O‘ZBEKISTON TA’LIM TIZIMI: YANA BIR YUKSAK E’TIROF
Ma’lumki, mustaqillik yillarida mamlakatimiz erishgan ulkan yutuq va marralar haqida so‘z yuritilganda, boshqa muhim sohalar qatori ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, onalik va bolalikni himoya qilish borasida amalga oshirayotgan umummilliy dasturlarimiz, ularning ulkan amaliy natijalari birinchi navbatda tilga olinadi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki bugungi kunda har qaysi xalq, davlat va jamiyatning taraqqiyot darajasi avvalambor uning inson kapitaliga, inson rivojiga berayotgan e’tibori, shu yo‘ldagi sa’y-harakatlari bilan o‘lchanadi. Jahondagi eng nufuzli tashkilot — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga ayni shu masalalarning ustuvor yo‘nalishlar sifatida kiritilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston o‘z mustaqil taraqqiyotining birinchi kunlaridan boshlab inson, uning huquq va manfaatlarini oliy qadriyat sifatida ulug‘lab, bu g‘oyani davlatimiz Konstitutsiyasida huquqiy qoida shaklida mustahkamlab qo‘ydi. Shu asosda o‘tgan davrda g‘oyat keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, inson manfaatlarini ta’minlash barcha o‘zgarish va islohotlarimizning bosh maqsadiga aylandi. Bu haqda Prezidentimiz Islom Karimovning BMT Bosh assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan oliy darajadagi yalpi majlisi minbaridan turib so‘zlagan nutqi va boshqa chiqishlarida atroflicha fikr yuritilgani, bu borada yaqin va olis istiqbolga mo‘ljallab qabul qilingan strategik dasturlarimizning mazmun-mohiyati keng bayon etilgani jamoatchiligimizga yaxshi ayon, albatta.
O‘z vaqtida uzoqni ko‘zlab ishlab chiqilgan, izchillik bilan amalga oshirilayotgan, dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan umumilliy dasturlarimiz tufayli ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, onalik va bolalikni himoya qilish, bolalar sportini rivojlantirish, yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali tizim, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos model shakllandi.
Eng muhimi, ularning har biri yurtimizda yangi demokratik jamiyat qurish konsepsiyasining uzviy tarkibiy qismi sifatida buyuk kelajagimiz binosini barpo etishda g‘oyat muhim rol o‘ynamoqda. Bu dasturlar tobora amaliy hayotimizdagi real qadriyatga, yangicha hayot va dunyoqarash negiziga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Bugungi kunda bu yo‘lda qat’iyat bilan olib borilayotgan ishlarning aniq natijalarini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his etayotgani, ularning ongu tafakkuri, ma’naviy olami ana shunday o‘zgarishlar tufayli yuksalib borayotgani shunday deb ta’kidlashga asos beradi.
Bu haqda gapirganda, o‘tgan yilning noyabr va shu yilning fevral oylarida mamlakatimiz poytaxtidagi Simpoziumlar saroyida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” hamda “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash — mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzusidagi xalqaro konferensiyalar haqida eslash o‘rinlidir. Xususan, yuqorida zikr etilgan ikkinchi xalqaro anjumanda dunyodagi 8 ta nufuzli xalqaro tashkilot va 48 davlatdan 270 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ularning barchasi Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturi doirasida yurtimizda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishib, maktablarda, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida, oliy o‘quv yurtlarida bo‘lib, O‘zbekistonda ta’lim sohasida shakllangan samarali modelni yuksak baholadilar, bu borada to‘plangan tajribalarni boshqa mamlakatlar uchun namuna sifatida tavsiya etish mumkin, degan xulosaga keldilar.
Ta’kidlash kerakki, bunday e’tiroflar geografiyasi keyingi paytda tobora kengayib, ular aniq ilmiy-amaliy tadqiqotlar, xalqaro tahliliy hujjatlarda ham o‘z aksini topmoqda. Buning tasdig‘ini xalqaro media olamida mashhur bo‘lgan CNN kompaniyasining AQSH, O‘zbekiston va jahonning boshqa davlatlarida ta’limning holati to‘g‘risida yaqinda e’lon qilingan qiyosiy axboroti misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Shunisi e’tiborliki, bu axborot Fransiyaning nufuzli “Insead” xalqaro biznes maktabi va Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT) tomonidan tayyorlanib, shu yilning 3 iyulida e’lon qilingan “2012 yildagi innovatsiyalarning global indeksi” deb nomlagan tahliliy ma’ruzaga asoslanadi.
Aytish kerakki, ushbu tadqiqot dunyo mamlakatlarining innovatsion rivojlanish borasidagi 80 ta ko‘rsatkichini o‘z ichiga oladi. Tadqiqot 2012 yilda 141 ta mamlakatni qamrab oldi. Bu mamlakatlar jahon miqyosida yalpi ichki mahsulotning 99,4 foizini ishlab chiqarishi, sayyoramiz aholisining 94,9 foizi aynan shu davlatlarda istiqomat qilishini inobatga oladigan bo‘lsak, mazkur tadqiqotning ko‘lami, salmog‘i va geografiyasini o‘zimizga yaqqol tasavvur qilishimiz mumkin.
Ma’ruza mualliflarining fikriga ko‘ra, dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining muvaffaqiyatli rivojlanishi innovatsion salohiyat va qulay shart-sharoitlarning mavjudligi bilan bevosita bog‘liqdir. Bunday holatni baholashda har qaysi mamlakatning innovatsiyalar bo‘yicha indeksi alohida o‘rin tutadi. Mazkur indeks esa quyida bayon etilayotgan ikki guruh ko‘rsatkichlar bo‘yicha yig‘ilgan umumiy baholar asosida hisoblanadi. Birinchi guruh — innovatsiyalarni amalga oshirsh uchun mavjud resurs va sharoitlar (institutlar; inson kapitali va tadqiqotlar; infratuzilma; ichki bozor va biznesning rivojlanishi). Ikkinchi guruh — innovatsiyalarni amalga oshirishning amaliy natijalari (texnologiyalar va iqtisodiyot haqidagi bilimlarni rivojlantirish; kreativ faoliyat natijalari). Yakuniy indeks xarajatlar va erishilgan samara o‘rtasidagi nisbatni namoyon etadi va bu o‘z navbatida tadqiqotda qamrab olingan har qaysi mamlakatdagi innovatsiyalarni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarni xolis baholash imkonini beradi.
Biz uchun g‘oyat quvonchli tomoni shundaki, ta’lim sohasidagi innovatsiyalar ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston ushbu reytinglar ro‘yxatida 75,38 ball bilan dunyoda ikkinchi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘rinni esa 75,70 ball bilan Irlandiya band etgan. Daniya, Yangi Zelandiya, Islandiya, Belgiya singari bir guruh rivojlangan Yevropa va boshqa qit’a mamlakatlari ushbu ro‘yxatning keyingi o‘rinlaridan joy olgan.
Katta moliyaviy resurslarga ega bo‘lgan Saudiya Arabistoni 65,49 ball bilan 15-o‘rinni egallagan bo‘lsa, dunyoning eng qudratli davlatlari bo‘lmish AQSH 31-o‘rinni (61,34 ball), Xitoy esa 67-o‘rinni (52,23 ball) band etgan. Belarus 60,55 ball bilan 36-o‘rinni, Rossiya 55,18 ball bilan 55-o‘rinni egallagan.
Sobiq sovet hududidagi boshqa mamlakatlar haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, ular reytingda quyidagicha joylashgan: Qozog‘iston 69-o‘rin, Qirg‘iziston 72-o‘rin, Armaniston 85-o‘rin, Gruziya 87-o‘rin, Ozarboyjon 89-o‘rin, Tojikiston 107-o‘rin.
Tadqiqotga binoan, ta’lim tizimi rivojlanishining qator ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi ko‘plab davlatlardan ilgarilab ketgan. Xususan, davlatning ta’lim tizimi rivoji, maktablarni kapital qurish va yangilash uchun yo‘naltirayotgan sarf-xarajatlari, o‘quvchilarning umumiy soniga nisbatan o‘qituvchilarning soni necha foizni tashkil etishi, aniq fanlar va muhandislik ishi sohasidagi bitiruvchilar soni, GMAT, ya’ni o‘quvchilarning biznes maktablarida muvaffaqiyatli ta’lim olish qobiliyatini aniqlash uchun standartlashgan test asosidagi o‘quvchilarning o‘rtacha bahosi va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekistonning natijalari boshqa mamlakatlardan yuqori ekani tahliliy misollar orqali ayon bo‘ladi.
Zikr etilgan tadqiqotda O‘zbekistonning bu borada erishgan yutuqlarining asosiy mezon va omillari haqida atroflicha fikr yuritiladi. Ayniqsa, inson kapitali va tadqiqotlar uchun investitsiyalar, ta’lim rivojiga qaratilgan davlat xarajatlarining darajasi va umuman, ta’lim tizimining holati O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va innovatsion salohiyatining eng kuchli tomonlaridan biri ekani alohida ta’kidlanadi.
Shu munosabat bilan muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi fikrlarini esga olish o‘rinlidir: “Biz yashayotgan XXI asr — intellektual boylik hukmronlik qiladigan asr. Kimki bu haqiqatni o‘z vaqtida anglab olmasa, intellektual bilim, intellektual boylikka intilish har qaysi millat va xalq uchun kundalik hayot mazmuniga aylanmasa, bunday davlat jahon taraqqiyoti yo‘lidan chetda qolib ketishi muqarrar”.
Aytish kerakki, bir paytlar umumbashariy rivojlanishdan chindan ham chetda qolib ketgan xalqimiz o‘tmishning achchiq tajribasidan to‘g‘ri saboq chiqarib, mustaqillik yillarida ilm-ma’rifatga, intellektual taraqqiyotga intilish, yoshlarimizni aynan shu ruhda tarbiyalash masalasini o‘zi uchun eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olgani va bu borada ulkan amaliy samaralarga erishayotgani tufayli bugungi kunda O‘zbekiston jahon taraqqiyotining oldingi saflariga chiqib bormoqda. Buni yuqorida zikr etilgan reyting natijalari ham yaqqol isbotlab turibdi.