Pushaymonlik
Ko‘p qavatli uylarda turli toifadagi odamlar, oilalar istiqomat qiladi. Kimningdir uyida har kuni bayram, kimnikidadir arzimas narsa uchun ham janjal-to‘polon, yana boshqanikida sukunat…
Bizning uyda ham shunga o‘xshash, bir kun quvonch, ertasiga janjal keyin ikki-uch hafta jimjitlik. Shodiyona shu kabi o‘ylar bilan derazadan tashqariga qarar, qarshisidagi ko‘p qavatli uylarda g‘imirlayotgan odamlarni kuzatardi.
– Nimadir kuyyaptimi? – dedi u dimog‘iga urilgan achchiq hiddan xayoli bo‘linib. So‘ng darrov oshxonaga yugurdi. Dimlama tagiga olganini ko‘rib, kapkir bilan qozonni kovlay ketdi. Shu topda eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
Shodiyona eshikni ochganida, tashqarida turmush o‘rtog‘i Ikrom tirjayib turardi.
– Assalomu alaykum, yaxshi keldizmi, dadasi? – dedi-yu, tezda oshxonaga qaytdi. Shu tobda narigi xonada o‘yinchoq o‘ynab o‘tirgan 5 yoshli Asal dadasining kelganini eshitib, eshik oldiga chopib chiqdi.
– Dadajon, dada, menga nima olib keldiz?
– Senga mana “oh”, o‘zingga o‘xshagan shiriii-nidan.
– Yahmat dadajon. Eytaga yana olib beyasmi?
– Albatta, qizalog‘im, albatta.
Ikrom oshxonaga kelib, har doimgiday Shodiyonani koyishga tushdi.
– Ha-a, bu er keldi, tuzukroq kutib olay demaysan. Ovqatni kuydirib yubordingmi deyman. Shirin so‘z eshitmayman desam, tayinli ovqat ham yemas ekanman-da bu uyda.
Shodiyona erining dilozorliklariga shuncha vaqt chidagan bo‘lsa-da, uning hozirgi pichinglari ortiqcha bo‘ldi.
– Doim noliganingiz, noligan. O‘zi keyingi paytda sizga umuman yoqmay qoldim, – dedi Shodiyona qozonning tagidagi olovni o‘chirarkan.
– Hamma gap shunda-da, sizlar bilan… Qizim bo‘lmaganida sendaqa befahm, ovsar bilan bir kun ham yashamasdim.
Shodiyona Ikromning arzimas narsalar uchun tahqirlashiga unchalik e’tibor bermay qo‘ygan. Ammo ularning suhbati jajjigina Asalning murg‘ak qalbiga nayzadek sanchilardi. Olamni endigina taniyotgan qizaloq ota-onasining janjalidan bezib, qorong‘ulikka berkinadigan bo‘lib qoldi. Uyda shovqin ko‘tarildi, deguncha xonasidagi shkafning ichiga berkinib oladi. Hozir ham u o‘sha yerga yashirindi.
– Bilmayman shu gaplarni, necha bor aytdingiz. Uyga ham xuddi ijarada yashayotgan odamdek nomiga kelib ketasiz. Hech narsaga qiziqishingiz yo‘q.
– Qiziqishingiz yo‘qmish. Shuncha oziq-ovqatni kim olib kelyapti, unda?
– Faqat yemish bilan uyga e’tibor bo‘larkanmi? Axir har bir xonadonda ayoldan farqli o‘laroq, erkakning ham o‘z vazifalari bor.
– Sen kim bo‘libsanki, menga vazifalarimni o‘rgatasan. Avvalo o‘zingni bil, haligacha tuzukroq ovqat pishirishni bilmaysan. Topganimni ko‘kka sovurayapsan.
Shodiyona eri bilan gap talashish befoydaligini yaxshi bilgani uchun tilini tishladi. Ikrom xotinini mot qilganidan xursand bo‘lib, qizi Asalni chaqirdi.
Qizcha otasining ovozini eshitsa-da, shkafdan chiqmay o‘tirardi.
– Chaqirmay qo‘ya qoling. Baribir chiqmaydi.
– Chiqmaydi? Nega? Qayerda u?
– Shkafni ichiga berkinib oladigan odat chiqargan.
– Nimaga? Nega menga buni avvalroq aytmading?
– Sizni baqir-chaqiringizdan… Kecha bolalar shifokoriga olib bordim. U ham xuddi shu fikrni aytdi. Oilada sog‘lom muhit bo‘lmasa, bolaning psixologiyasida o‘zgarishlar bo‘lar ekan. Yana psixologga ham uchrashinglar, deb maslahat berdi.
– Bolamdagi bunaqangi odatlarni mendan yashirib yuribsanmi, hali.
– Yashirib yuribsan? Oxirgi marta qachon men bilan odamga o‘xshab gaplashganingiz esingizdami? Keliboq jahl qilasiz, og‘iz ochirgani qo‘ymaysiz. Men-ku mayli qizimga ham ozor beryapsiz. Istasangiz arzimas narsalardan urish chiqarib, bir-ikki hafta yo‘q bo‘lib ketasiz. Xudo biladi, qayerlarda yuribsiz. Biz bilan ishingiz ham bo‘lmaydi. Yo‘q bo‘lib ketgan kunlaringizda oilamni bir so‘m pulsiz, yemaksiz tashlab ketdim, hozir nima qilyapti ekan, deb hech o‘ylaysizmi?
Xotinining so‘zlari Ikromning battar jahlini chiqardi. Haqiqat tuqqaningga yoqmaydi, deganlaridek, uning uchun zaharday tuyulgan ayni haqiqat ko‘zlarini olovga to‘ldirdi.
– Bolamni shu ko‘yga solgan sizsiz dersan hali? Xohlaganingcha yashayvermaysanlarmi, deya Ikrom eshik oldiga borib, oyoq kiyimini kiya boshladi. Shu topda Asal shkaf ichidan yig‘lab chiqib, otasining yoniga yugurib keldi-da, uning tizzasini mahkam quchoqladi.
– Dada, dadajon, iytimos bizni tasab tetmang. Jon dadajon! Siz tetsangiz, biz yana och qoyamiz. Bizni och qoydiymang! Menga hech kim shiyin-shiyin ohlay, ham olib beymaydi… – deya “piq-piq” yig‘lay boshladi.
Shodiyona qizining so‘zlaridan ko‘ziga yosh oldi.
– Nega och qolarkansan qizim? Axir hamma narsani muhayyo qilaman-ku.
– Tetib qolsangiz ko‘p kemaysiz. Oyim keyin faqat kaytoska biyan guyuch pisiyaveyadi, pisiyaveyadi.
Ikrom qizini ko‘tarib bag‘riga bosmoqchi edi hamki, Shodiyona undan avval Asalni ko‘tarib, boshqa xonaga kirib ketdi. Qizaloq esa jajji qo‘llari bilan dadasiga talpinar, bolalarga xos shirin tilida “faqat tetmang, tetmang” degan so‘zni takrorlardi.
Ikromning qalbi xo‘rlik, achinish va yana allanechuk hislarga to‘lib-toshdi. Ilgari u sira bunday g‘amga botmagandi.
U qizining yig‘isidan otalik hissi jo‘shibmi yo qilmishidan uyalibmi, yerga qaragancha tashqariga chiqib ketdi. Mashinaga o‘tirayotib, uning ko‘ziga yosh qalqidi. Qayerga ketayotganini o‘zi ham bilmasdi. Ulovni boshqarib ketaverdi. Qulog‘ining ostida qizining “bizni tasab tetmang, jon dadajon!” degan so‘zlari tinmay jaranglardi.
U shahar tashqarisiga chiqib qolganini ancha vaqt o‘tgandan so‘ng payqadi. Bir chekkada mashinani to‘xtatdi, uzoq o‘yga toldi. Qilmishidan pushaymon bo‘lib, o‘kirib-o‘kirib yig‘ladi. Dilida eski odatlarini tashlab, oilasiga ko‘proq mehr ko‘rsatishi haqida o‘yladi. Shu payt uyali aloqa telefoni jiringladi.
– Allo!
– Salom, azizim! Qo‘ng‘iroq qilay ham demaysiz, axiyri o‘zim…
Ikrom uchun tanish va nozli ovoz. Lekin o‘zini tutib jiddiy ohangda javob qaytardi.
– Yaxshi qiz, endi meni diqqat bilan eshiting, boshqa bu raqamga qo‘ng‘iroq qilmang, tushunarlimi?
Ikrom telefonni shartta o‘chirdi-da, yo‘l chetiga uloqtirib yubordi. Keyin ortiga, uyiga qaytdi…
Zilola JALOLOVA