Beqiyos tarixiy hujjat

Prezidentimiz Islom Karimovning “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonini o‘qib

Til – millat mavjudligini tasdiqlovchi hujjat, ta’bir joiz bo‘lsa, uning pasporti. O‘z navbatida tilning butun sehru jozibasi, latofati, qudrati birinchi navbatda ana shu tilda yaratilgan badiiy adabiyotda namoyon bo‘ladi.

Shu bois o‘zligini tanigan, o‘zini hurmat qilgan har bir millat ona tili va adabiyotining dunyo miqyosidagi nufuzini oshirishni hayotiy ehtiyoj, deb biladi. Uning rivoji yo‘lida bor kuch-salohiyatini safarbar etadi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 13 maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi tarixiy farmoni ana shu jihatdan alohida ahamiyatga ega. 1991 yilning 31 avgustida mustaqillikning e’lon qilinishi Vatanimiz va xalqimiz tarixida qanchalik buyuk hodisa sifatida e’tirof etilsa, ushbu farmon ona tilimiz va adabiyotimiz rivojida shunchalik qadrlidir.

Matbuotda ushbu farmonni o‘qib, ko‘kragim tog‘ qadar ko‘tarildi. Bizningcha, ushbu tarixiy hujjatdan quyidagi muhim fikrlarga kelish mumkin:

Biz dunyoning eng qadimiy tarixga ega millatlaridanmiz. Davlatimiz rahbari farmonidagi: “O‘zbek tili qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, uning shakllanishida miloddan oldingi va miloddan keyingi dastlabki asrlarda mintaqamiz hududida yashagan baqtriylar, so‘g‘diylar, xorazmiylar va boshqa elat va millatlar o‘z ta’sirini ko‘rsatgani haqida mavjud ilmiy manbalar dalolat beradi”, degan so‘zlari buni tasdiqlaydi.

Prezidentimizning bu fikrlari teran asoslarga ega. Mana, ayrim dalillar. Bundan ming yil muqaddam buyuk tilshunos Mahmud Koshg‘ariy ona tilimizning arab tili bilan ikki uloqchi ot singari teng poyga qilib o‘zib borayotganidan iftixor qilgan edi. Tasavvur qiling, agar ming yil oldin ona tilimiz ana shunday mavqega ega bo‘lgan bo‘lsa, bu darajaga yuksalishi uchun qariyb yana bir-ikki ming yillik takomil bosqichlarini o‘tagan bo‘lishi kerak. “Muhokamat ul-lug‘atayn”da Alisher Navoiy bu haqda quyidagicha yozadi: “… uch nav’ tildurkim, asl va mo‘tabardur va ul tillar iborot gavhari bilan qoyilining adosig‘a zevar va har qaysining furu’i bag‘oyat ko‘ptur. Ammo turkiy va forsiy va hindiy asl tillarning mansh’aidur…”

E’tibor bering: “asl tillarning mansha’i…” Bu hazilakam gap emas. Mansha’ – bu so‘z “Navoiy asarlari lug‘ati”da: “bir narsaning chiqib kelgan o‘rni, kelib chiqish joyi, boshlanishi”, deya izohlangan.

Yana o‘qing:  O‘zbek farzandi ekanimdan faxrlanaman

Farmonda ta’kidlanganidek, o‘zbek adabiy tili rivojida Mahmud Koshg‘ariydan Lutfiygacha, Alisher Navoiydan Furqatgacha, Mahmudxo‘ja Behbudiydan Abdulla Qodiriygacha bo‘lgan mutafakkir adibu shoirlarimizning hissasi benihoya katta. Ularning bu boradagi boy ijodiy merosini yangi zamon talablari asosida o‘rganish ham hayotiy ehtiyojdir.

Ikkinchi muhim xulosa ona tilimizni asrab-avaylash, boyitish, nufuzini muntazam oshirib borishimiz zarurligidir. Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida ta’kidlaganidek, biz dunyoning eng boy tillaridan biriga vorismiz. Ona tilimiz leksik qatlamining boy ekani, ifoda imkoniyatining kengligi jihatidan dunyodagi biror tildan qolishmaydi. Endigi vazifa uni yanada boyitish, jahon xalqlarining tillari orasidagi nufuzini yanada yuksaltirishdir.

Bugungi kunda ona tilimizning rivoji uchun mustahkam huquqiy zamin yaratilgan. Galdagi vazifa, farmonda ta’kidlanganidek, “… bu sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish…, ona tilimizning qo‘llanish doirasini yanada kengaytirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish”dan iboratdir.

G‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu kabi ishlar buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Uzoqni ko‘zlab, Vatanimiz, xalqimiz manfaatini o‘ylab amalga oshirilgan, benihoya ulkan ahamiyatga ega bu ish ona tilimiz va adabiyotimizning bundan keyingi rivoji uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.

Ilm-fanni rivojlantirmay ta’lim sohasida biror muvaffaqiyatga erishish qiyin. Chunki ilmdagi eng so‘nggi yangiliklar talabalar auditoriyasiga olib kirilsa, amaliyotga tatbiq etilsa yuksak samaralar beradi. Yangi universitet jamoasi oldida fan va ta’limning yuqori darajadagi integratsiyasini ta’minlashdek ulkan vazifa turibdi. Bu o‘zbek tili va adabiyotining ustuvor yo‘nalishlari, rivojlanish istiqbollari bilan bog‘liq dolzarb ilmiy muammolarni tadqiq qilishdan ta’lim tizimining barcha bosqichlarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishning yangi va samarali metodlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etishgacha bo‘lgan keng qamrovli vazifalar ijrosini qamrab oladi.

Kompyuter lingvistikasi sohasini rivojlantirish, o‘zbek tilining axborot uslubini shakllantirish, ona tilimizda matnlarni avtomatik tahrirlash, mashina tarjimasi uchun mo‘ljallangan dasturlarni, kompyuter izohli va tarjima lug‘atlarini ishlab chiqish, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha elektron darsliklar, multimedia komplekslari, ingliz tilidagi IYeLTS, TOEFL tipidagi mukammal dastur tizimini yaratish singari hozirgi davr uchun dolzarb bo‘lgan ishlar ham yangi universitet jamoasi zimmasida turibdi.

Yana o‘qing:  Vatan tuyg‘usi

Yurtboshimizning ushbu farmoni ona tilimiz va adabiyotimiz rivoji uchun beqiyos ahamiyatga ega tarixiy qadam bo‘ldi. Uni hayotga tatbiq etishdagi vazifalar ichida eng muhimi har bir ishga vatanparvarlik, tarixi shonli, kelajagi buyuk xalqimizga, uning tili va adabiyotiga chuqur muhabbat tuyg‘usi bilan yondashmoq va yosh avlod qalbiga bu ruhni singdirmoqdir. Ona tilimiz va adabiyotimiz taqdiri uchun kuyunish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish nainki yangi universitet jamoasi, balki butun jamiyatimizning, har birimizning muqaddas burchimizdir.

 

Nurboy JABBOROV,

filologiya fanlari doktori, professor. O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: