Unutilmas taassurotlar bilan
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 223-umumta’lim maktabi qoshida faoliyat yuritayotgan “Kamalak” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida birinchi mavsum yopilishiga bag‘ishlab “Xayr, oromgoh” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi.
– Birinchi mavsumda 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 145 nafar o‘quvchi hordiq chiqardi. Bolajonlar maroqli dam olishlari uchun Gulnora Tursunova, Matluba Ergasheva, Mastura Mamatqulova, Shahlo Asadova, Mohira Usmonova va Iroda Mirzakarimova kabi guruh tarbiyachilari sidqidildan mehnat qilishdi, – deydi oromgoh rahbari Nargiza Siddiqova.
Tadbirda bolajonlar tomonidan filmlardan lavhalar namoyish etildi. Ayniqsa, ona Vatan, ota-ona va do‘stlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Bayramda faol ishtirok etgan dam oluvchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA