El koriga yarash saodati

“Mahalla raisi – xalq vijdoni”, degan iborani eshitsam, mahallamiz oqsoqoli Ubaydullo ota ko‘z oldimdan o‘tadi. Halol, vijdonli va tirishqoq kishi edi, u. Bu insonni goh mahallamizda bo‘layotgan qurilishda, goh hasharu ma’rakalarda elga bosh-qosh bo‘lib turganini uchratardik.

Yodimda, bir kuni allamahalda xonadonimiz eshigi taqilladi. Dadam eshikni ochsa, tashqarida Ubaydullo ota turibdi.

“G‘ofir, ertaga mahalladagi gaz quvurlar ta’mirlanadi. Shunga u yoq, bu yoqqa qarab qo‘y. Xonadonma xonadon aytib, kech qolib ketdim. Aybga buyurmaysan endi”, degandi u kishi. O‘sha vaqt Ubaydullo otaga nima zarurat ekan-a, odamlar bilmasa bilmabdi-da, deb o‘ylagandim. Keyin bilsam, u inson uchun buning zarurati katta bo‘lgan ekan.

Ming yillik qadriyatlar qaror topgan go‘sha – mahalla bugun huquqiy va demokratik davlatimizning asosiy tayanchiga aylanib ulgurdi. Hozirda ushbu tizimda el dardini o‘z manfaatidan ustun qo‘yadigan xalqchil rahbarlar faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasida belgilanganidek shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini-o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi. Ushbu qoidadan kelib chiqib, mamlakatimizning turli hududlarida fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylovi o‘tkazilmoqda.

Bu yilgi saylovda 9 ming 764 nafar fuqarolar yig‘ini raisi va ularning 99 mingdan ziyod maslahatchilarini saylash rejalashtirilgan. Mazkur siyosiy jarayon ham yurtimizda shakllangan demokratik saylov tizimining uzviy bir qismi bo‘lib, unda fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etadi. Bir so‘z bilan aytganda fuqarolar kelajakda mahalla ko‘yga qayishadigan, el koriga yaraydigan, uning obodligi va farovonligi uchun o‘z halovatidan ham voz kechadigan fidoyi insonlarni mahalla raisligiga munosib nomzod etib saylashadi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Ellikqal’a tumanida yashovchi aholi ham o‘zlarining munosib nomzodlariga ovoz bermoqda.

– Bu yilgi saylov jarayonini kuzatib, aholining siyosiy madaniyati, huquqiy ongi nechog‘lik o‘sganligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Zero, ushbu muhim siyosiy jarayonga fuqarolarimiz mas’uliyat bilan yondashmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondining Ellikqal’a tuman bo‘limi rahbari Dilorom Qosimova. – Saylovga uyushqoqlik bilan tayyorgarlik ko‘rildi. Ishchi guruh tomonidan har bir ovul va mahallada seminarlar o‘tkazildi. Joylarda uchrashuv va tushuntirish ishlari olib borildi. Tumanimizda 30 ta fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, bugungi kunga qadar 20 ta hududda saylovlar o‘tkazildi. 20 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi hamda 211 nafar mahalla maslahatchilari saylandi.

Yana o‘qing:  Milliy sport ommalashmoqda

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, fuqarolar yig‘ini raisi hamda ularning maslahatchilarining zimmasiga yuklatilgan vazifa o‘ta mas’uliyatlidir. U davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarda fuqarolar yig‘ini nomidan ish olib borishi hamda uning manfaatlarini himoya qilishi zarur. Bunday vazifa egalari, albatta, o‘zining tashkilotchiligi, xulq-atvori, bilimi, ijtimoiy faolligi bilan ajralib turishi, el orasida obro‘-e’tiborli bo‘lmog‘i lozim. Shuningdek, o‘z hududida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, oilalar, ayniqsa, yosh oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligini samarali tashkil etishi lozim.

O‘zining ko‘p yillik mehnat tajribasiga ega bo‘lgan Farhod Abduraimov endilikda Ellikqal’a tumanidagi Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘ini raisi sifatida faoliyat yuritadi. Saylov oldi dasturlari bilan el nazariga tushgan bu fidoyi inson bundan buyon 3 ming 42 nafar aholi farovonligi uchun kunni tunga ulab ishlashiga to‘g‘ri keladi.

 

Farg‘ona viloyati

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida jami 1 ming 40 ta fuqarolar yig‘inlari mavjud. Saylov bo‘lib o‘tgan fuqarolar yig‘inlari soni 143 tani tashkil etadi. Viloyat bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar soni jami 614 nafar, shulardan ochiq saylov 42ta, yopiq saylov bo‘yicha 101ta saylov bo‘lib o‘tdi.

– Ma’lumki, mahalla raisligiga nomzod o‘z zammasiga ma’suliyatli vazifani bajarishni maqsad qilib belgilaydi. Bundan tashqari nomzodning kelgusida mahallani rivojlantirish borasidagi faoliyat dasturi ham muqobillik asosida ko‘rib chiqiladi. Saylov jarayonida mazkur dasturlar bilan tanishish orqali fuqarolar vakillari muayyan hamda o‘ylangan qarorni qabul qiladi. Bu galgi saylovlarda fuqarolarning xuquqiy ongi va qarashlari yanada ortganiga guvoh bo‘ldik. Jamiyatda bo‘layotgan yangiliklarga ularning munosabatlarini anglab oldik, – deydi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Doniyor Zokirov.

Muxtasar qilib aytganda mahalla jamiyatning muhim bo‘lagi sanaladi. Uning yanada gullab-yashnashi esa yurt ravnaqi, xalq farovonligini ta’minlaydi. Bugun el ishonchi bilan saylanayotgan mahalla raisi va uning maslahatchilari o‘z vazifalariga halol va vijdonan yondoshishi talab etiladi. Zero, taraqqiyot ana shu fazilatlar negizida bunyod etiladi.

 

Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryo viloyatida ham saylov jarayoni qizg‘in pallaga kirgan. Vohaning chekka qishloqlaridan biri Ko‘kdalada ham kuni kecha qishloq fuqarolar yig‘ini raisligiga saylovlar o‘tkazildi. Aholi xohish irodasiga ko‘ra Xolmurod aka Boyqulov o‘z lavozimiga qayta saylandi. Bu bejizga emas, albatta. Boisi, Xolmurod aka ilgarigi faoliyati davrida ham o‘zining jonkuyarligi bilan qishloq ahlining mehriga sazovor bo‘lgan edi.

Yana o‘qing:  “Kitob bayrami” o‘tkazilmoqda

– Xolmurod aka yosh fermerlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi, – deydi fermer Narzullo Xolboyev.

Xolmurod Boyqulov yangi ish-faoliyati davrida kommunal to‘lovlarni to‘lash tartibini shakllantirish, qishloqning ichki yo‘llarini yaxshilash, aholining ijtimoiy qatlamiga moddiy ko‘mak berish, joylarda bo‘sh ish o‘rinlarini tashkil etish ishlarini yanada jadallashtirish niyatida.

 

Ma’rifat TOLIPOVA, Mayna HASANOVA, Charos HUSHVAQTOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbirlari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: