Shukrona
Kuldi iqbol, surmoqdaman davru davron,
Ko‘ngil to‘qdir, farovonlik, kunda mehmon,
Bu kunlarim ajdodlarga bo‘lgan armon,
Istiqlolni ko‘rganimga ming shukrona,
O‘ynab-kulub yurganimga ming shukrona.
Kuni kecha qo‘lim kalta, yetmay kuchim,
Qancha orzu armon bo‘ldi, kuydi ichim,
Boshdan oshib yotar edi g‘am tashvishim,
G‘amdan olis ketganimga ming shukrona,
Ulug‘ kunga yetganimga ming shukrona.
Chumolidek bilmasam-da sira tinim,
Ko‘z yoshlardan arimasdi biror kunim,
Bayram edi, gar suprada bo‘lsa unim,
Taqchillig-u och-yupunlik ham begona,
To‘kis hayot, to‘qlik uchun ming shukrona!
Oydin hayot quchog‘ida bolalarim,
Mangu tindi ko‘zimdagi jolalarim,
Ko‘kka yetdi yig‘lab qilgan nolalarim,
Hur diyor-u davronimga ming shukrona,
Baxt me’mori-sarbonimga ming shukrona!
Men bilaman, yurtim, oydin kelajaging,
Yana ulug‘, yana baland bo‘lajaging,
Har qatrasi baxtga timsol ummon kabi
To qiyomat gullab-yashnab kulajaging!
Shunday iqbol yorligiga ming shurona,
Sendek yurtim borligiga ming shukrona!
Aytjan Allabergenova