NEYROXIRURGLAR ANJUMANI
Andijonda spinal xirurgiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi, Andijon davlat tibbiyot instituti va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soha mutasaddilari, yurtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, ilmiy markazlar mutaxassislari, olimlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur anjumanda “Umurtqaning degenerativ kasalliklarini davolashning samarali yo‘llari”, “Umurtqa pog‘onasi va orqa miya o‘sma kasalligini davolashda innovatsion usullarni qo‘llash”singari 50 ga yaqin ma’ruza tinglandi. Mazkur yo‘nalishdagi kasalliklarni aniqlash hamda davolashda ilg‘or usul va tajribalarni qo‘llash hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir doirasida respublikamizdagi farmatsevtika kompaniyalari tomonidan tibbiy jihozlar, dori-darmon vositalari hamda neyroxirurgiya sohasiga oid qo‘llanma va adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
U. MAMARUSULOV,
Andijon viloyati