“Abituriyent – 2016”: talabalik uchun sinovda kim g‘olib bo‘ladi?

Insonning komillik sari tashlagan har bir qadami uning dunyoqarashi, ilmga bo‘lgan intilishi bilan bevosita bog‘liq. Hayotdagi omad pillapoyalarini bir-bir bosib yuqorilash uchun ham undan aynan bilim talab qilinishi isbot talab qilmas haqiqatdir. Yuksaklikka intilgan odamgina o‘zi istagan marraga erisha oladi. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish uchun kelgan yosh o‘g‘il-qizlarga nazar solsangiz, ulardagi ilmga bo‘lgan ishtiyoq, g‘ayratni ko‘rib havasingiz keladi. Bu manzaraga guvoh bo‘lganlardan biri yoshlikka qaytishni istasa, boshqasi kelajakda farzandining ham oliy ma’lumotli bo‘lishini ko‘ngliga tugib qo‘yadi. Yana kimningdir talabalikning oltin davrida erisha olmagan yutuqlari ko‘z oldidan o‘tadi.

Muhtaram Prezidentimizning 2016 yil 26 may kuni “2016–2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Mazkur qaror oliy o‘quv yurtlarining aniq yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha bitiruvchilarga tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashuvi monitoringi asosida 2016–2017 o‘quv yilida o‘qishga qabul kvotalari belgilab berildi. Unga ko‘ra, joriy o‘quv yilida mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga 57 ming 907 nafar talaba qabul qilinadi. Ulardan 19 ming 120 nafari davlat granti, 38 ming 787 nafari to‘lov shartnoma asosida o‘qishni davom ettiradi.

Shuni ta’kidlash joizki, Prezidentimizning joriy yilning 13 maydagi farmoniga binoan tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga 300 nafar qabul kvotasi belgilangan. Talabalardan 150 nafari davlat granti, 150 nafari to‘lov-shartnoma asosida tahsil oladi.

Bu yilgi test jarayonini tashkil etishga oid tayyorgarlik ishlariga har yilgidan ko‘ra puxta hozirlik ko‘rildi. Oliy, oliy harbiy va o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qabul bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlariga Davlat test markazi vakillari sifatida ishtirok etishi belgilangan 5 ming 725 nafar nomzod uchun test sinovi o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amaliy seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi. Ular tomonidan auditoriya rahbari va kuzatuvchi sifatida ishtirok etadigan 127 mingdan ortiq nomzod pedagog kadrlar uchun amaliy seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Toshkent davlat stomatologiya instituti hovlisidagi qabul jarayonini kuzatar ekanmiz, bu yerda abituriyentlar soni har yilgidan ham ko‘pligiga guvoh bo‘ldik. U yerda oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshiruvchilar bilan birga, ularning ota-onalari uchun yaratib berilgan sharoitlar tahsinga loyiq.

Yana o‘qing:  Tashabbuskor yoshlar

– 2016–2017 o‘quv yili uchun muassasamizda talabalar uchun 190 ta o‘rin ajratilgan, – deydi qabul komissiyasi mas’ul kotibi Avzal Akbarov. – Hozirda abituriyentlar uchun professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘zbek va rus tillarida maslahatlar berilmoqda. Muassasa hovlisida abituriyentlar uchun e’lon taxtalari osib qo‘yilgan bo‘lib, ular o‘zlari uchun kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishadi. Oliy ta’lim muassasamizda barcha sharoitlar yaratilgan. Ariza yozayotgan yosh o‘g‘il-qizlarni institut hududida joylashtirilgan monitor orqali ota-onalar onlayn tarzida kuzatib borishlari mumkin.

– 4 nafar farzandim bor. Ulardan 3 nafari oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Endi navbat kenjatoyimga keldi, – deydi Umida Qurbonova. O‘g‘lim Humoyun yoshligidan tish shifokori bo‘lishni orzu qiladi. Shu sabab bir yil test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Institutda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, farzandimning Vatanimiz koriga yaraydigan yetuk kadr bo‘lib yetishi uchun barcha imkoniyatlar borligiga yana bir bor ishonch hosil qildim.

O‘g‘il-qizlari bilan hujjat topshirishga kelgan barcha ota-onalarning qalbi hayajonga to‘la. Ular farzandlarini talaba degan nomga tezroq musharraf bo‘lishini chin dildan istashmoqda.

– Bu yil muddatli harbiy xizmatni namunali ado etib, oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun imtiyozga ega bo‘ldim. Test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rganman. Maqsadim qo‘li yengil shifokor bo‘lish, – deydi Iskandar Shermatov.

Mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlar bisyor. Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqilgan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida yaratilgan malakali kadrlar tayyorlash tizimi o‘zining yuksak samarasini berayotgani barchani quvontiradi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, 2017 yildan boshlab abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish muddatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra hujjatlarni qabul qilish 15 iyundan 15 iyulgacha etib belgilandi.

Talabalik baxtiga musharraf bo‘lish maqsadida tunni kunga ulab, test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlarning qay darajada bilimga ega ekanliklarini “g‘alvir suvdan ko‘tarilgach” bilib olamiz. Shunday ekan, imtihonga tayyorgarlik ko‘rishda sizlarga kuch-g‘ayrat tilaymiz, aziz abituriyentlar!

 

Davlat test markazi tomonidan olingan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, 2016–2017 o‘quv yilidan boshlab respublikamizdagi 13 ta oliy ta’lim muassasasida 18 ta yangi ta’lim yo‘nalishi ochildi va ular bo‘yicha qabul kvotalari belgilandi:

Yana o‘qing:  Mutolaa – yagona yechim

Toshkent davlat texnika universitetida 8 ta: quymakorlik texnologiyalari, energiya mashinasozligi, muqobil energiya manbalari, mexatronika va robototexnika, intellektual muhandislik tizimlari, elektron apparaturalar ishlab chiqarish texnologiyasi, lazer texnologiyalari va optoelektronika, biotibbiyot muhandisligi;

– Toshkent arxitektura-qurilish institutida 3 ta: neft-gazni qayta ishlash sanoati ob’yektlarini loyihalashtirish va qurish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini loyihalashtirish va ekspluatatsiyasi, kommunal infratuzilma va uy-joy kommunal xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish;

– Toshkent kimyo-texnologiya institutida 1 ta: rezinotexnika buyumlari ishlab chiqarish texnologiyasi;

– Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 1 ta: o‘zbek-ingliz tarjima nazariyasi va amaliyoti;

– Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida 1 ta: muqobil energiya manbalari;

– Toshkent tibbiyot akademiyasida 1 ta: tibbiy-biologik ish;

– O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 1 ta: san’atda animatsiyaviy va multimediyaviy loyihalash;

– Toshkent davlat agrar universiteti va uning Nukus filiali, shuningdek, Andijon qishloq xo‘jaligi institutida 2 ta: dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi, o‘rmonchilik va o‘rmon melioratsiyasi yangi ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabuli amalga oshiriladi.

 

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bakalavriat yo‘nalishiga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar hujjatlarni elektron shaklda taqdim etishlari mumkin. Mazkur xizmat turi yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida test rejimida ishga tushirildi. Xizmatdan foydalanish uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan ro‘yxatdan o‘tish va maxsus elektron raqamli ro‘yxatni qo‘lga kiritish kerak bo‘ladi. Hujjat topshirish uchun pasport, attestat yoki diplom hamda 3, 5×4, 5 shakldagi fotosuratning elektron nusxasi talab etiladi. Hujjatlarning qabul qilingani haqida ma’lumot foydalanuvchining portaldagi shaxsiy xonasiga yoki elektron pochtasiga yuboriladi. Mazkur loyiha muvaffaqiyat bilan sinovdan o‘tkazilganidan so‘ng bunday tizim yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Ayni paytga qadar Respublika bo‘yicha onlayn xizmatdan 2 ming 891 nafardan ziyod abituriyent foydalandi.

 

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: