Omonmisiz, Odam Ato o‘g‘illari?
Hayot juftlikdan iborat. Oila qasrining malikasi ayol bo‘lsa, shohi erkakdir. Naslning sog‘lom bo‘lishi nafaqat onaning, balki otaning ham sog‘ligiga bog‘liq. Shuning uchun qiz bolalarnigina emas, o‘g‘il bolalarning ham sog‘lig‘iga go‘dakligidan e’tibor berib, parvarish qilish zarur. Nafaqat yosh yigitlar, yoshi o‘tgan erkaklar ham o‘z sog‘liqlari haqida qayg‘urib, vaqti-vaqti bilan androlog-seksopatolog huzurida bo‘lib, profilaktik muolajalar olib turishlari lozim. Xalq tabiblari ham bu borada bezarar tabiiy giyohlardan tayyorlangan damlamalar va giyohsharbatlarni tavsiya etadilar.
O‘g‘il bolalar go‘dakligida “oyoq”da o‘tkazgan turli xastaliklar(gripp, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar), “tepki”(parotit), peshob-tanosil a’zolarining turli yallig‘lanish xastaliklari o‘z asoratini u voyaga yetgach bildiradi. Ya’ni, o‘z vaqtida oldi olinib davolanmagan, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan kasalliklar farzandingizni bepushtlikka olib kelishi mumkin. Shuningdek, o‘smir yigitlar mashhur sportchilarga qiziqib, kuchi yetsa-etmasa og‘ir toshlar-shtangalar ko‘tarishadi. Ba’zan zalvorli yuklarni yelkalariga olishadi. Ota-onalar hamisha farzandlariga u o‘g‘ilmi yoki qizmi bolalikdan og‘ir yuk ko‘tarish organizmning ichki a’zolarini zo‘riqtirishini va jinsiy a’zolar faoliyatini ham izdan chiqarar darajada zarar ekanligini tushuntirishlari zarur. Zo‘riqish natijasida o‘g‘il bolalarda moyaklarni oziqlantiruvchi venalar kengayadi. Buning natijasida varikotsele(moyak istisqosi) paydo bo‘ladi. Shuningdek, ba’zan o‘g‘il bolalar issiq kunlari cho‘milishga borganda ho‘l ich kiyimlarini almashtirmasdan yuradilar yoki isib ketsalar nam choyshabga yarim belidan o‘ranib olishadi. (Aynan shu holatning hayotda guvohi bo‘lganman). Bunda ham sovqotish natijasida peshob-tanosil a’zolarining yallig‘lanishi kelib chiqadi. Ayrim holatlarda nafaqat o‘g‘il bolalar, erkaklar ham tor, siqib turuvchi va sun’iy tolali (sintetik) ich kiyimlar kiyishadi. Bu ham jinsiy a’zolarda qon aylanishining buzilishi va yallig‘lanishini keltirib chiqaradi.
Bizning sharqona tarbiyamizda ko‘p jihatdan jinsiy tarbiyaga oid nozik masalalarga ehtiyotkorlik bilan yondoshiladi. Yaqin-yaqinlargacha qizlarni ginekologga ko‘rsatish, o‘g‘il bola yoki erkaklarning androlog-seksopatolog huzurida bo‘lishi ortiqcha gap-so‘z, “shov-shuv” larga sabab bo‘lar edi. Aholi o‘rtasida tibbiy savodxonlikka yetarli e’tibor berilmasligi esa ko‘pgina yigit-qizlarning baxtsizligiga, jinsiy ojizlik xastaligining o‘z vaqtida mutaxassis tomonidan aniqlanib, davolanmasligi natijasida oilalarning buzilib ketishiga sabab bo‘lgan. Xalqimizda “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor etadi” degan maqol mavjud.
Har bir jinsning o‘z xususiyatlari mavjud bo‘ladi. O‘zidan sog‘lom nasl qoldirmoq istagan har bir erkak sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor bermog‘i kerak.(Bu so‘zlar bo‘lajak onalarga ham taaluqli). Hech kimga sir emaski, turli zararli odatlarga mukkasidan ketgan(giyohvand, ichkilikboz, kashanda) hamda jinsiy xastaliklar bilan og‘rib, o‘z vaqtida davolanmagan, to‘yib uxlamagan, ruhan va jismonan charchagan, asabiy, turli surunkali kasalliklarga duchor bo‘lgan(sil, zahm (sifilis), qandli diabet, bronxial astma(ziqqinafas) kabi kasalliklar) erkaklardan turli tug‘ma nuqsonli go‘daklar, Daun sindromi(aqli past) bolalar tug‘ilish ko‘p uchraydi. Shu sababli qadimda ajdodlarimiz nafaqat insonning tan sog‘lig‘i, balki ruhiy salomatligi hamda sog‘lom turmush tarziga ham katta e’tibor qaratganlar.
Bunda ayniqsa, bo‘lajak kuyovlar o‘z juftlarining har tomonlama barkamol bo‘lishlarini e’tiborga olganlar. Hatto, buyuk bobokalonimiz Amir Temur o‘z o‘g‘illariga juft tanlashni davlat siyosati darajasidagi muhim vazifa deb qaraganligi “Temur tuzuklari”da yozib qoldirilgan. Shuningdek, qadimda tabiblar erkaklar uchun maxsus shifobaxsh parhez taomlar buyurishgan. Bu xususida alohida risolalar ham bitilgan. Ularning tavsiyalari hozirda ham o‘z kuchini yo‘qotmagan. Quyida biz “Zdorovye” jurnalida berilgan “Erkaklar ovqati tarkibida vitaminlar va minerallarning ahamiyati” deb nomlangan maqolaning ayrim bandlarini keltirib o‘tamiz.
A darmondorisi va uning tarkibiga kiruvchi karotin moddasi jinsiy a’zoning shilliq qavatiga ijobiy ta’sir etadi hamda jinsiy gormonlar ishlab chiqarishni faollashtiradi. Bu darmondorilar esa pomidor, sabzi, qizil qalampir, tuxum, mol go‘shti, jigar, sut, tvorog, smetana, pishloq tarkibida mo‘ldir.
V1 va V2 darmondorilari esa organizmining umumiy quvvatini oshiribgina qolmay, jinsiy maylga ham ijobiy ta’sir etadi va erkaklar asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Ushbu darmondorilar sut mahsulotlari, tuxum sarig‘i, mol jigari, suli va grechixali bo‘tqa, loviya va yashil no‘xat, yeryong‘oq, qo‘ziqorin tarkibida bo‘ladi.
V6 darmondorisi jinsiy maylni so‘nishiga yo‘l qo‘ymaydi hamda prolaktin gormonining salbiy ta’sirini kamaytiradi. Bu darmondorili mahsulotlarga yog‘siz mol go‘shti, baliq, tuxum sarig‘i, sut mahsulotlari, xamirturish kiradi.
S darmondorisi organizmning umumiy kuch-quvvatini oshirib, tomirlar devorini mustahkamlaydi. Inson vujudini turli yuqumli infeksiyalarga chidamli qiladi hamda erkaklarning jinsiy hayotga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra askorbin kislota(vitamin S) yetishmovchiligi sperma(erkaklar urug‘i) tarkibiga salbiy ta’sir etib, hatto, ularning bepushtligiga ham sabab bo‘lar ekan. Shu sababli kuchli jins vakillari doim sog‘lom bo‘lishni istasalar, smorodina(qora, qizil va sariq qorag‘at) uzum, yertut, limon, apelsin, chakanda(oblepixa), na’matak mevalari, qizil bulg‘or qalampiri, sabzi iste’mol qilib yursinlar. Chunki, yuqorida ta’kidlangan mahsulotlar tarkibida S darmondorisi ko‘p bo‘ladi.
Ye darmondorisi organizmda endokrin tizimining, ayniqsa, jinsiy bezlar hamda mushaklar faoliyatini me’yorda ishlashida katta ahamiyatga egadir. Olimlar bu darmondorini “ko‘payishning asosiy omili” deb nomlashgan. Chunki, bu darmondori yarim to‘yinmagan yog‘ kislotalarning a’lo manbaidir. Ulardan prostaglandinlar deb nomlanuvchi biologik faol moddalar hosil bo‘ladi. Prostaglandinlar esa ereksiyani yuqori darajada ta’minlaydi. Bu darmondori shaftoli moyi va tuxum sarig‘i, mol jigari, loviya, yashil no‘xat, shovul, sarxil oq qo‘ziqorinlar, kungaboqar, jo‘xori, zaytun tarkibida ko‘p bo‘ladi.
Erkaklar jinsiy hayotida nafaqat darmondorilar, shuningdek, minerallar ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Rux – jinsiy bezlarning rivojlanishi uchun o‘ta muhim bo‘lgan mineraldir. U prostata (urug‘ bezi)ning me’yorda faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Organizmda testosteron jinsiy gormonining boshqarilishida ishtirok etadi. Rux minerali bulg‘or qalampiri, sabzi, karam, sarimsoqpiyoz, yog‘siz mol go‘shti, qipig‘i olinmagan (kepakli) bug‘doydan tayyorlangan non, bodom, yong‘oq tarkibida bo‘ladi.
Selen- bu mineral modda ham erkaklar reproduktiv faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Selen bepushtlik muammosidan aziyat chekayotgan erkaklar uchun foydali. U sperma sifatini oshiradi. Shuningdek, erkaklar jinsiy garmoni testosteron garmoni biosentizida ishtirok etib, jinsiy a’zolar ishini yaxshilaydi. Erkaklar uchun selenning kundalik miqdori 55-70 mkg. Sarimsoqpiyoz, uy tovug‘i, tuxumi, (ayniqsa, uning sarig‘i), makkajo‘xori, pomidor, baliq tarkibida selen minerali mavjud.
Fosfor– potensiya (jinsiy qo‘zg‘alish)ni kuchaytiradi. Organizmda fosfor yetishmovchiligi esa sperma (urug‘)ning sifati va miqdoriga ta’sir etadi. Fosfor minerali baliq, dengiz mahsulotlari (krevetka, kalmar), pishloq, bodring, no‘xat, salat o‘simligi hamda qipig‘i olinmagan (kepakli) bug‘doydan tayyorlangan non tarkibida bo‘ladi.
Magniy – bu mineral charchoq va asab buzilishining oldini oladi. Agar organizmda magniy yetishmasa, fosfor yaxshi o‘zlashtirilmaydi. Fosfor esa potensiya uchun ma’sul.
Magniy minerali qizil olcha, tarvuz, shivit, petrushka, yashil salat o‘simligi, lavlagi, sabzi, no‘xat, bodring, loviya, yong‘oq, asal, kungaboqar tarkibida mo‘ldir.
Temir – ushbu mineral modda gemoglobin tarkibiga kirib, organizmda qon hosil bo‘lishida muhim ahamiyatga ega. Hammamizga ma’lumki, temir moddasi yetishmovchiligi kamqonlik (anemiya)ga olib keladi. Buning natijasida esa erkaklarda jinsiy mayl (potensiya) susayib ketadi. Organizmning temir moddasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun yog‘siz mol va tovuq go‘shti, jigar, krevetka, kalmar, shovul, ismaloq, yashil salat o‘simligi, qizil lavlagi, rediska, olma, uzum, nok, anjir, tuxum sarig‘i, grechixa yormasidan tayyorlangan bo‘tqalar iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Quyida biz erkaklar jinsiy maylini me’yorda saqlashga yordam beruvchi, xalq tabobatida keng qo‘llaniladigan dorivor giyohlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz:
Bularga jen-shen, xitoy limoni, “oltin ildiz” (pushti rodiola), ekma pasternak, manchjuriya araliyasi va medunitsa kiradi. Jen-shen xom ashyosidan tayyorlangan dori-darmonlarni yilning sovuq faslida ichish tavsiya etiladi. Uzoq vaqt va belgilangan miqdordan ortiqcha iste’mol etish aks ta’sir etishga olib keladi. Natijada uyqusizlik, bosh og‘rig‘i, yurak urishining tezlashishi va unda og‘riqni paydo bo‘lishi hamda jinsiy zaiflikni yuzaga keltirishi mumkin.
Shuningdek, uni qon bosimi yuqori bo‘lgan bemorlarga (yurak ritmi buzilib, taxikardiya holati kuzatilsa va bemorning sog‘lig‘i og‘irlashib qolsa hamda shu kabi holatlarda) va 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga tavsiya etilmaydi hamda issiq fasllarda iste’mol etish mumkin emas.
Sabzi
Yangi tayyorlangan sabzi sharbati 2 osh qoshiqdan bir kunda uch mahal ichish va piyozdan tayyorlangan dorivor malham ham erkaklar uchun foydalidir.
Piyoz
1 osh qoshiq qirg‘ichdan chiqarilgan piyoz bo‘tqasiga 1 stakan qaynoq suv soling va uni 10 daqiqa davomida kastryulkaga suv solib, stakanni malham bilan uning ichida past olovda mildiratib qaynatish kerak. (Diqqat! Stakan yorilib ketmasligi uchun kastryulkaga to‘rt qavat qilib doka soling). Keyin tayyor bo‘lgan malhamni sovutib, dokadan suzib oling. Sizga qancha piyozli malham kerak bo‘lsa yuqorida aytib o‘tilgan miqdorni bir necha bor ko‘paytirib, o‘zingizga keragicha tayyorlaysiz.
Yong‘oq
Potensiya (jinsiy mayl)ni ko‘tarish uchun 1 stakan yong‘oq mag‘zini bir kunda 2-3 bo‘lib yeyish kerak va echki suti ham ichish lozim.
Mo‘miyo
Bu dorivor vosita bilan asal aralashmasi hamda tuxum sarig‘i ham erkaklar uchun dorivordir. Tavsiya etilgan malhamlar umumiy kuch-quvvatni tiklaydi hamda tos suyagida joylashgan jinsiy a’zolarni baquvvat qilib, ularning qon bilan ta’minlanishini yaxshilaydi.
Bedana tuxumi
Bedana tuxumi – bebaho ne’mat. U bakteriyalarga qarshi kurashish xususiyatiga ega. Shuningdek, immunitetni ko‘tarib,xavfli va xavfsiz o‘smalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Bu parranda tuxumi juda ko‘p mikroelementlar va vitaminlarga boy mahsulot hisoblanadi. Tuxumning tarkibida xolesterin mavjud emas. Tovuq tuxumiga nisbatan bedana tuxumida A vitamini – 2,5, V1 vitamini – 2,8, V2 darmondorisi – 2,2 barobar ko‘p uchraydi. D vitamini esa bedana tuxumida faol holatda uchrab, oson o‘zlashtiriladi. Bu vitamin raxitning rivojlanishining oldini oladi. Fosfor va kaliy mikroelementlari besh barobar ko‘pligi, temir moddasi esa 4,5 barobardan ziyodligi bilan bedana tuxumining naqadar shifobaxshligini tasdiqlaydi.
Yaponiyada har kuni maktab o‘quvchilariga tushlikda 2 donadan bedana tuxumi beriladi. Uning tarkibidagi fosfor mikroelementi aqliy rivojlanishga ko‘mak beradi. Shu element erkaklarda potensiya (jinsiy mayl)ni qo‘zg‘atuvchisi hisoblanadi. Yana tovuq tuxumiga nisbatan bedana tuxumi tarkibida mis, kobalt va turli aminokislotalar ancha ko‘p uchraydi. Tirozin, reonin, lizin, glitsin, gistidin kabi o‘rinbosarlari bo‘lmagan aminokislotalar bu parranda tuxumida mo‘l. Ma’lumki, tirazin aminokislotasi moddalar almashinuvida muhim o‘rin tutadi. Chunki, u terining sog‘lom ko‘rinishiga sababchi bo‘luvchi pigmentning shakllanishiga yordam beradi. Shu tufayli kosmetika sanoatida ham qo‘llaniladi. Bedana tuxumida lizotsim ko‘p miqdorda uchraydi. Bu biokimyoviy modda ichaklarning sog‘lom mikroflorasini me’yorda saqlashga yordam beradi. Yana shuningdek, lizotsim bedana tuxumida xastalik chaqiruvchi turli bakteriyalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Salmonella (ichak kasalligini keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar) bedana tuxumida uchramaydi.
Chunki, bedana tuxumi po‘chog‘i ostidagi yupqa parda mustahkam. Tuxumga havo kiradigan teshiklar kichikroq joylashgan. Shuning uchun ham bedana tuxumiga mikroorganizmlarning kirishi qiyin va bu tuxumni xom iste’mol qilish mumkin. Tovuq tuxumi ayrim odamlarda allergiyaga sabab bo‘ladi. Chilla yara (diatez) bilan og‘rigan go‘daklarga bu mahsulot tavsiya etilmaydi. Ammo, bedana tuxumi bundan mustasno. Aksincha, bu tuxum tarkibidagi ovomukoid oqsillari allergik reaksiyalarning oldini oladi.
Bedananing tana harorati yuqori (42 0S daraja) bo‘ladi. Bu esa uni turli yuqumli xastaliklarga chalinishining oldini oladi.Uy sharoitida va fermalarda boqiladigan bedanalarni vaksinatsiya qilish(emlash)ga ehtiyoj qolmaydi. Natijada kasalliklarni oldini olish uchun emlanadigan kimyoviy moddalarning parranda go‘shti va tuxumida to‘planishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Taomnomaga bedana tuxumining kiritilishi gastrit (me’da shilliq qavatining yallig‘lanishi), o‘n ikki barmoq ichak yarasi va me’da yarasi, pankreatit (me’da osti bezining yallig‘lanishi)ni davolashda ijobiy samara beradi.
Rossiyalik shifokor mutaxassislar bedana tuxumini Chernobil atom stansiyasi portlashida nurlangan katta yoshdagi aholi va bolalar ratsionida qo‘llab ijobiy natijaga erishdi. Ekologik jihatdan noqulay bo‘lgan bu hududda bolalarga 2-6 dona (yoshiga qarab), kattalarga esa 4-6 donadan nahorga och qoringa ichish uchun bedana tuxumi berildi. Xom tuxumni yutgach, qaynoq suv ham ichish kerak. Muntazam ravishda 3-4 oy xom bedana tuxumi yutgan bemorlar tuzalib ketgani kuzatildi. Tez-tez kasallikka chalinuvchi (immuniteti past), bronxial astma (ziqqinafas), sil kasalligiga chalingan bemorlarga ham xom bedana tuxumi iste’mol etish buyuriladi. Ikki xaftadan so‘ng asta-sekin uning shifobaxsh xususiyati bilinadi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek bedana tuxumi potensiya (jinsiy maylning ko‘zg‘alishi)ga kuchli ta’sir etuvchi biostimulyator hisoblanadi. Bolgar xalqi “yoshlik” deb nomlanuvchi kokteyl ham kashf etishgan. Buning uchun 120 gramm kola, 20 gramm konyak yoki rom, bir choy koshiq shakar, 2 dona yangi bedana tuxumi aralashtiriladi. Keyin unga bir bo‘lak limon kesib solinadi. Hammasi obdon aralashtirilgach, gazli suv ham solinadi. So‘ngra uni och qoringa ovqatlanishdan 40 daqiqa oldin ichish maqsadga muvofiq.
Ushbu muolaja bemorning ahvoli yaxshilanishiga qarab davom ettiriladi. Biroq, me’da-ichak tizimida yallig‘lanishi va yarasi mavjud xastalarga bu kokteyl tavsiya etilmaydi.Bedana tuxumi keksa erkak va ayollar hamda yosh bolalarga ham tavsiya etiladi. Keksalarning tishlari tez yemirilib ketishi va sochlari to‘kilishining oldini oladi.
Bedana go‘shti issiq mijoz taomlar sirasiga kiradi. Ammo buyuk alloma, tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sinonining ta’kidlashicha, uning go‘shti tirishtiruvchi xususiyatga ega bo‘lgani uchun ko‘p iste’mol qilib bo‘lmaydi. Bu salbiy xususiyatni yo‘qotish uchun bedana sho‘rvaga kiyik o‘ti, jambil va turli ko‘katlar solib iste’mol qilish zarur. Bedananing go‘shti kam bo‘lgani uchun dimlama qilinganida uning ichiga mol yoki qo‘y go‘shtidan qiyma solinadi. Uning go‘shti noyob parhez taom hisoblanadi.
Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘g‘il farzand ko‘rishni istagan erkaklar issiq mijozli taomlar sirasiga kiruvchi qo‘y go‘shti, sholg‘om, piyoz, ayniqsa, siyohrang piyoz, no‘xat solingan qaynatma sho‘rva va yana shu go‘shtdan sersabzi palovni muntazam yeb turishni unutmasliklari kerak.
Issiq mijozli mahsulotlar sirasiga asal, zanjabil, dolchin, karri (hindcha ziravor), sarimsoqpiyoz, garmdori, xantal, yong‘oq, yeryong‘oq, hind yong‘og‘i (keshiy), chala qovurilgan tuxum, ot go‘shti, qazi-qarta, dumba yog‘i, o‘rmon yong‘og‘i (kedr yong‘og‘i), bug‘doyning oqish maysasi, qora shokolad, mayiz, qo‘y go‘shti, siyohrang piyoz, bedana tuxumi, mosh, loviya, no‘xat, dolchin, zig‘ir yog‘i, devzira guruch, murch, qora choy, novvot kiradi.
O‘z nasli xaqida qayg‘urgan erkaklar zararli odatlari (ichish,chekish va giyohvandlik)dan o‘zlarini tiysalar va pala-partish jinsiy hayotning umrga zavolligini tushunib yetsalar, jufti halollarining sog‘lig‘i haqida qayg‘ursalar, albatta tug‘ilajak farzandlari sog‘lom va durkun bo‘ladi.
Hayotda komil va solih farzandlar tarbiyalash har bir ota-onaning ezgu tilagi va baxtidir. Bu baxt barcha yurtdoshlarimizga nasib etsin.
Gulchehra ShIRINOVA
“Sog‘lom avlod” gazetasida chop etilgan.