Kitob o‘qish ruhni sog‘aytiradi

Kitob o‘qish insonning fikrlash qobiliyatini oshirishi hamda xotiraga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi oldindan ma’lum. Ayrim insonlar keksa yoshda ham shunday bo‘larmikin, degan savol qiziqtirsa kerak.

Amerikalik olimlar ana shu savolga javob topish maqsadida, jiddiy tajriba o‘tkazishdi, ya’ni 89 yoshgacha bo‘lgan 294 kishi sinovda ishtirok etib, hayotlarining qaysi davrlarida ko‘proq o‘qiganliklari haqidagi test savollariga javob berdilar. Tadqiqot natijalari olimlarni yanada hayratga soldi. Gap shundaki, umri davomida har kuni 2-3 soat kitob o‘qigan keksalarda aqliy faoliyat boshqalarga qaraganda 15 foiz, fikrlash qobiliyatlari 32 foiz yuqori ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Shuningdek, bir vaqtda, bir maromda oz-ozdan kitob o‘qish asab kasalliklari insultdan keyin miya faoliyatini tiklash lozim bo‘lgan bemorlar uchun juda muhim ekan. Aksincha, keksa yoshga yetib, umuman kitob o‘qish bilan shug‘ullanmay qo‘yganlarning aqliy qobiliyatlari 48 foiz past ekanligi ham kuzatilgan. Demak, so‘z va kitob inson sog‘lig‘i uchun ham muhim vositalardan biri ekanligini unutmasligimiz kerak.

So‘z insonga berilgan ulug‘ ne’matlardan biri bo‘lib, u orqali inson fikrlari jamlanib, kitoblarda muhrlanadi va xalq mulkiga aylanadi. Demak, olamning yetti mo‘jizalaridan bir sanalgan kitob insonning eng bebaho mulklaridan biridir.

“Beshikdan qabrgacha ilm izla!” deyiladi hadislarda. Ulug‘ ajdodlarimiz bu hikmatga qat’iy amal qilib, kitobni har qanday boylikdan ustun qo‘yganlar. Uzoqqa bormaylik, qomusiy olim, buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sino hayoti bilan bog‘liq bir voqeani hammamiz yaxshi bilamiz, ya’ni naql qilishlaricha, ulug‘ bobokalonimiz yigirma yoshida Buxoro hukmdori Nuh ibn Mansurni og‘ir xastalikdan davolab, oyoqqa turg‘izgach, hukmdor undan: “Tila tilagingni!” deb so‘ragan. Bo‘lg‘usi alloma: “Hukmdorim, menga hech qanday boylikning keragi yo‘q, saroy kutubxonasidan foydalanishga ruxsat bersangiz bas”, degan ekan.

Darhaqiqat, kitob – buyuklikka eltuvchi muhim vosita. U insonning kelajagini, Vatanning taqdirini belgilaydi. Mamlakati ziyoli, olimu donish bo‘lgan xalq buyuklikka haqlidir. Buyuk kelajakni esa sog‘lom avlod yaratadi. Shukrki, mustaqillikdan so‘ng farzandlarimizning barkamol tarbiya topishlariga keng imkoniyatlar yaratildi. Ortga nazar solsak, istiqlolimizning ilk kunlaridanoq Vatanimizda sog‘lom ona va bola uchun ilk ta’mal toshi qo‘yildi va bu holat bosqichma-bosqich takomiliga yetkazilmoqda. Ayniqsa, bu yilning “Sog‘lom ona va bola yili” deb atalishida ham alohida ma’no bor. Ana shu jihatdan qaraydigan bo‘lsak, bolaning har tomonlama to‘kis rivojlanishi uchun unga kitob o‘qib berish va uning o‘zini kitobga oshno etishning afzal tomonlari yanada kengroq ekanligini ko‘ramiz. Chunonchi, bola sog‘lig‘i, deganda, qadimdanoq ota-bobolarimiz avvalo bola miyasining rivojiga juda katta e’tibor qaratganlar.

Yana o‘qing:  “Temur tuzuklari”: hikmatlar va haqiqatlar

Darvoqe, miya insonning eng murakkab a’zosi, noyob mo‘jiza. Agar uning biror qavatiga zarar yetsa, boshqa qismi uning vazifasini bajaradi. Bemorda doimiy harakat bo‘lsa, foydali mashg‘ulotlar yordamida miya ish faoliyatini to‘liq tiklab olishi mumkin. Foydali mashg‘ulotlardan biri yaxshi kitoblar o‘qib, undan bahra olishdir. Bunda bemor kitobdagi jasur qahramonlar bilan birga dardini unutadi, asabiga dam beradi va eng muhimi, asar qahramoni singari nafaqat dardga, balki o‘tkinchi qiyinchiliklarga ham sabrli bo‘lishni o‘rganadi. Yanada muhimrog‘ini mutaxassislar qayta-qayta ta’kidlab aytishmoqdaki, kitob ruhni sog‘lomlashtiradi. Shu bois ham u hammaning eng yaxshi yo‘ldoshi, do‘stidir. Chunki, yaxshi kitob xiyonatni, aldashni bilmaydi, hayotda fozil ustoz singari yaxshilardan saboq olishga chaqiradi.

Bir kitobxon sifatida shuni alohida aytib o‘tishim kerakki, azim poytaxtimizda va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan va yangi ochilayotgan keng va yorug‘ kitob do‘konlari elimizni xushnud etmoqda. Biz tarixan kitobni qadrlagan, uni bolamiz beshigida ham saqlagan xalqmiz. Shunday ekan uni ko‘zimizga surtamiz va farzandlarimizni ham kitob bilan voyaga yetishlarini tilaymiz.

Umbarxon HAYITBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: