Onalarning ishonchli yordamchisi
Ularning salbiy va ijobiy jihatlari haqida nimalarni bilamiz?
Hozirda jajji bolajonlarni ular uchun mo‘ljallangan tagliklarsiz tasavvur qilish qiyin. Hatto, peshtaxta va elektron bilbordlarda ham aynan takliklarga bag‘ishlangan reklama roliklari ko‘plab namoyish etilmoqda.
Ko‘chada sayr qilish yoki oilaviy poliklinikaga tibbiy ko‘rik uchun otlangan aksariyat onalar mazkur gigiyenik vositadan foydalanadi. Ammo tagliklarning ijobiy va salbiy xususiyatlari bilan bog‘liq bir qancha qarashlar borki, bu mazkur vositadan foydalanishda ayrim ota-onalarni hushyor bo‘lishga undaydi. Ya’ni, gigiyenik vositadan foydalanganda uning oltin me’yor qoidalariga amal qilish zaruriy shartlardan biri sanaladi. Shu xususda shifokor Nigora Rasulova bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Bolajonlar uchun taglik qanday tanlanadi, degan savol ko‘pchilik uy bekalarini qiziqtirishi, shubhasiz. Avvalo, yosh onalar taglikning o‘lchamiga jiddiy ahamiyat berishi lozim. Bu eng asosiy shartlardan biri hisoblanadi. Do‘konlarda go‘dakning tug‘ilganidan to ulg‘ayguniga qadar foydalanish mumkin bo‘lgan maxsus tagliklar mavjud. Endigina tug‘ilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan gigiyenik vosita qadog‘iga “Newborn”so‘zi yozib qo‘yiladi. Keyinchalik esa tagliklar tanlashda bolaning yoshi va vaznini aniq e’tiborga olish talab etiladi.
Ushbu vositaning ijobiy xususiyatlari to‘g‘risida ko‘plab fikr-mulohazalarni bildirish mumkin. Uning gigiyenik taraflama afzalligi, onalarga yaratayotgan qulayliklari barchaga ma’lum. Ammo undan to‘g‘ri foydalanmaslik salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, bolaning taglikda uzluksiz ravishda yurishi hamda go‘dak uchun gigiyenik vositaning o‘lchamini noto‘g‘ri tanlash salbiy oqibatlarga olib keladi. Odatda ayrim onalarning dangasaligi tufayli bola 3 yoshgacha tuvakka o‘rganmaydi. Sababi unda shartli refleks rivojlanmagan bo‘ladi. Agar bola o‘z vaqtida tuvakka o‘rgatilsa, taglikdan foydalanishga hech qanday zarurat qolmaydi. 7-8 oylikdan boshlab bolani sekin-astalik bilan tuvakka o‘rgatib borsa bo‘ladi. O‘g‘il bolalarni haddan ortiq issiq kiyintirish va buning ustiga doimo gigiyenik vositadan foydalanish, ularning moyaklarida ichki haroratning oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu esa zararlidir.
tagliklarga qo‘yiladigan yana bir qancha talablar mavjud bo‘lib, ulardan biri bolajon uni kiygach, terisi nafas olishi shart. Uni xarid qilayotganda tarkibida polietilen moddasi mavjud emasligiga e’tibor qarating. Go‘dakning bu kiyimi nafas o‘tkazishi, yumshoq va egiluvchan (elastik) va eng asosiysi allergiya qo‘zg‘amasligi lozim. Shuningdek, taglikning rezina bog‘ichi go‘dakning terisini siqib qo‘yishi kerak emas. U yetarli darajada elastik (egiluvchan) bo‘lishi lozim.
Odatda ko‘pchilik onalar tagliklarning mashhur firma tomonidan ishlab chiqarilganiga e’tibor berib, xatoga yo‘l qo‘yadilar. Yaqin kishingizning maslahati bilan tanlangan gigiyenik vositalar, uning go‘dagiga ijobiy ta’sir qilgan bo‘lishi, ammo bolajoningizning terisi bilan bog‘liq kasalliklarning vujudga kelishiga olib kelishi mumkin. Gigiyenik vositani qaysi firma va qayerda ishlab chiqarilgani, mahsulotning tarkibi va saqlanish muddati haqidagi ma’lumotni qadoqdan o‘qib olish kerak. Hatto, eng mashhur firmaning tagliklari ham allergiya qo‘zg‘ashi, bu bilan bolaning terisida jiddiy muammolar yuzaga keltirishi hech gap emas.
Shifokorlar tomonidan yuqoridagi muammolarning paydo bo‘lmasligi uchun bir qancha tavsiyalar beriladi:
– har gal ushbu vositadan foydalanilganda bolajonning terisi yaxshilab yuvilib, quritiladi va keyin yangi taglik kiydiriladi;
– kun davomida kamida 20-30 daqiqa bolaning terisi havo vannasida nafas olishi kerak. So‘ngra gigiyenik vosita qayta almashtirib kiydirilishi maqsadga muvofiqdir;
– go‘daklarning kiyimlarini yuvishda bolalar uchun mo‘ljallangan kir yuvish kukunidan foydalaning;
– chaqaloqning teri qavatlariga e’tiborli bo‘ling. Agarda qizarishlar, yallig‘lanishlar kuzatilsa, shifokor bilan maslahatlashing.
Bola tug‘ilganidan so‘ng birinchi 6 oylikkacha onaning salomatligi tiklangunicha tagliklardan me’yorida foydalanish har taraflama qulay hisoblanadi. Ammo ba’zida shu me’yorni unutgan “tejamkor” onalar faqatgina bir marta foydalanish mumkin bo‘lgan tagliklarni yuvib, uni yana qayta ishlatishadi. Natijada bolada teri qatlami va peshob yo‘llari bilan bog‘liq bo‘lgan jiddiy kasalliklar yuzaga kelishi, infeksiyalarning rivojlanib ketishi uchun zamin hozirlanadi. Buni onalar aslo yoddan ko‘tarmasliklari kerak.
Xona haroratining haddan ortiq isib ketganida tagliklardan foydalanish bola terisi uchun xatarli sanaladi. Ayniqsa, yozning chillasida kichkintoy terisi mazkur gigiyenik vosita sabab nafas olmaydi. Bunday paytlarda faqat kechki uyqu paytidagina tagliklardan foydalanish maqsadga muvofiq.