Xayr, maktab! Salom, kollej!

25 may sanasi respublikamizdagi umumta’lim maktablarini tamomlayotgan o‘quvchilar uchun unutilmas kun. Bugun maktab hovlisida yig‘ilgan bitiruvchilar, ularning jonkuyar ustozlari va ota-onalar qalbi hayajonga to‘la. Kechagina maktab ostanasiga yetaklab kelgan jajji farzandining endilikda qaldirg‘och misol mustaqil hayot tomon uchirma bo‘layotgani ular qalbini quvonchga to‘ldiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining ma’lumotiga ko‘ra bu yil umumta’lim maktablarining 9-sinfini 476 ming nafardan ortiq o‘quvchi tamomlamoqda. Ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olish maqsadida bitiruvchilarning 42 ming nafardan ortig‘i akademik litseylarda, 433 ming nafardan ziyodi esa kasb-hunar kollejlarida o‘qish istagini bildirishgan.

– Mustaqillik yillarida Prezidentimiz tomonidan ta’lim tizimini isloh qilish, shu jumladan, maktab ta’limini rivojlantirish, hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni tarbiyalash masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda ta’lim dargohimizni 137 nafar o‘quvchi tamomlaydi, – deydi Buxoro shahridagi 17-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, xalq ta’limi a’lochisi Mehri Muhsinova. – Mustaqil hayot tomon dadil odimlayotgan o‘g‘il-qizlarga, kelajakda komil inson bo‘lishini ko‘zlab biz ustozlar hamda ularning jonkuyar ota-onalari o‘z maslahat va tavsiyalarimizni beramiz. Qaysi yo‘nalishdagi ta’lim dargohini tanlash esa ularning o‘z ixtiyorida. 9-sinf bitiruvchilari uchun “Men tanlagan kasbni-kelajak hayotimdagi o‘rni” mavzusida insholar tanlovi, “Kasblar festivali”, “Ochiq eshiklar kuni”da o‘zi yashab turgan hududdagi ishlab chiqarish korxonalari, fermer xo‘jaliklari, ta’lim muassasalariga sayohat va ekskursiyalarning tashkil etilishi, ularga kasb tanlashda ko‘makchi vazifasini o‘tamoqda. O‘quv dargohimiz uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlardan o‘quvchilarimiz munosib ravishda foydalanayotgani, buning natijasi o‘laroq muassasamiz fan olimpiadalarida doimo peshqadam ekanligi biz o‘qituvchilar qalbini faxrga to‘ldiradi.

O‘z qobiliyati va iqtidori bilan bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi, turli sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallab, ustozlari va ota-onalar ishonchini oqlagan o‘quvchilar alohida taqdirlanayotgani yoshlarning kelajakdagi faoliyatlari uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Umumta’lim maktablari bitiruvchilari uchun turli yo‘nalishlarda tashkil etilgan “Eng ibratli o‘quvchi”, “Eng faol o‘quvchi”, “Ijodkor o‘quvchi”, “Yosh ixtirochi”, “Maktabimiz faxri”, “Sport ustasi”, “Kompyuter ustasi”, “Eng orasta qiz” kabi nominatsiyalar iqtidorli va namunali o‘quvchilarni taqdirlashda o‘zining munosib o‘rniga ega.

– Shu yili iqtisodiy bilim asoslari fanidan viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”da 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim hamda Iqtisodiyot va bank kollejiga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindim, – deydi Buxoro shahridagi 17-umumta’lim maktabi bitiruvchisi Nazirbek Rashidov. – Ustozlarimizning dars boshlashdan avval ta’kidlaydigan jumlasi bor – “biz o‘qituvchilar o‘quvchilarga nafaqat dars o‘tish uchun, balki millat farzandlarini tarbiyalash maqsadida o‘quv xonasiga kiramiz. Shu niyatni dilimizga tugib, dars jarayonini boshlaymiz”. Jonkuyar o‘qituvchilarimizning bu so‘zlari biz o‘quvchilar uchun kelajakda yuksak marralarni zabt etganimizda ham unutmaydigan hayotiy falsafamizga aylanib ulgurgan. Maqsadimiz ularning yuzini yorug‘ qilish, bergan bilimlarini oqlash. Kollejni tamomlagach, Toshkent moliya institutiga hujjatlarimni topshirmoqchiman. Maqsadimni, marrani keng olib, doimo oldinga intilish, Vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shish hamda yaratib berilgan imkoniyatlarga munosib javob qaytarish bilan belgilab qo‘yganman.

Yana o‘qing:  SPORT HAMJIHATLIKKA ChORLAYDI

Ertamiz egalari zimmasiga ajdodlarga munosib avlod bo‘lishdek yuksak mas’uliyat yuklangan. Bu ulug‘ mas’uliyat go‘yo qo‘ng‘iroq misol ular qalbida doimo jarang sochsin.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: