Bag‘ri bahor oromgohlar

Yoz mavsumi tugab, yangi o‘quv yilining boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Go‘zal yurtimizning so‘lim oromgohlarida esa hali-hanuz bolalarning sho‘x-shodon kulgisi yangraydi.

Musaffo havo, barcha shart-sharoitlarga ega, betakror tabiat qo‘ynida joylashgan dam olish maskanlaridagi jajji o‘g‘il-qizlarning zavqli onlariga guvoh bo‘lish maqsadida Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumaniga qarab yo‘l oldik.

Uchqur mashinamiz tog‘ yo‘llarida ildam odimlab borar, go‘zal tabiat va orombaxsh havo kishi ko‘nglini chog‘ etadi. Yo‘l-yo‘lakay tumanda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini ko‘rib, ko‘zimiz quvnaydi. E’tiborlisi, bunday yangilanishlar oromgohlar tizimini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Biz borgan ilk manzil ham yangi qurib, foydalanishga topshirilgan “Barkamol avlod” oromgohi bo‘ldi.

Mazkur bolalar dam olish maskani Bo‘stonliq tumanining Xondayliq qishlog‘ida joylashgan. 2,5 gektar yer maydonidan iborat shinam oromgohda ayni paytda 150 nafar bola maroqli hordiq chiqarmoqda. Muassasa yon-atrofining ozodaligi, anvoyi gullar va manzarali daraxtlardan iborat o‘ziga xos landshaft hududga o‘zgacha ko‘rk baxsh etib turibdi. Zamonaviy oshxona, turar joy binosi, sport maydonchalari, yozgi suzish havzasi dam oluvchilar ixtiyorida.

– Bolalarning mazmunli hordiq olishi, jismoniy kuch-quvvatga to‘lishi uchun muassasamizda turli sport to‘garaklari tashkil etilgan, – deydi oromgoh rahbari Muyassar opa Ahmadjonova. – Shuningdek, mohir qo‘llar, rassomchilik, biser to‘qish to‘garaklari ularning bo‘sh vaqtini yanada unumli o‘tishiga xizmat qilsa, mo‘jazgina kutubxona intellektual salohiyatini, bilim doirasini yuksaltirishga yordam beradi.

Dam olish maskani hududini ko‘zdan kechira turib, bolalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Siz soliqni bilasizmi?” deb nomlangan tanlov ustidan chiqdik. Ular 4 guruhga bo‘lingan holda turli shartlar bo‘yicha o‘z bilimini sinovdan o‘tkazishayotgan ekan. Tanlov ishtirokchilari bilan suhbatlashib, bolalarning bilimli va yuksak salohiyat ekanidan qalbimiz quvonchga to‘ldi.

Dam oluvchi o‘g‘il-qizlar bilan kun yarmidan o‘tib xayrlashdik. Navbatdagi manzilimiz Oqtosh qishlog‘ida joylashgan “Zilola” bolalar oromgohi bo‘ldi. Ayni paytda ushbu muassasada Toshkent shahri va viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatidan kelgan jami 355 nafar bola maroqli dam olmoqda. Azim chinorlar bo‘y cho‘zgan oromgohning iqlimi musaffo. Daraxtlarning shovuri esa bu yerga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi. 13 gektar yer maydonini egallagan muassasa hududidan shifobaxsh ichimlik suvi chiqadi.

Яна ўқинг:  БАХТ беланчаги

– Musaffo tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lishlari uchun 100 nafar bolani “Zilola” oromgohiga olib keldik, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidan tashrif buyurgan Nargiza Saidova. – Besh mahal issiq ovqat, rejali sog‘lomlashtirish mashqlari, turli to‘garaklar orqali bolalar miriqib hordiq olishmoqda. Yaqinda dam oluvchilar ishtirokida spartakiada o‘tkazildi. Quvonarlisi, ushbu bellashuvlarda qoraqalpog‘istonlik o‘g‘il-qizlar ham turli yo‘nalishlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.

Muassasada bolalar xavfsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilgan. Malakali tarbiyachi va yetakchilar, tibbiyot xodimlari tunu kun bolajonlar xizmatida. Yangi suzish havzasining qurib bitkazilishi esa dam oluvchilar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi.

Oromgohlardagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, tizimdagi ijobiy o‘zgarishlar yil sayin takomillashib borayotganiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Bu ham bo‘lsa, farzandlarimiz kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning samarasidir.

Ma’rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: