Go‘dak immunitetini ko‘taray desangiz…

Uni ona suti bilan oziqlantiring

Ko‘krak suti – go‘dak hayotining dastlabki 6 oyi mobaynida o‘ta muhim va yagona bo‘lgan ozuqadir. Chaqaloq yarim yil mobaynida ona sutidan tashqari hech qanday ovqat yoki suyuqlikka, hattoki, jaziramada suvga ham muhtojlik sezmaydi.

Bolaga ko‘krak sutidan tashqari boshqa yegulik yoki suyuqliklar berish unda ichketar va boshqa kasalliklar kelib chiqish xavfini kuchaytiradi.

6 oylikdan oshgan har bir go‘dak qo‘shimcha ovqat va suyuqliklarga o‘zida ehtiyoj sezadi. Bola xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin ikki yoshgacha ona uni ko‘krak suti bilan boqishni davom ettirishi zarur. Agar chaqaloq tug‘ilishi bilan onasini ema boshlasa, ona suti ko‘payadi.

Go‘dak emishi uchun o‘zini bo‘sh tutishi va kayfiyati yaxshi bo‘lishi zarur. Bolangizni emizish chog‘ida uni noto‘g‘ri ushlasangiz ko‘krakda og‘riq va yoriqlar paydo bo‘ladi. Shuningdek, ona suti yetarli darajada ajralib chiqmaydi. Natijada bola emishdan bosh tortadi.

Go‘dak yaxshi emayotganligining belgilaridan biri uning og‘zini katta ochib, ona ko‘kragi atrofidagi areolani, ya’ni jigarrang terisini qamrab olib emishidir. Shunda u havo yutib yubormaydi va chaqaloqni hiqichoq tutmaydi. Bolaning iyagi onaning ko‘kragiga tegib turishi zarur.

Odatda har bir onaning ko‘kragida go‘dagini to‘ydiradigan darajada sut bo‘ladi. Shuning uchun chaqaloqni faqat ona suti bilan emizib boqish kerak.

Bolani ehtiyojiga qarab emizish lozim. Ko‘krakdagi og‘iz suti ya’ni dastlabki quyuq, sariq rangli sut yangi dunyoga kelgan chaqaloq uchun beqiyos ozuqa bo‘lib, uni har xil infeksiyalardan himoyalashga yordam beradi. Chunki, bu ozuqa tarkibida tabiiy antitanachalar mavjud. Ular esa turli yuqumli infeksiyalarga qarshi ilk emlashday ta’sir etadi.

Go‘dakni ona har gal to‘yguncha emizsa, uning vujudi ko‘proq sut ishlab chiqishni ta’minlaydi. Chaqaloqqa tinchlantiruvchi vosita sifatida so‘rg‘ich yoki shishachada sut berish mumkin emas. Bu esa ona sutining kamayib ketishiga hamda bolaning emishdan bosh tortishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Har bir yangi onaga tug‘ruqxonada ginekolog yoki doya (hamshira ham bo‘lishi mumkin) go‘dakni qanday parvarish etish, to‘g‘ri emizish tartibi hamda emizikli onaga qanday mahsulotlarni iste’mol qilish mumkinligi haqida tushuntirish beradi. Ona farzandini emizib boqishi uchun unda ko‘krak suti yetarli ekanligiga, avvalo, o‘zi ishonch hosil qilishi shart. Buning uchun u issiq, suyuq taomlar va ko‘proq suyuqliklar ichishi zarur. Shuningdek, arpabodiyonni damlab ichsa, nafaqat ona suti ko‘payadi, balki chaqaloqning ichi ham dam bo‘lmaydi.

Yana o‘qing:  ILK BOR MIYa FALAJIGA ChALINGAN BOLA OPERATSIYa QILINDI

Ona suti bilan emizib boqish quyidagi afzalliklarga ega. Ya’ni, ushbu beqiyos ozuqa go‘dak vujudiga biologik mosdir. Shu sababli u allergiya chaqirmaydi. Ona sutidagi oqsillarning 1/3 qismi me’dada parchalanmay so‘riladi va uning allergenlik xavfi kamayadi. Bolalarda yuqumli kasalliklar va ichak infeksiyalariga nisbatan passiv immunitet paydo bo‘ladi. Emizadigan ona suvchechak, qizamiq, tepki va boshqa yuqumli kasalliklarni boshidan kechirgan bo‘lsa, chaqaloqda ushbu xastaliklar uchramaydi yoki yengil o‘tadi. Chunki, sut orqali bola tanasiga immunoglobulinlar (maxsus oqsillar) o‘tadi. Sut tarkibidagi A immunoglobulini ichak devorini qamrab oladi va kasallik chaqiruvchi mikroblarning o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Ona sutini qabul qilishning qulayligi, uning doimo iste’mol qilishga tayyorligidir.

Emizish sababli ona va bola o‘rtasida mehr-oqibat tuyg‘ulari kuchliroq shakllanadi. Ko‘krak suti bilan boqilgan bolalar ota-onasiga, yaqinlariga o‘ta mehribon va sadoqatli bo‘ladi. Aqliy salohiyat, ya’ni Q koeffitsenti ona sutini emgan bolalarda yuqori bo‘lishi kuzatilgan.

Ayollarda ko‘krak bezi saratonining oldini olishda ham emizish foydali hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, go‘dakni ko‘krak suti bilan boqqan onalarda ushbu xavfli kasallik kam uchraydi.

Emizish sababli ayolda tug‘ruqdan keyin bachadondan qon ketishining oldi olinadi. Mittivoy onasini emganda organizmda oksitotsin deb nomlanuvchi maxsus modda ajralib bachadonning silliq mushaklarini qisqartiradi. Natijada ona bachadonidan qon ketishi to‘xtaydi. Tug‘ruqdan keyin ayolning tez qayta homilador bo‘lishining oldi olinadi. Emizikli onaning ovqatlanishi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, chaqaloqni sun’iy aralash ozuqalar bilan boqishga zarurat bo‘lmaydi.

Go‘dakni emizish uni me’da-ichak kasalliklari, nafas va peshob yo‘li infeksiyasidan asraydi. Shuningdek, ona suti go‘dakni burun-quloq infeksiyasi hamda xirillab nafas olish (stridor xastaligigi)dan ham muhofaza qiladi.

Bolani emizib boqish esa onani kamqonlik, ko‘krak saratonining erta boshlanishi hamda tuxumdonlar rakidan himoya qiladi. Qolaversa, qarilikda suyaklarning xastalanishi (osteoporoz)dan asraydi. Chunki, emizikli ona organizmida gormonlar yetarli ishlab chiqariladi. Bu esa tanada kalsiy almashuviga ijobiy ta’sir etadi.

Tug‘ilganidan to 6-9 oy davomida ko‘krak suti bilan oziqlantirilayotgan chaqaloqlarning ongi va aqliy qobiliyatlari ona sutida tarkib topgan yarim to‘yinmagan yog‘ kislotalari sababli yaxshi rivojlanadi.

Mohira QAMBAROVA,

Gulnoza TOSHMATOVA,

Yana o‘qing:  Oftob urishi hayot uchun xavfli

Salomatlik va tibbiy statistika instituti uslubchi shifokorlari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: