Ravon yo‘llar – saodatli manzillarga eltadi

Oqshom shukuhiga cho‘mgan Toshkentni kuzatganmisiz? Kunduzgidan qolishmaydigan fayzli ko‘chalar, kishilar tabassumi va quvonchiga guvoh xiyobonu bog‘lar, rangorang chiroqlar bilan burkangan shahar kishi qalbiga ajib hislarni jo etadi.

Ana shunday paytda Ural aka Bayseitov yaxshi kayfiyat ila Toshkent metropolitenida ish boshlaydi. Bu kishining zimmasida mas’uliyatli, shu bilan birga jiddiy vazifa bor. Tajribali, ko‘pni ko‘rgan, umrining qariyb 35 yildan ortig‘ini shu sohaga baxshida etgan qahramonimiz har gal ish joyiga kirib kelarkan Yaratgandan kasbi koriga baraka va xotirjamlik so‘rab, ostona hatlaydi.

Ural Bayseitovni ish joyida Hojiakbar aka qarshi oladi. Bosh muhandisga temir yo‘llarning hozirgi holati, texnik jihozlarning sozligi haqida ma’lumot beradi. Ural aka hamkasbining so‘zlarini diqqat bilan tinglab, ish libosini kiyadi-da, darhol kunbo‘yi vagonlar qatnab, biroz tin olgan temir yo‘llarni tekshiruvdan o‘tkazish uchun yer osti yo‘laklariga yo‘l oladi…

…Poytaxtimiz faxri va ko‘rki bo‘lmish Toshkent metropolitenini qurish ishlari 1972 yil 25 iyulda boshlangandi. 1977 yil noyabr oylarida uzunligi 12 km bo‘lgan 9 bekatli Toshkent metropolitenining birinchi yo‘li ishga tushirilishi, poytaxt aholisini cheksiz quvontirdi. Oradan ko‘p o‘tmay 3 bekatli, 4 km uzunlikdagi Chilonzor yo‘lining ikkinchi qismi – Amir Temur xiyoboni bekatidan “Buyuk ipak yo‘li” bekati ish boshladi. Harbiy xizmatni o‘tab qaytgan Ural aka Bayseitov metropolitenga yo‘l ustasining yordamchisi lavozimiga ishga qabul qilindi. Yosh mutaxassis qurilish ishlarida o‘z mehnatini ayamadi, malakali hamkasblari bilan birga mehnat qilib, tajriba orttirdi. Navbatdagi Alisher Navoiy bekatidan “Chorsu” bekatigacha bo‘lgan uchinchi yo‘l ishga tushirilishida bevosita Ural akaning salmoqli hissasi bo‘ldi.

Metropolitenning o‘ziga xos katta va murakkab xo‘jaligi bor. Unda elektrta’minot, elektromexanika, bekatlarning estetik ko‘rinishini, inshootlarning, tunnel qurilmalarining sozligini ta’minlash xizmati, tunnel inshootlari, signallashtirish va aloqa, harakat xizmati, barcha yo‘llarda poyezdlar harakatini ta’minlash, harakat tarkibini soz holatda saqlash va yo‘lovchilarni manzillariga jadval asosida tez va xavfsiz yetkazishni ta’minlovchi “Chilonzor” va “O‘zbekiston” elektrdepolari hamda harakat tarkibini ta’mirlash deposi, shuningdek, aynan qahramonimiz boshchilik qiladigan yo‘l xizmati mavjud.

Yo‘l xizmati bo‘limining tekshiruvi asosan, tun yarmida, poyezdlar qatnovi to‘xtaganidan keyin boshlanadi. Ushbu bo‘lim Toshkent metropolitenining birinchi yo‘li qurilishida tashkil etilgan bo‘lib, uning ishchi guruhlari tun yarmidan to elektr poyezdlarning ishga tushguniga qadar 80 kmdan ziyod temir yo‘llarning, 150dan ziyod yo‘ldan yo‘lga o‘tkazuvchi ko‘rsatkichlar, poyezdlar elektr quvvat oluvchi 80 km. dan ziyod kontakt relslar va relsosti shpalalarning sozligini ta’mirlashadi. Kun davomida bir yo‘nalishdan 400 marta poyezd qatnaydi. Tabiiyki, temir yo‘llarning tekshiruvini ortga surmay, ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bunda esa bo‘lim xodimlarining xizmati yaqqol namoyon bo‘ladi.

Yana o‘qing:  “Iste’dod” xalqaro tanlovi boshlandi

Tajribali muhandis temir yo‘llarni nazorat qilish borasida so‘zlar ekan ish faoliyatidagi bir voqeani so‘zlay ketdi:

– Ana shunday tekshiruvlar chog‘ida “Novza” bekati oralig‘idagi temir yo‘llarda nuqson aniqlangan, – deydi qahramonimiz. – Metropoliten o‘z ish faoliyatini boshlashiga taxminan bir soat vaqt qolgandi. Shoshilish zarur. Uzunligi bir necha metrlik relslarni qiyinchilik bilan almashtirishga to‘g‘ri kelgandi o‘shanda. Hozirgi kunda Toshkent metropolitenida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qator farmoyish va qarorlari asosida texnologik jihozlarni yangilash, temir yo‘l relslarini almashtirish, eskalatorlarni yangilash hamda O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Toshkent vagonlarni qurish va ta’mirlash” zavodida metropolitenning vagonlarini modernizatsiyalash va uning tasarruf davrini 15 yilga uzaytirish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida metropoliten tarkibidagi bo‘limlar singari Yo‘l xizmati bo‘limining ish faoliyatida bir qator yangilanishlar va qulayliklar yaratildi. Xorijdan keltirilgan zamonaviy dastgohlar ish su’ratining oshishiga zamin bo‘lmoqda.

 

Hozirgi kunda Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 39 km bo‘lib, 29 ta bekat, 2 ta elektrodepo va harakat tarkibini ta’mirlash va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish deposi faoliyat ko‘rsatmoqda.

 

Metropolitenning uchinchi yo‘nalishi “Yunusobod yo‘li” qurib bitkazilishida ham shu sohada faoliyat yuritib kelayotgan Ural aka Bayseitov kabi ko‘plab fidoyilarning mehnati singgan. Izlanuvchanligi, mas’uliyatliligi, o‘z kasbiga nisbatan fidoyiligi tufayli Ural aka Beyseitov metropolitenning “Yunusobod yo‘li” qurilishida faol ishtirok etdi hamda xizmatlari va qurilishda ko‘rsatgan jonbozligi uchun 2001 yilda “Do‘stlik” ordeni, Toshkent shahar yo‘lovchi tashish transporti “Faxriy xodimi” unvoni bilan mukofotlandi.

Ural aka ko‘p yildan buyon shu yerda mehnat qilsa-da, har safar yorug‘ va keng bekatlarni ko‘rganida ko‘ngli entikib, ruhiyatini ko‘tarinkilik egallaydi. Umrini nainki yurtimizning, balki Markaziy Osiyoning faxri bo‘lmish Toshkent metropoliteniga baxshida etganidan ko‘ngli faxr-iftixorga to‘ladi.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: