Bepul tibbiy tekshiruvlar uchun sertifikatlar berildi
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yurtimizdagi ehtiyojmand oilalar vakillari bo‘lgan ayollar va bolalarni chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkillashtirish maqsadida xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Mustaqillik yillarida yurtimizda zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan, yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatadigan 10 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi tashkil etildi. Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimidagi 2 ming 994 ta QVP va 110 ta oilaviy poliklinikalarda 10 ming nafar oilaviy shifokor va 350 mingdan ziyod patronaj hamshiralar aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va tibbiyot sohasi vakillari, OAV xodimlari ishtirokida 50 nafarga yaqin ayollar hamda bolalarga Yevropa mamlakatlaridan keltirilgan yuqori sifatli tibbiy diagnostik reaktivlar vositasida ko‘rikdan o‘tishlarini kafolatlovchi sertifikatlar topshirildi.
Charos XUSHVAQTOVA