Mehru muhabbat – hayotiy shiori

“Sog‘lom avlod” gazetasida ilk ish boshlagan yillarim. Bir kuni xonamizga qaddi-qomati kelishgan, nigohlarida ziyraklik va samimiylik ufirib turgan notanish ayol kirib keldi.

Men bilan samimiy salomlashgach, deraza raxida turgan gullar qarshisida to‘xtadi. Uning harakatlarini zimdan kuzata boshladim. Ayol gullar tagini yumshatar, qovjiragan barglarni tozalar edi. Ishini chaqqonlik bilan bajarib bo‘lgach, qo‘shni stolga cho‘kib, qog‘oz qoralay ketdi. O‘sha mehribon ayol qayga borsa, o‘sha joyga iliqlik olib kiradigan, ko‘p yillar “Sog‘lom avlod” gazetasida samarali mehnat qilgan dilkash qalb sohibi – Muhabbat opa Xo‘jamurodova edi.

Gullarning iliq tafti, nafosat va go‘zallik bevosita bu ayol qalbiga ko‘chgandek. Uning fitratida samimiylik, vazminlik eng muhim qirra sanaladi. Quvnoqligi ham o‘ziga yarashgan. M. Xo‘jamurodova har bir ishga mulohaza ila yondoshadi.

Opaning doimo ochiq chehra bilan yurishi, shirinsuxanlik, hamkasblaridan ko‘ngil so‘rashni kanda qilmasligi ibrat maktabining o‘zi desa bo‘ladi. Uni hayotda juda ko‘p qiyinchilik va mashaqqatlarni sabr-toqat bilan yengib o‘tgan matonatli ayol sifatida yaxshi bilamiz. Lekin ana shunday sinovli damlarda ham doimo yaxshi kunlar kelishiga ishonib yashadi. Maqsad sari intilishdan, yordamga muhtoj insonlarga yaxshilik qilishdan sira charchamadi.

Muhabbat opa qariyb 30 yillik umrini jurnalistika sohasiga baxshida etdi. Respublika bolalar va o‘smirlar nashri – “Tong yulduzi” gazetasi, Xorazm viloyati yoshlar tashkiloti, viloyat xotin-qizlarining “Nafosat” gazetasi, shuningdek, “Xorazm” nashriyotida o‘tgan sermazmun faoliyati uning uchun tom ma’nodagi mahorat maydoni bo‘ldi. “Sog‘lom avlod” gazetasidagi ish faoliyatini esa jurnalist opamizning o‘z mahoratini to‘la namoyon etgan muhim davr deyish mumkin. U bu gazetaga bedor o‘tgan tunlarini, cheksiz mehr-muhabbatini baxshida etdi. Nashrning har bir tadbirida eng faol ijodiy xodimlardan bo‘ldi.

Jurnalist qay mavzuda qalam tebratmasin, uning markaziga inson taqdirini qo‘yadi. Qahramonning faoliyati bilan uning ichki kechinmalari, dil rozlari, o‘y-tashvishlari bir nuqtada kesishadi. Shuning uchun Muhabbat opaning yozgan ocherk, maqola va she’rlari shu qadar sodda va samimiyki, uni mutolaa qilganingizda bevosita qahramon bilan suhbat qurayotgandek bo‘lasiz.

Muhabbat Xo‘jamurodovaning dilbar va nozik ta’b qiyofasi ortida yigitlarga xos shijoat va qat’iyat ham yashiringan. U zimmasiga yuklatilgan har qanday topshiriqni shahd bilan bajaradi.

Yana o‘qing:  Kollejda tadbir

Opa salmoqli ijodi, o‘z ishiga astoydil yondoshganligi tufayli 2005 yil O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining “Atirgul” rag‘batlantiruvchi mukofoti sohibasiga aylandi. Uning “Sog‘inch”, “Mehr qolur” kabi kitoblari o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan. Muhabbat Xo‘jamurodova ko‘plab dolzarb mavzudagi maqolalari bilan markaziy nashrlarda chiqish qilgan. Ayniqsa, odob-axloq, yoshlar tarbiyasiga oid mulohazali maqolalari gazetxonlar e’tiboriga tushgan.

Tinib-tinchimas hamkasbimiz bu yil 55 yoshni qarshiladi. Jonkuyar, dilkash, zahmatli kasb fidoyisi Muhabbat opani qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etamiz.

 

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: