Ijtimoiy tarmoqlar: muammoning yechimi nimada?
Ijtimoiy tarmoqlar haqida so‘z yuritar ekanmiz, uning yoshlar ongiga ta’siri haqida to‘xtalmay ilojimiz yo‘q. Zero, yildan-yilga ulardan foydalanuvchilar soni ortib bormoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoq a’zolarining o‘rtacha yoshi 14–21 yoshni tashkil etadi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, ayni o‘qish davridagi ayrim o‘smir-yoshlar bo‘sh vaqtini turli bo‘lmag‘ur narsalarga sarf etib, o‘z kelajaklarini xavf ostiga qo‘ymoqda. Eng achinarlisi, tarmoq orqali ma’lumot almashayotgan yoshlar yot va noto‘g‘ri axborotlarni qabul qilish orqali yomon niyatli insonlar tuzog‘iga tushib qolmoqda.
Yana bir gap: ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadigan yoshlarning aksariyati ma’lumot almashish jarayonida oddiy til me’yorlariga rioya etmaydi. “Bu shunchaki yozishmalarning zamonaviy ko‘rinishi, shunga shunchami” dersiz. Gap millatning o‘zligi haqida ketarkan, bu masalaga shunchaki ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Yodimda, o‘quvchilik davrida ona tili darsida yozma ishni intizorlik bilan kutardik. Sinfdoshlarim bilan “kim kam xato yozadi”, deya o‘tkazgan musobaqalarimizning o‘zgacha gashti bor edi. Xatolarimiz ustida ishlash qiyin bo‘lsa-da, buning ortida g‘urur va sha’nimiz turishini dildan his etardik. Shuning uchun topshiriqni bexato yozishga urinardik.
Ma’lumki, bugungi kunda yoshlarimiz orasida android tizimida ishlovchi smartfonlar urfga kirgan. Chunki, mazkur smartfonlar aynan ijtimoiy tarmoqlarda ishlashni osonlashtirish uchun yaratilgan. Biz bir narsani tushunishib olmog‘imiz lozim. Farzandimizni qo‘l telefoni orqali internetdan foydalanishini cheklash yoki taqiqlash orqali muammoni butkul hal eta olmaymiz. Aksincha, bu orqali masalani yanada murakkablashtirishimiz hech gap emas. Shunday ekan, yoshlarga “internetda ishlash odobi”ni o‘rgatish kerak bo‘ladi. Zero, farzandlarimizni zamon ruhiga mos, shu bilan birga, milliy urf-odat va an’analarimizga sodiq ruhda tarbiyalash har birimizning muqaddas burchimizdir.
Mayna HASANOVA