Dilga orom gullar jilosi

Chiroyli gullar hamisha bizning e’tiborimizni tortgan. Bejiz qizlarning husnini mana shu maftunkor tabiat mo‘jizasiga qiyoslashmaydi.

Atrofimizni gullar o‘raganida shubhasiz, o‘zimizni yaxshi his qila boshlaymiz va o‘z-o‘zidan kayfiyatimiz ko‘tariladi.

Gullarning bunday ajoyib xususiyatlari tibbiyot xodimlarining nazaridan chetda qolmadi. Soha mutaxassislari gullar bilan inson qalbini davolashday yutuqqa erishdilar.

Yer yuzida taraqqiyotning tezkor rivojlanishi, xususan, texnikaning jadal sur’atda odimlashi insoniyatni qaysidir ma’noda sarosimaga solmay qolmadi. Ayni shunday vaziyatda psixologlar malham sifatida gullarni ma’qul ko‘rdilar. Psixologiyada gullar bilan davolash usuli ravnaq topdi. Bu usul yoshu qariga birday ijobiy samara berdi.

Gullar bilan davolash usuli asli Sharqda paydo bo‘lgan. So‘nggi yillarda yaponiyaliklar bemorlar ustida ilmiy tadqiqot olib borishdi. Mutaxassislar g‘azab otiga mingan, ko‘zi to‘la qahr bo‘lgan bemorlarga sakura gullariga uzoq vaqt tikilishni tavsiya qildilar. Bunday muolajaning natijasi yomon bo‘lmadi. Bemorning tomir urishi me’yoriga tushib, ruhi xotirjam tortdi.

Gullar hamda o‘simliklarning deyarli barchasi inson organizmiga ijobiy ta’sir etadi va davolovchi xususiyatga ham egadir.

Dunyoning turli mintaqalarida endilikda gullar bilan davolovchi psixologik markazlar ochilgan.

– Bizning tuproqqa oddiy cho‘pni suqib qo‘ysa ham u ko‘karib, katta daraxtga aylanadi. Hosildor yerimizda o‘suvchi ko‘plab noyob gullar borki, ularni azal-azaldan ajdodlarimiz e’zozlab kelgan, – deydi “Afrosiyob” psixologik markazi direktori Zebiniso Ahmedova. – Ular inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir etib, organizmga koni foyda sanalgan. Yalpiz, rayhon, qalampirmunchoq singari o‘simliklar bolalar ruhiyati va tanasiga foydaliligi bilan ajralab turadi. Ular kayfiyatni ko‘taruvchi, xotirada shirin o‘ylar qoldiruvchi, tinchlanturvchi xususiyatga hamda bir necha kasalliklarga davoligi bilan alohida qadrlanadi. Shu boisdan yangi tug‘ilgan chaqaloqning qalpoqchasiga momolarimiz qalampirmunchoqni ilib qo‘yishgan. Ayrim ota-onalar gullar allergiya berishi mumkin deb bolalarni ularga yaqin yo‘latmaydilar. Bu ham o‘ziga xos ehtiyotkorlik. Ammo farzandingizga qanday navdagi gul yoki o‘simlik allergiya berishi mumkinligini dastlab aniqlab olish zarur.

Ona tabiat manzaralari homilador ayollar va bolalarga kislorod manbaidir. Bunday paytda gullarning xushbo‘y ifori va ko‘rkam jozibasi ularning hayotga bo‘lgan qiziqishining oshishiga va ongida yorqin xotiralar qolishiga turtki bo‘ladi. Shuning uchun bolani ko‘proq tabiat qo‘yniga, gulzorlarga sayrga olib chiqish lozim.

Yana o‘qing:  YORUG‘ KUNLARDAN OYDIN KELAJAKKA TUHFA KO‘PRIKLAR

Bugungi kunda inson ruhiyatiga ta’sir etib davolovchi aromaterapiya va fitoterapiya yo‘nalishlari borki, ular aksariyat insonlarning xastaligiga shifo bo‘lmoqda. Jahon ruhshunoslari gullar turfa yoshdagi insonlarga shifobaxsh manba sifatida qaramoqda.

Masalan, barcha uchun yoqimli atirgulni olaylik, u kayfiyatni ko‘taruvchi xususiyatga ega. Biroq, uni so‘ligan holda ko‘rsangiz, birpasda xomush tortasiz. Odamda depressiyani kuchaytirishi mumkin. Dala gullari esa bosh og‘rig‘ini bartaraf etib, uyqusizlikning oldini oladi. Ulardan taraluvchi nozik hid odamning qalbiga ruhiy ozuqa beradi. Farzandi betoqat, injiq onalarga marvaridgul tavsiya etiladi. U bolaning ruhiyatiga ijobiy ta’sir etib, bosinqirashiga barham beradi, xonadonga ham xush kayfiyat olib keladi.

Xulosa qilib aytganda, gullar olamga go‘zallik bag‘ishlaydi. Har bir kishi ularni ko‘rgach, bahri dili ochilishi, tabiiy. Insonning vujudi hamda diliga uyg‘unlik ulashguvchi gullarning hali biz bilmagan yana ne-ne sir-sinoatlari bor ekan-a?!

Zilola JALOLOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: