O‘zbekiston tabiati dunyo sayyohlarini o‘ziga rom etmoqda
Iqtisodiyotning rivoji va mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmining o‘sishida turizmning o‘rni beqiyos. Sir emaski, jahonning ko‘pgina davlatlari byudjetining kattagina qismi xalqaro turizm orqali kelgan daromad ulushi hisobiga shakllanadi.
O‘zbekistonda ham ushbu sohani rivojlantirish va shu yo‘l bilan yurtimiz iqtisodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjud.
Quvonarlisi, serquyosh o‘lkamizga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Mamlakatimizga tashrif buyuruvchi mehmonlarning aksariyat qismi yurtimizning boy madaniy-tarixiy yodgorliklari bilan tanishishga katta qiziqish bildirmoqda.
Hozirda respublikamiz hududida 7 mingdan ortiq arxitektura, tarixiy va tabiiy yodgorliklar, shu jumladan, YUNYeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi shaharlar, go‘zal tabiiy landshaftlar, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosi mavjud. Bularning barchasi sayyohlarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
Dunyo davlatlari tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirda turistlarda muayyan bir mavzuga asoslangan yo‘nalishlar bo‘yicha sayohat qilish istagi mavjud. Ular biror mintaqa yoki mamlakatni to‘laligicha emas, balki o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishishni istaydi.
Ona tabiatga ziyon yetkazmagan holda uning go‘zal va betakror maskanlaridan zavq olishga qaratilgan ekoturizm sohasi keyingi yillarda sayyohlikning taraqqiy topib borayotgan yo‘nalishi sanaladi. Bu borada esa mamlakatimizda imkoniyatlar bisyor.
Xususan, Jizzax viloyatida yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlarning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari va nabotot, hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ayniqsa, “Zomin” o‘rmon zonasi, Baxmal va Forish tog‘lari, Qizilqum cho‘llari, Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi ekoturizmga qiziquvchi sayyohlar orasida anchayin mashhur.
Ta’kidlab o‘tish joizki, 2010 yilda hududda 800 million so‘mlik sayyohlik xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘tgan besh yilda mazkur ko‘rsatkich 15 barobarga o‘sdi. Hududga tashrif buyuruvchilar, 2013 yilda 204 nafardan 2015 yilda 3500 nafarga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichlarga qarab, vohada turizm sohasining yildan-yilga o‘sib borayotganini kuzatish mumkin.
Yurtimiz tarixiy qadamjolarning ko‘pligi jihatidan dunyoda yetakchi 10ta mamlakat qatoridan o‘rin egallagan. Shu jumladan, Jizzax viloyati ham o‘zining 372 ta madaniy meros ob’yektlari, shundan 42 ta tarixiy obida va muqaddas ziyoratgohlar, 267 ta arxeologik manzilgohlar, 63 ta monumental yodgorliklar (haykallar, byustlar)i bilan alohida ajralib turadi. Shundan qariyb 270 tasi ekologik ob’yekt hisoblanadi. “Zomin” davlat milliy bog‘i, “Zomin” davlat tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi, “Nurota” davlat tabiat buyurtmaxonasi, Turkiston, Nurota, Morguzar tog‘ tizmalari yon bag‘ridagi hamda Qo‘ytoshdagi o‘rmonlar, landshaftlar, tosh haykallar, qoya toshlardagi qadimiy rasmlar, Sangzor, Zominsuv daryolari, Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi shular jumlasiga kiradi.
– Turizm sohasi yaxlit bir tizim sifatida barqaror rivojlanib bormoqda. Buni soha ravnaqi yo‘lida hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qator qaror va qonunlar misolida ko‘rish mumkin, – deydi “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasining Jizzax viloyati bo‘yicha vakolatli vakili Lola Sanayeva.
Chet eldan tashrif buyuruvchilar tub aholi vakillarining xonadonlarida mehmon bo‘lishni xush ko‘rishadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa o‘zbek xalqi urf-odatlari, yashash tarzi bilan yaqindan tanishish va albatta, jahonga mashhur milliy taomlarimizdan bahramand bo‘lishdir. Qonun hujjatlariga ko‘ra fuqarolar o‘z uylarida sayyohlarni qabul qilish uchun xonadonini noturarjoy sifatida rasmiylashtirishi shart emas. Litsenziyani olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati ham bir oyga qisqartirildi. Oldinlari turizm yo‘nalishida biznesni yo‘lga ko‘yish uchun linsenziya olish yoki tegishli ro‘yxatdan o‘tishda nizom jamg‘armasi eng kam ish haqining 400 barobari miqdorida shakllantirilishi talab etilgan bo‘lsa, endilikda bu miqdor eng kam ish haqining 10 barobariga tenglashtirildi. Natijada uzoq tog‘li hududda joylashgan qishloqlar aholisi muqim ish o‘rniga, daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.
Yaqin kunlar ichida Forish tumanida O‘lkashunoslik muzeyi o‘z faoliyatini boshlaydi. Shuningdek, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘oqlarida ekotururizm yo‘nalishida 2,2 milliard so‘mlik 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra xorijiy va mahalliy sayyohlarni qabul qilishga mo‘ljallangan 150 o‘rinli beshta maskan bunyod etilmoqda. Baliq ovlash, suv havzalariga sayohat, ornitologik turizm kabi yo‘nalishlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Zamonaviy kempinglar va milliy o‘tovlarda mazmunli hordiq chiqarish, tuya va otda sayr qilish, qimron tayyorlash jarayoniga guvoh bo‘lish va uning ajabtovur mazasini totib ko‘rish sayyohlarda unitilmas taassurot qoldirishi tabiiy. Bundan tashqari viloyatda 2016–2019 yillarda umumiy qiymati 15,4 milliard so‘mlik 32 ta turizm inshooti foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu orqali esa 205 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Joriy yil yakunida sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 1,3 foizga, 2019 yilga borib 5 foizga yetishi ko‘zda tutilgan. Shubha yo‘qki, yaqin yillarda Jizzax viloyati o‘zining ko‘rkam tabiati bilan sayyohlar dam olishga mo‘ljallangan betakror markaz sifatida e’tirof etiladi.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri