Amalga oshirilgan ishlar sarhisobi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “2015–2016 o‘quv yili yakunlari: amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
“Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi va bir qator loyihalar asosida o‘quv yili davomida 1 ming 220 ta umumta’lim maktabida 12 ming 956 ta kompyuter sinfi, 2 ming 603 ta elektron doska bilan ta’minlash ishlari olib borildi. O‘tgan 2015 yilda boshlang‘ich sinf chet tillari xonalari 6 ming 775 ta to‘plam texnik vositalari bilan jihozlandi.
Bu yil umumta’lim maktablarining 9-sinfini 476 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz tamomlaydi. Ularni ta’limning keyingi bosqichiga qamrab olish maqsadida o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar e-maktab elektron ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi. Ularning qaysi kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyda o‘qish istagini bilish uchun uch marta so‘rovnoma o‘tkazildi. Shu asosda chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
O‘quvchilarning yozgi ta’tilda bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish uchun salohiyatli kadrlar, tashabbuskor pedagoglar jalb etilayotir. Barcha umumta’lim maktablari qoshida tashkil etiladigan kunduzgi oromgohlarda 15 iyundan 15 avgustga qadar haftada ikki marta sport-sog‘lomlashtirish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Bu kabi sa’y-harakatlar yosh avlodning zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishi, hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlod, yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Sh. XO‘JAQULOV