Malhamning a’losi aloe
Bu o‘simlik deyarli barcha xonadonlarda o‘stiriladi. Aloe haqidagi ilk ma’lumotlar eramizdan 2000 yil avvalgi qadimgi manbalarda qayd etilgan bo‘lib, uning foydali xususiyatlari juda ko‘p.
Jumladan, uzoq umr ko‘rish eliksiri tarkibida aloe barglaridan olinadigan sharbat ishlatilgan.
U shifobaxsh darmondorilar (ayniqsa, S vitamini)ga boy. Shuningdek, hazm qilish tizimi uchun o‘ta zarur fermentlar, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar, gripp va boshqa yuqumli kasalliklar viruslarini nobud qiluvchi fitonsidlar va qon hosil bo‘lishiga ijobiy ta’sir etuvchi temir, mis, kobalt kabi mikroelementlariga boy. Aloe tarkibida oltingugurt, salitsil kislota, fenol, lupeol kabi tabiiy antiseptik moddalar ham mavjud. Ular yallig‘lanishga qarshi hamda og‘riqsizlantiruvchi ta’sirga ega.
Aloe qo‘shilgan dorilar yallig‘lanishning oldini olib, yaraning tez bitishiga yordam beradi. Tarkibidagi xolesterin, kamfesterin, V-simtosterin moddalari terining zararlangan qavatini tez tiklanishiga ko‘maklashadi. Ayniqsa, aloe yiringli infeksiyalarni davolashda juda qo‘l keladi. Shunga ko‘ra shifokorlar kuyish, yiringli va bitishi qiyin bo‘lgan trofik yaralar, flegmona, abssess, teriga chipqon chiqishi kabi holatlarda aloe vositalarini qo‘llaydilar.
Bundan tashqari ushbu shifobaxsh giyoh ovqat hazm qilishni yaxshilaydi. Me’da-ichak faoliyatini kuchaytirib, o‘t haydovchi va bo‘shashtiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu o‘simlikdan me’da shirasining nordonligi oshib ketishi sababli yuzaga keladigan “jig‘ildon qaynashi”, ichak kasalliklari, qandli diabet, bod, genital gerpes, psoriaz kabi kasalliklarni davolashda foydalaniladi.
Gulnoza PARMONOVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji o‘qituvchisi