SOG‘LOM BOLA – MILLAT TAYANChI
Yurtimizda yosh avlodni har jihatdan sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, 2016 yilni “Sog‘lom ona va bola yili” deb nomlanishida ham ana shu ezgu maqsadlar mushtarakligini ko‘ramiz.
Bugunga kelib, “Sog‘lom ona va bola yili”Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini to‘liq ta’minlash maqsadida yurtimizda faoliyat yuritayotgan vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlari qator ezgu ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan mamlakatimizda sog‘lom oilani shakllantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida 505 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “Salomatlik burchaklari” tashkil etildi.
Qolaversa, 2016 yilning ilk choragida yurtimiz mahallalarida “Reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish”, “Sog‘lom onalik va rivojlanishning tug‘ma anomaliyalari profilaktikasi”, “Sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik”, “Bolalar orasida kasalliklar profilaktikasi” mavzularida ko‘plab tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazilib, unga 10 mingdan ziyod aholi jalb etildi.
Jumladan, joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi “Umid”, “Paxta”, K. G‘ofurov, Uchtepa tumanidagi “Jarbuloq”, “Ibrat”, “Zulfizar”, “Jurjoniy”, “Davlatobod” va Yunusobod tumanidagi “Shahriston” mahallalarida “Sog‘lom onalik va rivojlanishning tug‘ma anomaliyalari profilaktikasi” mavzusida mutaxassislar bilan davra suhbatlari o‘tkazildi.
Unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod o‘rtasida yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni, o‘zaro hurmat va oliyjanoblikni qaror toptirish, milliy va umumbashariy an’analarni mustahkamlash maqsadida mahallalardagi “Orasta qizlar” to‘garaklarida ham bir qator amalga oshirilmoqda. Xususan, “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi”, “12 yillik majburiy ta’lim – biz qizlar uchun o‘ta zarur va muhim”, “Qizlar salomatligini mustahkamlash” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi.
Mahallalarda “O‘quvchi qizlar o‘rtasida mobil telefonlardan foydalanish madaniyati”, “Zararli odatlarsiz hayot va giyohvand moddalarsiz sog‘lom turmush tarzi” mavzularida targ‘ibot tadbirlarida asosiy e’tibor ana shunga qaratilgani bejiz emas. Shuningdek, mahallalarda aholining ko‘makka muhtoj qatlamlari vakillari farzandlarini, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarini, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Muxtasar qilib aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar tinchlik, osoyishtalik va farovonlikni yanada mustahkamlashning muhim sharti sifatida oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni, xususan, o‘zaro hurmat-ehtirom, er-xotin, ota-onalar bilan farzandlar, qaynona-kelin, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida mehr-oqibat ruhini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Yurtimizda ana shunday ezgu ishlar hamisha bardavom bo‘lsin!
Charos XUSHVAQTOVA