Tinchlik kuyin kuylayotgan favvoralar

Yoz. Yilning eng qaynoq fasli. Quyosh o‘zining zarrin nurlarini olam uzra beminnat sochayotgan bir pallada ko‘ngil salqin oshiyon izlaydi.

Azim poytaxtning ajoyib go‘shalari, so‘lim bog‘lari, ayniqsa, ko‘kka intilib raqsga tushayotgan favvoralari shahar husniga husn qo‘shib, atrofga salqinlik baxsh etadi. O‘qish yoki ish tomon otlangan har bir inson borki, manziliga yetib borguniga qadar bir qancha favvoralarga duch keladi. Ular atrofi insonlar bilan gavjum. Turli kuy-qo‘shiq va raqslar esa yig‘ilganlarga xushnudlik baxsh etadi. Beixtiyor, shunday tinch va osuda zaminda yashayotganingizga shukrona keltirasiz. Dur misol osmonga talpinayotgan tomchilarning harakatlanishini kuzatib, vaqtning qanday o‘tganini bilmay qolasiz.

Quyosh o‘z o‘rnini musaffo osmon to‘la oy-u yulduzlarga bo‘shatib berishi bilan, kunduzi tomosha qilgan manzaraning ajib, sirli tarovati butunlay boshqa ko‘rinishda ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Endi samoga talpinayotgan billur tomchilar sizni nafaqat raqsi bilan, balki ajabtovur kamalak misol ranglari bilan o‘z olamiga tortadi. Ko‘ngildagi g‘uborlar, ishdagi toliqishlar barham topib, qalbingiz musaffolashadi, o‘ylar ravshanlashadi.

Favvoralar atrofida sayr qilayotgan turli yoshdagi insonlarni asta kuzataman. Suvning harakatlanishiga mahliyo bo‘lib turgan nigohlarda hayrat mujassam. Ayniqsa, baxtiyor bolalik gashtini surayotgan kichkintoylarning raqsini aytmaysizmi?! Ha, bularning barchasi istiqlol sharofati, tinchlik mevasi.

– Mamlakatingizga ikkinchi bor kelishim, – deydi kun chiqar mamlakatdan tashrif buyurgan mehmon Osama Katano. – Uning ajoyib tabiati meni o‘ziga maftun etadi. Ayniqsa, poytaxtingizdagi Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston davlat akademik katta teatri oldida joylashgan go‘zal favvorani tomosha qilish menga huzur bag‘ishlaydi. Yurtingizda yashayotgan insonlarning mehmondo‘stligi, ochiq ko‘ngilligini alohida qadrlayman.

O‘z xalqing, millating haqida iliq fikrlarni eshitishdan maroqli narsa bo‘lmasa kerak.

– O‘tgan yili oliy ta’lim muassasasini tamomlagach, ona shahrim Shahrisabzga qaytdim. Bir yildan so‘ng kursdosh do‘stlarimiz bilan poytaxtimizning “Hadra” maydonida joylashgan favvora atrofida yig‘ildik. Buni qarangki, o‘tgan shu qisqa vaqt ichida Toshkent o‘zgacha chiroy ochibdi. Ravon yo‘llar, muhtasham inshootlar, zamonaviy mehmonxonalarni ko‘rib, hayratda qoldim, – deydi Erkin Abdiyev.

Poytaxtimizning Sergeli tumanida joylashgan ajoyib favvora atrofi odamlar bilan gavjum. Jonli kuy-qo‘shiqlar tuman aholisi xursandchiliga sabab bo‘lmoqda.

Yana o‘qing:  Suzish havzalari – orombaxsh

– Esimda, ushbu favvora qurilmasidan ilgari, mazkur hudud o‘rnida yantoqlar o‘sib yotardi. O‘sha paytda bu yerda shunday katta savdo majmuasi, insonlarning hordiq chiqarishi uchun favvora quriladi, desa hech kim ishonmasdi. Shukrki, shunday kunlarni ko‘rdik. Nabiramni har kuni kechki payt shu yerga sayr uchun olib chiqaman. Uning xursandligini ko‘rib, men ham quvonaman. Shunday tinch diyorda yashayotganimga Yaratganga shukronalar aytaman, – deydi Mashkura opa Islomova.

Hayot aksi mujassamlashgan, mavjlanib harakatlanayotgan favvoralarga boqaman. Shubhasiz, ular ham tinchlik kuyin kuylamoqda.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: