Istiqlol – iqbol yo‘li
Go‘dak tug‘ildimi, zamonasiga qarab ulg‘ayadi, deyishsa ishonmasdim. Ming yillar avval ham odam bolasi rivojlanishi xuddi bugungi kundagiday bo‘lgan-ku axir. Biroq ota bo‘lganimdan keyin o‘z farzandimning fikrlashi, favqulodda odamni o‘ylantirib qo‘yadigan savollar berishi, ehtiyojlari, intilishlari, qiziqishlarini ko‘rib, ba’zan yoqa ushlayman. Taajjublanaman. Nahot hali to‘rt yoshga ham kirmagan qizaloq kiyimni tanlab kiysa, o‘yinchoqni ham saralab o‘ynasa.
Rubobning zo‘ri shu
“Dada, menga pianino olib bering”, dedi bir kuni ishdan qaytsam, qizim yoshiga xos erkalik bilan. Televizorda ko‘rgandir, yo biror qo‘shnining bolasida bor bo‘lsa, havasi ketgandir, o‘ksimasin, degan o‘y bilan ertasi kuni o‘yinchoq pianino olib keldim.
Ostona hatlab uyga kirarkanman, qizim salomini ham unutib qo‘limga yopishdi. Ko‘nglidagi narsasini olib kelmaganim uchun “Men kattakon pianinoni aytuvdim” deya biroz xafa bo‘ldi. To‘g‘risi, bu voqea menga biroz ta’sir qildi. Uyqumdan halovat qochdi. Beixtiyor bolalik yillarim yodga tushdi.
Kichkinaligimda o‘zimning rubobim bo‘lishini juda juda orzu qilardim. Men ham otamning holi-joniga qo‘ymay, ushbu musiqa asbobini olib berishini so‘rayverardim. Qayoqda deysiz?! U vaqtlar ro‘zg‘ordan orttirib, rubob sotib olish juda mushkul edi. Bir kuni bolalar bilan o‘ynab, ko‘chadan uyga qaytsam, otam meni qo‘lida ikki chetiga mix qoqib, sim tortilgan taxta bilan qarshi oldi. “Mana, o‘g‘lim, rubobning zo‘ri shu bo‘ladi” dedi qo‘lbola buyumni menga uzatarkan. O‘shanda sevinchim ich-ichimga sig‘magan. Ancha paytgacha “qadrdon rubobim”ni qo‘limdan qo‘ymay yurganman. Uyga kim kelsa, maqtanishni ham kanda qilmasdim.
Bu bolalar chempion bo‘ladi
Qish o‘tib, bahorning iliq kunlari boshlanadi. Maktabdan qaytishimiz bilan sumkani bir chekkaga otamiz-u, matodan yasalgan qo‘lbola koptokni olib ko‘chaga otilamiz. Qiy-chuv, chang-to‘zonda futbol o‘ynayman. Kech tushgach, uyga horib kirib kelaman. Ammo “koptok”ni ehtiyotlab olib qo‘yaman. Axir, ertaga ham futbol bor.
– Bolalarning to‘p tepishini qarang, hali bular o‘zbek futbolini jahonga olib chiqadi, – notanish odamning gapidan xayollarimni yig‘ib olaman. Zamonaviy futbol maydonchasida, sport formalari o‘ziga yarashib turgan bolalarga diqqatimni qarataman. Ammo javob berishga shoshilmayman. Suhbatdoshim esa so‘zini davom ettiradi.
– O‘n yil oldin qishloq joylarida ana shunday ixcham, shinam va zamonaviy sport maydonchalari quriladi, desa birov ishonmasdi. Bolaligimiz chang ko‘chada, topilsa rezina to‘p, topilmasa konserva quti tepib o‘tib ketdi, – deydi u jilmaygancha. – Men futbolchi bo‘lishni juda orzu qilardim. U vaqtlarda ixtisoslashgan futbol maktablari ham yo‘q edi-da. Endi orzularimni bolalarim timsolida ko‘rmoqchiman. Xudo xohlasa, ular futbol yulduzi bo‘ladi. Buning uchun yurtimizda sharoit ham, imkoniyat ham yetarli.
***
Kechki ovqat oldi dasturxon atrofida jam bo‘lamiz. Yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, odilona siyosatimizning hayotdagi in’ikosi haqida ota-o‘g‘il uzoq suhbatlashamiz. Mavzu ketidan mavzu, shukronalik ortidan shukronalik yog‘ilib kelaveradi.
Bir-bir, uzuq-yuluq yuqorida xotirlaganim, bolalik damlarimni ham eslaymiz. Bu voqealar ham tarixning qay bir sahifasida qolib ketdi. Mustaqillikka erishgan o‘zbek xalqi ertangi kuniga bo‘lgan qat’iy ishonch va uzoqni ko‘zlagan odilona siyosat tufayli og‘ir kunlarni birbag‘irlikda, ahillikda mardonavor yengib o‘tdi.
Ha, xalqimiz bu dorilomon kunlarga shunchaki yetib kelmagan. Bu o‘zbekning matonati, shijoati, yorug‘ kunlarga bo‘lgan yuksak ishonchining mahsulidir.
Bahodir HALIMOV