Bolalar futboli: orzular ro‘yobi sari

Tasavvur qiling, siz futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosisiz. Mamlakatimiz bosh jamoasi futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan navbatdagi jahon chempionati final bahslarida ishtirok etmoqda. Galdagi raqibimiz futbol vatani vakillari bo‘lmish ingliz jamoasi.

Odatga ko‘ra, maydon markazida ikki jamoa o‘yinchilari saf tortishgan. Qisqacha tanishuvdan so‘ng mamlakatlarning davlat madhiyalari yangraydi. Minglab jonli tomoshabin hamda dunyoning milliardlab futbol ishqibozlari qarshisida siz ham qo‘lingizni ko‘ksingizga qo‘ygancha o‘z madhiyamizni kuylaysiz. O‘zingizni qo‘ya turingu, ota-onangiz, aka-ukalaringizning bu paytdagi hayajonini, quvonch ko‘z yoshlarini bir tasavvur qilib ko‘ring-a. Ko‘ksini g‘urur va iftixor tuyg‘ulari qamragan, shodlikdan osmonga sapchimoqchidek shodlanayotgan yurtdoshlarimiz holatini ham bir ko‘z oldingizga keltiring…

Mana futbolning qudrati, mana futbolning chinakam sehri.

Yurtimizda ham futbolni, xususan, bolalar futbolini rivojlantirish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Birgina davlatimiz rahbarining 2006 yil 1 maydagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini aytib o‘tishning o‘zi kifoya.

Andijonlik Kamoliddin Abduqahhorov ham davlatimizda yaratib berilayotgan mazkur imkoniyatlardan to‘laqonli foydalangan holda Andijon viloyat Bolalar va o‘smirlar futbol maktabida tahsil olmoqda. Uning bu yerda o‘zi kabi iqtidorli tengqurlari ko‘p. Ular har birining niyati ezgu, orzulari yuksak.

– Nafaqat mening, balki bu yerdagi barcha bolalarning ham orzulari bisyor. Eng asosiysi, kelajakda yetuk futbolchi bo‘lib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida jahon chempionati bahslarida qatnashish. Shu sababdan murabbiylarimizning, “har bir futbolchining birinchi maqsadi, yurt sha’nini himoya qilish”, degan o‘gitlarini doimo yodda saqlaymiz, – deydi Kamoliddin.

Futbol maktabi rahbari Bekzod Karimov muassasa faoliyati haqida shunday deydi:

– Bugungi kunda maktabimizda 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 680 nafarga yaqin yosh futbolchi tarbiyalanmoqda. Ularga Islom Ahmedov, Farhod Qodirov kabi jami 14 nafar murabbiy tezlik olish, raqibdan dribling qilib o‘tish, tez va aniq qaror qabul qilish bo‘yicha saboq berib kelmoqda. Bugungi kunda respublikamiz miqyosida o‘tkazib kelinayotgan turli musobaqalarda faol ishtirok etib kelyapmiz. Joriy yilda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida Bekobod, Namangan hamda Shahrixon shaharlarida bo‘lib o‘tgan respublika ochiq turnirlarida maktabimiz jamoasi faxrli o‘rinlarni egalladi. Bu musobaqalarda Sobir Mahmudov, Jamshid Nabiyev, Shohjahon Yorqinboyev kabi iqtidorli tarbiyalanuvchilarimiz o‘z iqtidorlarini to‘la namoyish etishdi. Muhimi, bolalarning nigohlarida o‘t, yuragida esa ishtiyoq bor. Bizni quvontiradigan jihat ham aslida shu.

Yana o‘qing:  Sog‘lom turmush tarzi – salomatlik garovi

Tasavvurlarimizni boyitishda davom etamiz. Murosasiz kechgan mundial bahslari yakunida O‘zbekiston jahon chempioni, degan sharafli nomga ega bo‘ldi. Futbol qiroli, deya ta’riflanadigan Pele bayramona bezatilgan chiroyli shohsupa ustida ko‘ksi faxrga limmo-lim holda saf tortib turgan o‘zbek futbolchilariga yaqinlashadi. Yurtdoshlarimizga bir-bir boqib, hayajon bilan shunday deydi va bu iqrorni butun dunyo eshitadi: “O‘zbekiston futbol bo‘yicha shu darajada rivojlanishga erishgani meni hayratga solyapti. Nasib bo‘lsa yaqinda, albatta, O‘zbekistonga boraman. Mamlakatingizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman”.

Nihoyat ko‘ksiga “UZBEKISTAN” deya zarhal harflar bilan yozilgan chempionat kubogi futbolchilarimizga topshiriladi. Shunqorlarimiz sovrinni boshi uzra baland ko‘tarishadi. Olqishlar, havasli nigohlar… Teleekran orqali bu shodumon lavhalarga barcha xalqlar havas bilan boqadi. Ular orasida ko‘zidagi sevinch ko‘z yoshlarini tiyolmay, “o‘zimni futbolchi bolamdan aylanay” deya duo qilib turgan onangiz, otangiz ham bor. Sizga qo‘shilib, balki sizdan-da ming chandon xursand bo‘layotgan xalqimiz bor.

Endi ayting-chi: mana shu lahzalar uchun ham futbolni sevmay bo‘ladimi? Ertangi shu shodlik uchun ham bugun chin dildan mehnat qilgingiz kelmaydimi?

Nazarimizda, bu hayajonli lahzalarga guvoh bo‘lishimizga juda oz fursat qoldi. Siz nima deysiz?

Farhod ESHMO‘MINOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: