OILA MUSTAHKAMLIGIDA MAHALLANING O‘RNI
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan oilalarni mustahkamlash, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, sog‘lom ona va bola g‘oyasini amalga oshirishda mahallaning o‘rniga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Joriy yilning birinchi choragida mazkur jamoat tashkilotining joylardagi tuzilmalari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohning salbiy oqibatlari, oilaviy ajrimlarning oldini olish, nikohlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari tashkil etildi.
“Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi doirasida ta’lim maskanlarida o‘qitish sifatini o‘rganish, tahlil etish, tarbiyasi murakkab o‘quvchilarning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borish yuzasidan doimiy chora-tadbirlar olib borilmoqda. Diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar tomonidan oilalar muntazam tarzda o‘rganilib, turli nizoli vaziyatlarning oldi olinmoqda.
“Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi doirasida aholining ehtiyojmand, kam ta’minlangan qatlamlari vakillari, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilariga moddiy, ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. O‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan o‘tkazilayotgan “E’zoz”, “Ehtirom” kabi ma’rifiy tadbirlar yoshlarda tabarruk onaxon va otaxonlarga, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmatni tobora kuchaytirish, ularda mehnatsevarlik, halollik, fidoyilik fazilatlarini mustahkam qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.
Charos XUSHVAQTOVA