UMRNING QIYMATI

Ra’no opa telefon go‘shagini olib, ko‘ngilga yaqin, yod bo‘lib ketgan raqamlarni terdi. Oraliqda uzun chaqiruv. Narigi tomondan javob bo‘lavermagach, “Muncha hayalladi ekan, tinchmikan ishqilib?”, deya o‘yladi.

Birozdan so‘ng javob bo‘ldi:

– Labbay, eshitaman!

– To‘lqinjon, bolam! Omonmisan? Ishlaring yaxshimi?

– Shukr onajon, hammasi joyida. O‘zingiz yaxshimisiz? Dadam, ukam, jiyanlar sog‘-omonmilar.

– Yaxshi. Shukr. Qachon kelasiz?

– Nasib etsa, erta-indin o‘tarmiz.

– Mayli, tinch bo‘lsang, bo‘lgani. O‘zingni ehtiyot qil. Omon bo‘l!

– Xo‘p bo‘ladi, oyijon. Siz ham o‘zingizni asrang.

Ra’no opa go‘shakni qo‘yarkan, so‘nggi paytlarda o‘g‘liga avvalgidek tez-tez qo‘ng‘iroq qilmay qo‘yganini payqadi. U bu haqda o‘ylarkan, “Hayotning sinovi qiziq-da, ona farzandi atrofida ming aylanib, ming o‘rgilib, uni turli baloyu qazolardan ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylamasin, qismatning bitgan yozig‘i oldida ixtiyorsiz, chorasiz qolar ekan”, deya ko‘nglidan o‘tkazdi. Afsuski, bir umrga xotirasida muhrlanib qolgan o‘sha mash’um kun ko‘z o‘ngida gavdalandi…

…To‘y kuni. Mehmonlarning keldi-kettisi uzilmaydi. Ra’noxon singlisining nikoh to‘yida bosh-qosh. Hali sarpolarni taxlagan, hali mehmonlarni kutib olgan. Yumushlardan ortgan ona ko‘nglida qandaydir hadik bilan mahalla-ko‘yni to‘ldirib, “qiy-chuv” solgan bolalar orasidan farzandi – To‘lqinjonni izlay boshladi. O‘z dunyosi bilan aka-opalarining o‘yinini bir chetda beozorgina kuzatib o‘tirgan bolasini ko‘rib, ko‘nglidagi xavotiri biroz arigandek bo‘ldi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, to‘yxonada “Ko‘chada o‘ynab yurgan bolalardan biri yiqilib tushibdi”, “Boshi bilan yerga urilibdi”, degan shumxabar tarqaldi. O‘sha bola uch yoshli To‘lqinjon edi.

Farzandining ahvolini ko‘rib, ona o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Mushkul bo‘lsa-da, ko‘nglini cho‘ktirmaslikka harakat qildi. Shifokorlar “Kuchli zarbdan bolaning bosh qismida o‘simta paydo bo‘lib, ko‘zga qarab o‘sib borayapti. Zudlik bilan operatsiya qilish kerak”, deganda ham irodasini bukmadi. U bolasining hayoti uchun ham kuchli bo‘lmog‘i lozimligini bilardi.

Achchiq qismat jajji To‘lqinjonning munchoqdek ko‘zlaridan yorug‘ dunyoni ko‘rishdek baxtni yulib oldi. Onaizor dilbandining qo‘llaridan tutgancha uni hayotga, yashashga yetakladi. Yaratgan nuridiydasiga ham atab qo‘ygan baxti borligini dildan his etardi…

…Ko‘zi ojizlar maktab internatini muvaffaqiyatli tamomlagan To‘lqinjon O‘zbekiston davlat San’at va madaniyat instituti (sobiq Toshkent davlat madaniyat instituti)ning Xalq musiqasi fakultetida tahsil oldi. Mumtoz navolarni dildan o‘rgandi, o‘z ustida ishlab, mahoratini oshirdi. Oliygohda o‘qib yurgan yillari ustozi Orolmirza Safarovning nazariga tushib, u kishidan professional kuy ijrosi borasida yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar oldi. To‘lqinjon shu haqda o‘ylarkan, maktab-internatida musiqa yo‘nalishida – Rixsivoy aka Zokirov, Nikolay Bonderevlarning “Qo‘llaringni mana bunday tut. Torni qattiq ushlama, harakatda shoshmagin, fikringni bir yerga jamlasang, kuy ravon va tiniq chiqadi”, degan o‘gitlarini eslaydi. Shunda u o‘z kasbiga fidoyi ustozlarining umri, uning siymosida yashayotganini his etdi.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

Qahramonimiz o‘z umrining mazmunini shogirdlari siymosida, ijodida va qo‘lga kiritgan yutuqlarida ko‘rgisi keldi. Oliygohni tamomlagach, ustozlik yo‘lini tanladi.

Taqdir hech bir insonning qismatiga “baxtsiz” deya bitib qo‘ymaydi. Unga o‘zining atab qo‘ygan inoyatlari ham bor. Ammo “baxt qasri”ni kishining o‘zi bunyod etadi. To‘lqinjondagi kuchli zehn, o‘tkir qobiliyat, mustahkam iroda va yaxshilikka intiluvchanlik ana shu tuhfalardandir. U o‘z baxtini mehribon ota-onasi, yoru birodarlarida ko‘radi. Saboq berib kelayotgan o‘quvchilari orasida iste’dodlilari talaygina. Ayniqsa To‘lqin akaning 5-sinfda tahsil olayotgan Umidjon degan o‘quvchisidan umidi katta. Yana uning baxti “Assalomu alaykum, dadasi, yaxshi keldingizmi”, degan hayotbaxsh so‘zlarda deb biladi.

Shahnoza guldek hunari bilan maktab-internatida faoliyat yuritayotgan kezlari To‘lqinjon ham o‘quvchilarga saboq berardi. Tanishuv, dildan suhbatlar ko‘ngillarni bir-biriga bog‘ladi. Uzoq-yaqinlarning ta’na dashnomlariga Gulnora opaning “Umr yo‘llaringizni o‘zingiz belgilaysiz. Qizim bu xonadonga ko‘z yoshing oqib kelmasa bo‘lgani”, deya bergan oq fotihasi nuqta qo‘ydi. To‘rt o‘g‘ilning sog‘lom va durkun bo‘lib kamol topishi, qurilgan oilaning poydevori mustahkam ekanidan dalolatdir.

To‘lqinjon dunyoni keng ko‘ngliga jo eta oldi. Taqdir uni oilada ota, turmush o‘rtoq sifatida o‘z vazifa va burchini sidqidildan ado etish imkonini berdi. Bobosi Abror ota o‘rgatib ketgan payvandlash, simlarni ulash, maishiy texnika jihozlarini sozlash kabi yigit kishi qiladigan hunari bilan ro‘zg‘orining kamu ko‘stini butlab turibdi. Farzandlari oldida ojiz qolmasdan ota sifatida ularga o‘rgatadigan hunari bor. To‘lqinjon bu haqda o‘ylar ekan, ota-onasining hayotida tutgan o‘rnini nechog‘lik muhim va qadrli bo‘lganini anglaydi. Yodida, bolaligida onasiga “Meni shifokorga olib borsangiz, ehtimol davolashar”, deganida onaizori uni bag‘riga bosib, “Bolam, sen irodali va kuchlisan. Hayotda ko‘zlari ko‘rmay turib, ko‘plab ezgu ishlarni amalga oshirgan buyuk insonlar o‘tgan. Sen taqdir sinovlariga bo‘yin egmasdan ularning yo‘lini tanla”, degan o‘gitlari qulog‘ining ostida hali-hanuz jaranglaydi.

Umrning chinakam mazmuni hayotda kimgadir kerakligingni his qilib yashashdadir. To‘lqinjonning baxti mehribon ota-onasi, sadoqatli ayoli Shahnozaxon, Ibrohim, Ismoil, Hasan-Husan o‘g‘illari, uka-singillari, iste’dodli shogirdlarining qurshovida ekanligidadir. Yaqinda o‘g‘li Ismoiljon ushu sport turi bo‘yicha chempionlik medalini olib kelganida quvonchi dunyolarga sig‘madi. O‘tayotgan umriga achinmadi. Demakki, uning hayoti davom etadi…

Yana o‘qing:  Xorij tajribasini o‘rganish faoliyatimizni yangi bosqichga ko‘taradi

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: