“Biz buyuk yurt farzandlarimiz!”

an’anaviy festivali mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan barcha hududlarda yuqori kayfiyatda o‘tkazilmoqda.

Yurtimizning olis hududlarida aholi, xususan, yosh o‘g‘il-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar kishini hayratga soladi.

Mamlakatimizda yoshlarni sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mustaqilligimizning 25 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” festivali ana shunday xayrli tadbirlardan biridir.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etilgan mazkur an’anaviy festivalda yoshlarni yurtimizda istiqlol yillarida amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar, demokratik o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish, bu jarayonlarga nisbatan daxldorlik va shukronalik tuyg‘usini shakllantirish, yoshlarni “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan asrash, ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga undash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda yoshlarning taklif va istaklarini inobatga olgan holda ushbu yirik tadbir dasturidan bir qator yangi loyihalar o‘rin oldi. Jumladan, “Bu mening Vatanim!” shiori ostida mamlakatimiz rahbarining “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” nomli kitobining mazmun-mohiyatini o‘rganishga qaratilgan taqdimotlar, “Marra bizniki!” loyihasi asosida mustaqillik marafoni o‘tkazilayapti. “Kichik filmdan katta kinoga”, “Talabalar teatr studiyalari”, “Vatanim – mening faxrim!”, “Yoshlar – jonli ijro tarafdori” kabi loyihalar doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda ham yoshlar katta qiziqish bilan ishtirok etmoqda.

Bu yilgi festival Surxondaryo viloyatida start oldi. Navqiron avlodni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ro‘y berayotgan yangilanish va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish, ular qalbida yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish orqali ijtimoiy faolligini yuksaltirish, yoshlarni “ommaviy madaniyat” va boshqa illatlar ta’siridan asrash maqsadida tashkil etilgan festival doirasidagi targ‘ibot tadbirlarida deputatlar, madaniyat hamda san’at namoyandalari, taniqli sportchilar, ijodkorlar, jamoatchilik vakillari, xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yoyib kelayotgan iqtidorli yoshlar qatnashdi.

Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan uyushtirilgan ushbu an’anaviy anjumanning birinchi kunida poytaxtdan tashrif buyurgan targ‘ibot guruhi a’zolari dastavval Qumqo‘rg‘on tumanida bo‘lishdi. Bu yerda tashkil etilgan “Siz sevgan qahramonlar”, “Kamolot” kutubxonasi” kabi loyihalar voha yoshlariga unutilmas onlarni taqdim etdi.

Yana o‘qing:  Yil quvonchlari

“Mehribonlik” uylari va maxsus maktab-internatlar, bolalar musiqa va san’at maktablari, sport majmualari hamda boshqa maskanlarda o‘tkazilgan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas”, “Nuroniylar e’zozimizda”, “Ommaviy madaniyat” va yoshlar ma’naviyati” singari tadbirlarda ham yoshlar faol ishtirok etdi.

– Shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘sib kelayotgan yosh avlodni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy-ma’naviy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, demokratik o‘zgarishlar bilan tanishtirish, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, ularni “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’sirlaridan asrash kabi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan festivalning mazmun-mohiyati yil sayin boyib bormoqda, – deydi “Kamolot” YOIH Markaziy kengashi bo‘lim mudiri Ma’mur Bayonov. – Uchrashuvlarda davlatimiz rahbarining “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobi, 2014 yil may oyida Samarqandda “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqining mazmun-mohiyati haqida navqiron avlod vakillari bilan muloqot qilindi.

Viloyatning barcha hududida o‘tkazilgan konsert dasturlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Poytaxtdan kelgan hamda viloyatning iste’dodli xonandalari ijrosidagi dilrabo kuy-qo‘shiqlar raqslarga ulandi.

Uch kun davomida uyushtirilgan yoshlar festivali doirasida targ‘ibot guruhlari tomonidan viloyatning Sho‘rchi, Oltinsoy, Uzun, Denov, Sariosiyo, Boysun, Qiziriq, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on, Angor, Sherobod, Termiz tumanlari va Termiz shahrida ham o‘g‘il-qizlar bilan dildan suhbatlar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

“Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” yoshlar festivali Termiz shahridagi “Surxon” sport majmuida tashkil etilgan gala-konsert bilan nihoyasiga yetdi. Ushbu tadbirda surxondaryolik bir guruh faol yoshlarga qator nominatsiyalar bo‘yicha “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi hamda viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.

28-29-30 mart kunlari esa festival Qashqadaryo viloyatida davom etdi. Qarshi shahri va barcha tumanlarda qator tadbirlar uyushtirildi. Xususan, “Siz sevgan qahramonlar”, “Zamonamiz qahramonlari” mavzusida taniqli yozuvchi, shoir va adiblar, kino va teatr aktyorlari hamda el ardog‘idagi estrada xonandalari bilan uchrashuvlar, “Deputat va yoshlar” mavzusida davra suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek, yoshlarda “ommaviy madaniyat” g‘oyalariga qarshi immunitetni shakllantirish, uning asl mohiyatini, kelib chiqishini ularga tushuntirish ko‘zda tutilgan “Ommaviy madaniyat” va yoshlar ma’naviyati” loyihasi, urush qatnashchilari, mehnat faxriylari va yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularning uy yumushlariga ko‘maklashish uchun ishlab chiqilgan “Nuroniylar e’zozimizda” loyihasi, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida o‘tkazilayotgan “Vijdonli sotuvchi” aksiyalari barchaga birdek manzur bo‘lmoqda.

Yana o‘qing:  Sokin zamin osuda hayot kafolatidir

– Loyiha doirasida viloyatning ko‘pgina qishloqlariga safar qildik, yoshlar bilan suhbatlashdik. Yurtimizning olis hududlarida aholi, xususan, yosh o‘g‘il-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar kishini hayratga soladi, – deydi “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Sa’dulla Badalov. – Istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari, zamonaviy ko‘rinishdagi maktabu kollejlar xalqimizning buyuk bunyodkorlik qudratidan dalolat berib turibdi. Albatta, bunday imkoniyatlarga javoban yoshlar ham bor kuch-g‘ayratini yurt rivoji, Vatan taraqqiyoti yo‘lida safarbar etishi, shubhasiz. Qarshi shahridagi “Nasaf” markaziy o‘yingohida esa katta gala konsert tashkil etildi. Unda elimizning suyukli san’atkorlari, iqtidorli yoshlar ishtirok etishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan festival Ellikqal’a, Chimboy, Qo‘ng‘irot va Nukus shaharlarida o‘tkazildi. Festivalda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, taniqli san’at va madaniyat arboblari, “Kamolot” YOIH vakillaridan iborat targ‘ibot guruhlari ishtirok etdi.

Ellikqal’a San’at saroyida tashkil qilingan amaliy va badiiy ko‘rgazmalar namoyishidan so‘ng targ‘ibot guruhi “Siz sevgan qaxramonlar” loyihasida qatnashdi. Ellikqal’aga tashrif buyurgan targ‘ibot guruhida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktyori Odilbek Xaqberdiyev, yosh iste’dod sohiblari Jenisbek Piyazov, “Durdona” guruhi vakillari ishtirok etdi. Qolaversa, festival doirasida Bo‘ston shahridagi amfiteatrda gala konsert tashkillashtirildi.

Mustaqilligimizning 25 yilligi oldidan “Biz buyuk yurt yurt farzandlarimiz” an’anaviy festivali, shuningdek, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlarda mamlakatimizdagi har bir yosh qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: