Nurafshon biomaydon himoyasida
“Inson aurasi jonli va u nurlanib turadi”, – deydi Sankt-peterburglik olim Konstantin Korotkov.
Odamning jismoniy tanasi atrofini ko‘rinmas quvvat pardasi o‘rab turishini qadimda ham ba’zi xislatli insonlar bilishgan. Uni ko‘rish mumkinligini va himoya qobig‘i o‘zidan yog‘du chiqarishini, lekin ushbu mo‘jizani ko‘rish hammaga ham nasib etmasligi haqida ular ta’kidlab o‘tishgan. Tabiat ato etgan ayrim noyob qobiliyat egalarigina aurani ko‘rish, his etishlari mumkin bo‘lgan.
Peterburglik olim Konstantin Korotkov auraning mavjudligini ilmiy isbotlash uchun astoydil bel bog‘ladi. Bundan tashqari u aura-ko‘rinmas himoya maydonini ko‘ra oladigan uskuna yaratdi. Hatto uni “o‘qish” ham mumkin. K. Korotkov anoyi odam emas. U nufuzli Peterburg davlat Aniq mexanika va optika institutida ko‘p yillardan beri kompyuter tizimini loyihalashtirish kafedrasining bioelektrografiya laboratoriyasini boshqarmoqda.
Loyihalashtirish kafedrasidagi chog‘roq xonada tig‘iz joylashgan yozuv stollari, bir necha kompyuterlar, devorlarga osig‘liq Konstantin Korotkov nomiga berilgan turli xalqaro ko‘rik-tanlovlarning diplom va sertifikatlari professorning behuda ter to‘kmaganligidan dalolat beradi.
Izoh: Rossiyada chop etiladi “Trud” gazetasining maxsus muxbiri Lyudmila Bezrukova 2003 yilda professor K. Korotkov bilan suhbatlashgan edi.
Kompyuter oldiga o‘tirar ekanman monitor yonidagi unchalik katta bo‘lmagan, qaysidir jihatdan faksga o‘xshash, lekin tugmachasi va telefon go‘shagisiz uskunaga nazarim tushdi. Bundan chiqdi, bu o‘sha uskuna ekan-da? Dastlab o‘ng qo‘limga, so‘ngra esa chap qo‘limga matodan tikilgan yengchani kiyar ekanman(bunday buyumdan ilgarilari fotosuratchilar plyonkaga yorug‘lik tushmasligi uchun foydalanishgan) mo‘jiza uskunanining shisha qopqog‘idagi teshikka har bir barmog‘imni tekkizib ko‘rdim.
- Shunday qilib, sizning barmoqlaringizni skanerlab olamiz,-deydi professor K. Korotkov. Endi esa axborotni kompyuterga joylaymiz. “Aqlli mashina” sizning biomaydoningiz holatini sog‘lom va yoshingizga mos insonlar biomaydoni bilan solishtiradi. So‘ngra besh yoki yetti daqiqa o‘tgach salomatligingiz haqidagi ma’lumotga ega bo‘lasiz.
- Nima uchun aynan qo‘l barmoqlari skaner qilinadi?
- Chunki, ularni skaner qilish qulay. Umuman olganda ushbu asbob u yoki bu odamning biomaydoni qay holatda ekanligini aniqlab beradi. Bunda insoning har bir a’zosidan foydalanib, ma’lumot olish mumkin. Tanadagi har bir hujayra organizm xususidagi axborotni o‘zida saqlaydi.
Bundan yigirma yillar ilgari Konstantin Korotkov “Karlian effekti” bilan qiziqib qoldi. Uning mohiyati shundan iborat-ki, ya’ni yuqori kuchlanishga ega bo‘lgan elektromagnit maydoni yonidagi ob’yekt (buyum yoki narsa) dan chiqayotgan nurlanishni ro‘yxatdan o‘tkazish XVIII asr o‘rtalarida kuzatilgan. O‘tgan asrning qirqinchi yillarida krasnodarlik olimlar – er-xotin Karlianlar inson qo‘li atrofidagi nurlanish uning jismoniy va ruhiy holatiga bog‘liqligini aniqlashgan. Ammo ilmu fan sohasidagi asosiy talab u yoki bu ilmiy-tadqiqot natijalarini turli shart-sharoitlar va holatlarda takrorlashni talab etadi. Karlianlarda esa bunday imkoniyat mavjud emas edi. Shu tufayli ularning nurlanishni ro‘yxatdan o‘tkazish uslubi keng quloch yoymadi. Balki o‘sha davrda buning hali mavridi bo‘lmagandir. Chunki, o‘sha yillarda, ya’ni ateizm “gurkirab-yashnagan” pallalarda inson aurasini ilmiy o‘rganishni tasavvur etish qiyin edi.
- Inson aurasi, ya’ni biomaydoni holatini aniqlaydigan asbobni yaratishda, – deya eslaydi Konstantin Georgiyevich, biz eng zamonaviy elektron va optik tolali tizimni qo‘lladik. Bunda olingan natijalarni qayta ishlashda kompyuter uslubidan foydalandik. Shuningdek, chiziqsiz matematik usullar ham e’tiborimizdan chetda qolmadi. Barcha o‘lchovlarni qiyosiy tahlil qilib, hisoblashga va uni ilmiy asoslashga harakat qildik. Bir necha yillik harakatlarimiz besamar ketmadi. Bundan besh yil muqaddam kompyuter monitorida inson tanasi atrofidagi bir necha qavat nurli, harir parda (biomaydon – xola)ni ko‘rish imkonini beradigan uskuna yaratdik. Ushbu uskuna tibbiyot sohasida sog‘lom va bemor odamlarning ruhiy va jismoniy holatidagi o‘zgarishlarni aniqlashda yordam beradi.
Monitorda ayol tanasining shakli paydo bo‘ldi. Tanadan har tomonga turli rangli, ko‘proq qizil, ko‘k, pushti nurlar taralib turar edi. Vujudning ayrim sohalarida bu nurlar qalinroq, ba’zi joylarida esa kamroq aks etgan edi. Ekrandagi tanani o‘rab turgan bu tasvir qobiqni eslatardi.
– Professor kompyuter klaviaturasidagi ko‘pgina tugmachalardan birini bosdi va ekrandagi tasvir o‘zgardi. Endi mening tanam yonboshdan paydo bo‘ldi, – deydi Lyudmila Bezrukova. Vujudimning xasta joylari auramda aks etgan edi. Ya’ni, biomaydonimdagi o‘sha sohalardagi nurli qobiq kamayib ketgan edi.
Yana bir tasvir. Bu gal ikkita grafikda alohida nurli va qoramtir biomaydon paydo bo‘ldi. Unda turli tomonga egri-bugri, burmali, tortilib turuvchi chiziqli jismoniy va ruhiy holatimdagi o‘zgarishlar tasviri paydo bo‘ldi.
– Nurli halqa (doira) sog‘lom, ichki va qoramtiri esa nosog‘lom, ya’ni quvvat kamayib ketganidan darak beradi, – deydi olim Konstantin Korotkov. Egri chiziqlisi organizmingizning fiziologik holatidan darak beradi. U asosan nurli halqada joylashgan. Bu esa sizning jismoniy holatingiz qay darajadaligini bildiradi.
U mening ekrandagi tasvirimni kuzata turib yana izoh bera boshladi.
– Sizning umurtqa pog‘onangizda ham muammo bor. Qarang-a, bu yerdagi chiziq markaz tomonga birdaniga og‘ib ketgan.
Men esa sport bilan faol shug‘ullanib yurgan kezlarimda belim shikastlangani, o‘sha kezlarda olgan eski jarohatim haqida professorga indamay qo‘ya qoldim. Shuningdek, ikki yarim yil ilgari boshimga tushgan ketma-ket ruhiy zarbalar, g‘am tashvishlar haqida ham olim bexabar edi. Yelkamni zilday bosib turgan bu “yuk”lardan hali xalos bo‘lmagan edim. Konstantin Grigoryevich ekrandagi tasvirga qarab yana so‘zida davom etdi: “Asab tizimingiz qattiq charchagan. Siz bu yaqin orada mehnat ta’tiliga chiqib, dam olmagan ko‘rinasiz. Men sizning ruhiy va jismoniy holatingizdagi o‘zgarishlarni mustasno etgan holda kashf qilgan uskunamizning imkoniyatlaridan bir qismini namoyish etdim, xolos. Aslida bu uskuna tibbiyot sohasida qo‘llanish uchun yaratilgan. Yarim soat ichida bemor holatini aniqlashga harakat qilamiz. U yoki bu xastalikni batafsil aniqlash uchun ko‘pgina boshqa dasturlarni ham amalda qo‘llaymiz. Mazkur uskunaning faoliyatiga ruxsatnoma olish uchun ming nafardan ziyod insonlarni laboratoriyamizda tekshiruvdan o‘tkazdik. Shuningdek, o‘zini ekstrasens (bioquvvat bilan davolovchi)man deb yurgan odamlar ham qabulimizda bo‘lishdi. Biz ularning qobiliyatlarini aniqlovchi maxsus testlar ishlab chiqdik. Shu usul orqali ko‘pgina ekstrasenslarning firibgarligini ham isbotladik. Ularning to‘rtdan bir qismigina haqiqatdan ham o‘zgalar aurasini his etib, davolash qobiliyatiga ega ekan. Ba’zi ekstrasenslarga esa umuman odamlar bilan muloqot qilishga ruxsat etmaslik kerak. Ularning foydasidan zarari ko‘proq. Bemor va ta’sirchan kishilarga ular salbiy ta’sir etishi mumkin”.
– Konstantin Grigoryevich, uzoq yillardan beri inson tanasini o‘rab turuvchi nurli qobiqni o‘rgangan mutaxassis sifatida ayting-chi, aura o‘zi nima?
– Juda o‘rinli savol berdingiz. Aura – bu inson tanasining yoki biror ob’yekt, jism, shuningdek jonzotlarning atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sir etish xususiyatiga ega, umumiy, gravatatsion, elektromagnit, molekulyar va fizik maydoni yig‘indisi. Bu biomaydon ta’siri tirik va o‘lik mavjudotlarda biz o‘ylagandan ko‘ra murakkabroq.
Ushbu uskuna jonli va jonsiz tana atrofidagi biomaydonni ko‘rish imkonini beradi. Koinotdagi barcha ob’yektlar o‘z maydoniga ega. Insondagi biomaydon harakatchan va o‘zida axborot tashiydi. U nafaqat insonning hozirgi paytdagi jismoniy va ruhiy ahvoli va uni bir qancha vaqtdan so‘ng og‘ir xastalik sababli nima kutishi haqida ham xabar beradi. Biz yaratgan uskunaga o‘xshashi boshqa davlatlarda ham uchraydi. Ammo bizning kashfiyotimiz eng mukammal, deb faxr bilan ayta olamiz. Chunki, bu asbob bilan AQSHning eng nufuzli olimlari ham qiziqib qolishdi. Biz hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar olib borish uchun dasturlar tuzmoqdamiz.
Sankt-Peterburgda professor K. Korotkov va uning hamkasblari o‘sha davrda ilmiy-reabilitatsiya markazi ochish harakatida yurishgan edi. Bu markazda insonlarning fiziologik, jismoniy va ruhiy holatini tekshirish (bolalikdan to keksa yoshgacha), tahlil etish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish tizimini yaratish ko‘zda tutilgan.
Ba’zan hayotda odam o‘zini behol his etib, tushkun kayfiyatda yuradi. Ammo shifokorga murojaat etib, sog‘lig‘i haqida jiddiy qayg‘urmaydi. Konstantin Kortokov yaratgan uskuna orqali unga murojaat etgan har bir insonga tezkor tashhis qo‘yish mumkin. Bu esa ko‘pgina xavfli xastaliklarning oldini olishga keng imkoniyat yaratadi. Shuningdek, olim o‘zi bilan yarim soat muloqot qilgan shaxsga sportning qanday turi bilan shug‘ullanishi mumkinligi va uning jismoniy imkoniyatlari haqida ham ma’lumot bera oladi.
Yana mo‘jizakor bu uskuna qimmatbaho toshlar va oltin quymasining haqiqiy yoki soxtaligini ham aniqlab beradi. Asl toshlar va tilladan taralayotgan nur bir tekis, qalbakisiniki esa uzuq-yuluq va notekis shaklda bo‘lar ekan. Peterburglik olimlar Belarus Qishloq xo‘jaligi akademiyasidagi hamkasblari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tajribalarida o‘zidan bir tekis nur taratib turgan urug‘lar, yaxshi unib, serhosil bo‘lganini va aksincha zaif nur taratgan don-dunlardan ko‘ngildagidek o‘simliklar unmaganining guvohi bo‘lishdi.
“Trud” gazetasidan Gulchehra ShIRINOVA tarjimasi
“Sog‘lom avlod” gazetasida chop etilgan.