantirish va yuksak malakali kadrlarni tayyorlash ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning asosiy omiliga aylandi. Binobarin, 1997 yilda qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga asosan amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar bugun dunyo hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda. 9+3 tamoyili asosida 12 yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimiga o‘tilishi orqali uzluksiz ta’lim olish ta’minlandi.
4 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira darslari” mamlakatimizning barcha o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanidagi Ko‘kdala pedogogika kollejida ham Prezidentimizning o‘chmas siymosiga bag‘ishlangan “Xotira darslari” bo‘lib o‘tdi. Har bir guruhda Yurtboshimizning tarjimai holi, sog‘lom avlod tarbiyasi yo‘lida olib borgan ibratli ishlari, u kishi bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida o‘quvchilarga ma’lumotlar berildi.
– Hammamizning qalbimizdan chuqur o‘rin olgan Prezidentimiz haqida o‘quvchilarga gapirish ham og‘ir, ham sharaflidir. Chunki, ular tomonidan yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida har qancha so‘zlasak ham oz. “Xotira darslari”da faqat biz o‘qituvchilar gapirmadik, bevosita bu mavzuda o‘quvchilar ham ko‘zlarida yosh bilan to‘lib-toshib so‘zlashdi, – deydi Ko‘kdala pedogogika kolleji rahbari Mo‘minxon Azimov.
“Shuni unutmasligimiz kerakki, kelajagimiz poydevori bilim dargohlarida yaratiladi, boshqacha aytganda, xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq”, degan edi Islom Karimov. Buning isbotini esa zamonaviy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlarning nigohidan, intellektual salohiyatidan ham ko‘rish mumkin.
Shuningdek, mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim maskanlarida bo‘lgani kabi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ham Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira darslari” bo‘lib o‘tdi. Talaba-yoshlar Muhtaram Prezidentimizning tarjimai holi bilan tanishgach, O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, atoqli davlat arbobi, mamlakatimizdagi ulkan islohotlar va tarixiy o‘zgarishlar tashabbuskori bo‘lgan buyuk shaxsning xotirasiga bag‘ishlangan film namoyish etildi.
– Ustozlarimizning so‘zlarini tinglab, filmni tomosha qilib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning mardligi, jasurligi, Vatanimiz rivoji yo‘lida qilgan ulug‘ ishlari, ayniqsa, o‘zbek yoshlarini dunyodagi eng baxtli avlod bo‘lib yetishishlari uchun bor kuch-g‘ayratlarini ayamaganliklarining guvohi bo‘ldik. Biz mustaqillik yoshlari shuni ishonch bilan aytamizki, muhtaram Prezidentimizning nomini abadiy xotiramizda saqlab, bor kuch-quvvat va shijoatimizni mamlakatimizni yanada gullab-yashnashi uchun safarbar etamiz, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi Eldor Usmonov.
25 yil. Bu davr bir navqiron avlodning o‘sib, kamol topishi, Vatan koriga yarashi uchun yetarlik muddat. Yoshlarning bildirgan fikrlarini tinglab, yurt kelajagi ishonchli qo‘llarda ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik. Demak, ozod va obod Vatan bunyodkori, o‘zbek xalqining buyuk farzandi Islom Karimov asos solgan oydin kelajak yo‘li bardavomdir.
Ma’rifat TOLIPOVA,
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbirlari