QO‘RG‘ON MUSTAHKAM, DEMAK BAXT BUNYOD
Jamiyat oila bilan barqarordir. Qadim-qadimdan mustahkam va farovon oilalar qat’iy bir tizimda rivojlanib kelayotgan davlatlarni belgilab berishgan. Aynan shunday oilalarda kamol topgan farzandlar esa nurli kelajakning bunyodkorlari hisoblanadi. Shuningdek, hozirgi kunda ham har birimiz uchun oila bu bexatar va xotirjam maskandir.
Oila jamuljam bo‘lgan vaziyatni bir tasavvur qilib ko‘ring. Dasturxon atrofida o‘tirib, ota-ona farzandlari bilan kun qanday o‘tganligi haqida suhbatlashishmoqda. Bolalar maktabda nima bo‘lganini hayajon bilan aytib berishmoqda. Bu esa oilaning har bir a’zosi uchun ertangi kunga nisbatan umidni, ko‘tarinkilikni paydo qiladi. Darhaqiqat, shu kabi milliy qadriyatlar va an’analar, odamlardagi barcha insoniy fazilatlar avvalo oilada shakllanib kamolga yetadi. Shuning uchun jamiyatimizda oila mavqei va mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi dolzarb masalalarni ilmiy yo‘nalishda muvofiqlashtirish esa hozirda davlatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Bunda esa ayniqasa, 1998 yil tashkil etilgan “Oila” ilmiy-amaliy markazining bu boradagi faoliyati diqqatga sazovor.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish borasida yil sayin muhim samarali o‘zgarishlar amalga oshirilyapti.
O‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan Davlat dasturlarining aksariyat qismi oilada va jamiyatda ona va bola sog‘lig‘ini saqlashga, ularni har jihatdan ardoqlash, muhofaza qilishga qaratilganligi bilan alohida e’tiborga sazovor. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, har yili yurtimizda 160-170 mingdan ziyod nikoh qayd etiladi. Bu esa, har ming nafar aholiga 6, 8 tadan yangi oila to‘g‘ri keladi, degani.
O‘tgan vaqt ichida, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi o‘zbek oilasi oldida turgan dolzarb masala va muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etishning mexanizmlarini, samarali ta’sir ko‘rsatishga doir yo‘l-yo‘riqlar, taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanib keldi.
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi oilashunos olimlarining o‘z tadqiqotlari natijasi va xulosalarini, oilalardagi muammolarni bartaraf etish borasidagi taklif va tavsiyalarni mutasaddi tashkilotlarga taqdim etish bilan bir qatorda, oilashunoslikka taalluqli bilim va ko‘nikmalarning har bir oilaga, har bir ota-onaga yetib borishi uchun astoydil harakat qiladilar.
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘tgan yilda 23 ta ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar chop etildi. Ular yurtimiz oilalari hayotini barqarorlashtirish, ma’naviy hayotini boyitish: huquqiy, tibbiy madaniyatini yuksaltirish; psixologik, iqtisodiy bilimlarini oshirishga qaratilgan. Qo‘llanmalar vositasida ota-onalarga farzand tarbiyasiday mas’uliyatli ishda uslubiy yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Mutaxassislarning samarali mehnati natijasi o‘laroq yuzaga kelgan “Oila ensiklopediyasi” Markaz faoliyatining jiddiy yutug‘i bo‘ldi. Nashr etilgan ushbu qomus, risola va qo‘llanmalar, “Oilaviy ta’lim: nazariya va amaliyot” singari monografiyalar ota-onalar uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Oila” markazi tavsiyasi va bevosita tashabbusi bilan korxona va tashkilotlarda, maktab va muassasalarda, mahalla va turar joylarda muntazam faoliyat ko‘rsatadigan o‘quv kurslar, jamoatchi mutaxassislar maslahatxonalari, mahallalarda “Ota-onalar universitetlari”, imkoniyati cheklangan farzandi bor ota-onalar tibbiy savodxonligini oshirishga qaratilgan “Yakshanba maktabi”, FHDYolar qoshida nikohga kirayotgan yoshlar uchun “Oila dorilfununi”, shuningdek “Alla uyi” madaniy-ma’rifiy markazi kabilarning tashkil etilgani yaxshi samara bermoqda. Ommaviy axborot vositalari orqali maqsadli chiqishlar tashkil etilib, bugungi kun oilasida mavjud bo‘lgan u yoki bu muammo yuzasidan malakali mutaxassislar fikrini ommaga yetkazishga harakat qilinmoqda.
Joriy yilda Markazning ilmiy xodimlari an’anaga ko‘ra, respublikamizning turli tashkilot va idoralarida, viloyatlarning shahar va qishloqlarida keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazdilar.
Hafiza MAMADALIYEVA,
iqtisod fanlari nomzodi