Shaytonlashning oldini olish mumkinmi?
Bolamda isitmalash vaqtida shaytonlash xurujlari kuzatiladi. Buning oldini olish mumkinmi?
Dilafruz RASULOVA,
Toshkent viloyati
Savolingizga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi nevrapotolog-shifokori Jamshid SAIDOV javob beradi:
– Isitma vaqtidagi talvasa xurujlarining oldini olishda qo‘llaniladigan asosiy chora – bolada tana haroratining ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik. Bu holatda uzoq muddat tana haroratini tushurivchi dori vositalarini berish noto‘g‘ri. Chunki, ularni qabul qilgan taqdirda ham agar tana harorati 38 darajadan oshsa, shaytonlash xuruji kuzatilaveradi. U organizmning tana haroratini ko‘tara olmasligidan kelib chiqadi. Bunga nasliy moyillik sabab bo‘lib, 90 foiz hollarda bezarar hisoblanadi.
Shaytonlash xurujlari bo‘lmasligi uchun birinchi navbatda bolani jismonan chiniqtirish kerak. Shuningdek, turli kasalliklarning oldini olib, tana haroratining ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Bu holat me’yorda 5 yoshdan oshgan bolalarda uchramaydi. Agar 5 yoshdan katta bolalarda harorat balandligi hisobiga shaytonlash xurujlari kuzatilsa, bunga jiddiyroq e’tibor qaratish va zudlik bilan shifokorga uchrashish lozim bo‘ladi.